AQSHning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyumning Xorazmga tashrifi 

0
328
marta koʻrilgan.

Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum Xorazm viloyati hokimi Farxod Ermanov bilan uchrashdi. Viloyat hokimi elchi janoblariga Xorazm viloyatining boy va betakror tarixi, mavjud iqtisodiy salohiyati, tashqi savdo aylanmasi, sanoati, transport infratuzilmasi, turizm, qishloq xoʻjaligi,   xorijiy investitsiya, ijtimoiy va madaniy-gumanitar sohalari bilan tanishtirib, Xorazm zamini dunyo ilm – fani taraqqiyotida oʻz oʻrniga ega boʻlgan Muhammad Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Zamaxshariy kabi koʻplab buyuk olim va mutafakkirlar yurti ekanini aytib oʻtdi. 

Uchrashuv davomida viloyati hokimi tomonidan Amerika kompaniyalarining elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyosanoat va boshqa shu kabi sohalardagi tajribasini yuqori baholagan holda, Amerikalik hamkorlarga ushbu yoʻnalishlardagi loyihalarga xorijiy investitsiyalar jalb qilish, Xorazmdagi Oliy oʻquv yurtlari va Amerikaning yetakchi Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, Amerikaning turizm sohasidagi boy tajribasi yordamida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, xususan Xorazm viloyatida Amerikadagi taniqli mehmonxonalar tarmoqlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi.

– Men Xorazm viloyatiga birinchi marotaba kelishim va bundan juda xursandman. Xorazm vohasi xaqida koʻp eshitganman, oʻziga xos madaniyati, anʼanalari, sanʼati, boy tarixiga va jahon fani taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlariga egaligini bilaman. Hokim janoblari hamkorlikda ishlash yuzasidan bir qancha takliflarni bildirdilar, xususan, Oʻzbekiston va Amerika davlatlari oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va sanoat sohasidagi hamkorlik viloyatning iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Biz bu taklifni koʻrib chiqamiz. Amerikalik investorlarga hamma maʼlumotlarni yetkazishda qoʻlimizdan kelganicha harakat qilamiz va ularni ragʻbatlantiramiz. Bundan tashqari, bizda hukumat dasturlari bor xususan, USAID orqali bu yoʻnalishlardagi hamkorliklar uchun grantlar ajratish, texnik koʻmak koʻrsatishda barcha imkoniyatlarni qoʻllaymiz. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taʼlim sohasida olib borayotgan islohotlarini AQSH qoʻllab-quvvatlaydi va shu yoʻnalishda oʻqituvchilarni malakasini oshirishga, oʻquv dasturlarini mukammalashtirishga yordam beradi» – deb taʼkidladi Deniyel Rozenblyum/

Rasmiy doiradagi uchrashuvdan soʻng mehmonlar  Oʻzbekistondagi eng yirik masjidlardan biri boʻlgan Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidiga tashrif buyurishdi.  

Umumiy maydoni uch yarim gektarni egallagan masjid majmuasida namozxonlar uchun zarur boʻlgan barcha shart–sharoitlar yaratilgan, uch yarim ming kishiga moʻljallangan yozgi ayvon, qabulxona va avtoturargoh tashkil qilingan. Masjid chorburchak shaklida boʻlib, uning qishki namozxonasi tepasida mahobatli gumbaz, uning yonida balandligi qirq besh metr boʻlgan minora ham bor. Janob Deniyel Rozenblyum «Oxun bobo» jome masjidiga tashrifi davomida xalqning milliy anʼana va qadriyatlarini asrab-avaylash, eʼtiqod va vijdon erkinligi borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shu kuni Xiva tumani hokimi Sabir Jumaniyazov oʻrtasida rasmiy doiradagi uchrashuv boʻlib oʻtdi.  Xiva shahri hokimi viloyatning turizm salohiyatiga toʻxtaldi. Xorijiy sayyohlarning aksariyatini yevropaliklar (73,0%) va sharqiy osiyoliklar (18,0%) tashkil qilishini taʼkidladi. Shuningdek, Amerika Qoʻshma Shtatlaridan viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni yildan yilga ortib borayotgani, jumladan 2017 yilda 1300, 2018 yilda 2400,  2019 yilning 9 oyida 6900 dan ortiq amerikalik sayyohlar tashrif buyurishgani va ushbu koʻrsatkich yil yakuniga qadar 7500 dan ortishi kutilayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan koʻpgina imtiyoz va preferensiyalar haqida axborotlar berildi.

Janob Deniyel Rozenblyum Xorazmda turizm va sanoatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyati katta ekanligini va bu borada endilikda AQSH elchixonasi hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanligini taʼkidladi.

Uchrashuvdan soʻng martabali mehmonlar “Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasiga tashrif buyurishdi. Davlat muzey qoʻriqxonasidagi tarixiy obidalar, yaʼni Ota Darvoza, Kalta Minor, Muhammad Aminxon madrasasi, Koʻxna Ark, Sayid Alovuddin maqbarasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Shergʻozixon madrasasi, Juma masjidi, Toshhovli va Xon xarami kabi yodgorliklarning tarixi bilan yaqindan tanishdi.

Amerika Qoʻshma Shtatlari madaniy meros dasturi boʻyicha “Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasiga Toshhovli saroyini taʼmirlash va madaniy meros obyektini qayta rekonstruksiya qilish maqsadida 150 ming dollarlik AQSH davlat granti ajratgan edi. Shuning uchun mehmon Toshhovlini alohida koʻzdan kechirdi. Va Xiva shahridagi «Nurullaboy» turistik majmuasi boʻylab sayohat qildi.

Janob Deniyel Rozenblyum tashrifining ikkinchi kuni Xorazm Maʼmun akademiyasiga tashrif buyurdi. Akademiyaning tarixi, hozirgi vaqtda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlari va kelajakdagi rejalari bilan tanishdi. “Xorazm tarixi va madaniyati” doimiy ekspozitsiyasini tomosha qildi.

Elchi Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi, amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar xususida markazning masʼul xodimlari bilan suhbatlashdi. 

Shuningdek elchi, markazning milliy hunarmandchilik oʻquv kursi asosida tashkil etilgan “Urganch milliy tikuvchilik” oilaviy korxonasida boʻlib, imkoniyati cheklangan ayollarni ish bilan taʼminlanish borasidagi faoliyati bilan tanishdi.

Muloqot davomida elchi AQSH elchixonasi tomonidan Oʻzbekistonda xotin-qizlarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish boʻyicha ajratiladigan grant mablagʻlari, ayniqsa, imkoniyati cheklangan xotin-qizlarning bandligini taʼminlash boʻyicha loyihalarda qatnashish xususida oʻz tavsiyalarini berdi. 

Xorazmdagi Oliy oʻquv yurtlari va Amerikaning yetakchi Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashinuvni yoʻlga qoʻyish maqsadida Urganch davlat universiteti rektor va oʻqituvchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha muzokaralar olib borildi. Ingliz tili fani oʻqituvchilarining  metodikasi bilan tanishdi. «Umuman taʼlim sohasida hamkorligimizdan juda mamnunman. Bu dastur Oʻzbekiston hukumati tomonidan tizimli takomillashtirishga qaratilgan saʼy harakatlar dalilidir» — deb taʼkidladi Deniyel Rozenblyum.

Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.