AQSHning etakchi qurilish kompaniyalari  va ilmiy-tahliliy institutlari vakillari fikri: Oʻzbekistonda urbanizatsiya jarayonlari jadal rivojlanmoqda

0
611
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  2019 yil 10 yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida mutlaqo yangi uy-joy siyosatini amalga oshirish asosida urbanizatsiya jarayonlarida aholi ehtiyojlarini qanoatlantirish, shaharlar barpo etishda ilgʻor mamlakatlarning tajribasidan foydalanish, aholini shaharlarga erkin koʻchishi uchun shart-sharoit yaratish, shuningdek, yer uchastkasidan foydalanishda bozor mexanizmlarini joriy etish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar yoʻnalishlarini koʻrsatib berdi.

Shuningdek, mazkur hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida tashkil etiladigan yangi agentlik amalga oshiradigan qator vazifalar ham belgilab berildi.

Urbanizatsiya jarayoni nima oʻzi? Ayni kunda butun dunyoda insoniyat misli koʻrilmagan surʼatlarda urbanizatsiya jarayoniga yuzma yuz kelmoqda. Urbanizatsiya deganda, shaharlar rolining ortishi, qishloq aholisining shaharlarga koʻchishi (migratsiyasi), qishloq aholi punktlarining shaharchalarga aylantirilishi, aholi turmushi va farovonligini oshirishga qaratilgan uzluksiz jarayon tushuniladi.

Urbanizatsiyaning asl sababi texnika rivojlangan sari qishloq xoʻjaligi tarmogʻi kamroq mehnat talab qilayotgani, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarining shaharlarda rivojlanayotgani bilan bogʻliq.  Ana shunday murakkab jarayonda aholini himoya qiladigan  kuchli ijtimoiy siyosat zarur. Farmon esa ana shu talabga labbay deb javob beradigan hujjat desak arziydi. Buni xorijlik olimlar, mutaxassislar ham tan olmoqda.

Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi vakili A.Burxonovning maʼlumotiga koʻra, AQSH poytaxti Vashingtondagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, Markaziy Osiyo davlatlarining zamonaviy tarixi va siyosati masalalari boʻyicha eksperti, professor Frederik Starr hamda AQSHning yetakchi va yirik arxitektura va dizayn kompaniyalaridan biri –  «Calatrava Grace» korporatsiyasining  Bosh ijrochi direktori Maykl Sellman Prezident Sh.Mirziyoyevning ushbu farmonining ahamiyati haqida ijobiy fikr bildirganlar.

Frederik Starr, Vashingtondagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, professor

«Calatrava Grace» korporatsiyasi 2018 yilda Oʻzbekiston bozoriga  kirib keldi. Hozir Navoiy va Samarqand viloyatlarida  innovatsion usullarda qulay uy-joy qurish boʻyicha loyihalarda ishtirok etmoqda. Loyihalar doirasida kompaniya bilan hamkorlikda «Navoiy» erkin iqtisodiy hududida modulli qurilmalarni ishlab chiqarish boʻyicha zavod ishga tushirilishi ham rejalashtirilgan.

M.Sellman va F.Starrlarning aytishicha, mamlakat rahbariyatining strategik investitsion loyihalarni urbanizatsiya jarayonlarini hisobga olgan holda olib borayotgani juda oqilona siyosat boʻlib, bu aholining farovonligini oshirish va barqaror rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Maykl Sellman, «Calatrava Grace» korporatsiyasining Bosh ijrochi direktori

Mamlakatning aholi jon boshi daromad darajasi oshishi va iqtisodiy jihatdan rivojlanishi, tugʻilish koʻrsatkichi oʻsishi, ilm-fan rivojlanishi, tezkor va qulay transport infratuzilmasi yoʻlga qoʻyilishi, maʼmuriy boshqaruv tartib-qoidalarini soddalashtirilishi asosida aholining qishloqlardan shaharlarga erkin  koʻchishi uchun shart-sharoitlar yaratish urbanizatsiya jarayonlarini kuchaytiruvchi asosiy omillar hisoblanib, Oʻzbekistonda mazkur omillarning barchasi mavjud. Ana shu nuqtai nazardan, ekspertlarning fikricha, Oʻzbekiston jadal rivojlanayotgan davlat sifatida yaqin orada yuqori darajada urbanizatsiyalashgan mamlakatlar qatoriga kiradi.

Mutaxassislarning prognoziga koʻra, 2030 yilga kelib, Oʻzbekistonning shahar aholisi 36 millionga (yoki hozirgi kunga nisbatan 19 millionga koʻp) yetishi mumkin. Toshkent shahri aholisi soni esa 12,125 million, boshqa shaharlar aholisi esa 23,94 million kishiga yetadi. Bu esa mamlakatda bugun mavjud boʻlgan uy-joy yetishmovchiligi muammosini keskinlashtiradi. Boz ustiga mamlakatdagi mavjud boʻlgan aksariyati sovet davrida qurilgan uy-joylar, binolar “xavfsizlik va  sifat  jihatdan yuqori standartlarga javob bermaydi. Bu esa aholining yangi-uy joylar sotib olishga boʻlgan ehtiyojini yanada oshiradi.

 “Aholini uy-joy bilan taʼminlashdagi eng muhim jihatlardan biri bu – sovet davriga xos boʻlgan barchaga bir xil shakldagi dizayn va texnologiya emas, balki aholining imkoniyat va ehtiyojlariga mos ravishda qurilgan turar joylar bilan taʼminlashdir. Bunda xalqning asrlar davomida shakllangan oʻziga xos ijtimoiy va madaniy turmush tarzi ham hisobga olinishi zarur. Yangi qurilajak uylar, asosiysi, qulay, sifatli va choʻntakbop boʻlishi zarur”, — deydi ekspertlar.

Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatning rivojlangan mamlakatlar qatoriga kirishiga koʻmaklashuvchi qator siyosatlar olib bordi. Oʻtgan yilning oʻzida prezident oʻnlab erkin iqtisodiy zonalar va koʻplab sanoat hududlarini tashkil etishga, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikka toʻsqinlik qilishni bartaraf etishga qaratilgan bir qator dasturlar qabul qildi. Sellman va Starrning soʻzlariga koʻra, hukumatning qishloq joylarda turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlari, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohatlar, mamlakatda urbanizatsiya jarayonlarini aholining ehtiyojini hisobga olib, uning himoyasini yanada kuchaytiradi. Mutaxassislarning fikricha, islohatlar ana shu suratda olib borilsa, mamlakat shubhasiz yaqin oʻn yillikda taraqqiyotning yuqori natijalariga erishadi.

Oydin Sadullayeva tayyorladi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.