BMTTDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi xabar berishicha, 13-14 may kunlari BMT Taraqqiyot dasturi maʼmuri yordamchisi, BMTTDning Yevropa va MDH mamlakatlari boʻyicha Mintaqaviy direktori Miryana Spolyarich Egger xonim muhim milliy hamkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish va milliy rivojlanish ustuvorliklarini, shu jumladan, 2030 yilgi davrgacha boʻlgan Kun tartibini amalga oshirish borasida BMTTDning hissasini muhokama qilish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyuradi.
BMTTD Oʻzbekistondagi oʻz faoliyatini 1993 yildan beri olib bormoqda va hukumat bilan milliy rivojlanishga toʻsiqlik qilayotgan muammolarni hal qilish yoʻllarini topishda hamkorlik qilmoqda.
BMTTD Oʻzbekistonda uchta yoʻnalishda ishlamoqda – barqaror iqtisodiy rivojlanish, davlat boshqaruvi, iqlim oʻzgarishiga moslashuv va atrof muhit muhofazasi. Global koʻlamda BMTTD rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, hamkorlik uchun imkoniyatlarni kengaytirish, institutsional salohiyatni oshirish va rivojlanish natijalarini qoʻllash uchun mamlakatlar barqarorligini koʻtarishda koʻmak koʻrsatib kelmoqda.
BMTTD 170 dan ortiq mamlakatlar va hududlarda global tajriba va mahalliy bilimlarni qoʻllagan holda odamlarning imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatlarning salbiy hodisalarga qarshi turish qobiliyatlarini mustahkamlash borasida koʻmaklashadi.