AQSHning Shimoliy Karolina shtatida sayru sayohatdaman. Shaharni aylanib yurib bolalar parkiga kirdim. Oʻyingohlar tagiga bolalar yiqilsa ham zarar yetmaydigan qilib qalingina. yogʻoch qipiqlar tashlangan. Undan sal pastroqda koʻlda 20 chogʻli oʻrdaklar suzib yurishibdi. Bolalar oʻrdaklarga oʻzlari olib kelgan ovqatlarni tashlab, zavqlanishayapti. Bu yerdagi menga maʼqul boʻlgan yana bir manzara- mutolaaga boʻlgan mehrning yuksakligi boʻldi.
Bolalar bilan kelgan kattalar bir kishi boʻlsa, faqat bolasiga qarab turarkan, ikki kishi boʻlsa, albatta biri kitob oʻqib oʻtirardi. Yoki birgalashib oilaviy mutola qilayotganlarni ham uchratish mumkin. Bular ham mutolaa madaniyatiga daʼvat etuvchi manzaralar edi.
Oromgohni kezib yurib, ikkita maxsus yogʻoch uychalarga koʻzim tushdi, qushlarga moʻljallangan deb uyladim. Kelib uychani qarasam, uning eshiklari bor boʻlib, ichida kitoblar mavjud edi. Hayron boʻldim. Menga tushuntirishlariga koʻra, parkka kelgan ota-onalar ulardan foydalanib, bolalariga kitoblar oʻqib berisharkan va yana kitoblarni joyiga quyib ketisharkan. Mabodo, boshlagan mavzusini tugata olmasa, bemalol uyiga olib ketishi mumkin va keyingi gal albatta, kitoblarni qaytarib olib kelishi shart ekan. Bu ham ularning vijdoniga havola ekan. Chunki nazoratchi yoʻq.
Men bu holatdan hayratga tushdim, qarang bolalar gavjum joyda kichkintoylarga moʻljallangan mini kutubxona! Shimoliy Karolina bolalar parkidagi moʻjazgina kutubxonacha menga juda maʼqul boʻldi Bu ham mutola madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ezgu yana bir tadbir edi-da.
Mamlakatimizda mahallalar tomonidan koʻp qavatli uylarning oldida yaxshigina oʻyingohlar, bolalar maydonchasi tashkil qilingan, ana shu maydonchalarda xuddi shunday mini kutubxonalar tashkil etilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Biz ota-onalar ham shaxsiy kutubxonamizdan kitoblar sovgʻa qilardik.
Ushbu qadriyat bizning yurtimizda ham urf boʻlishiga chin dildan istab, ishonib qolaman.
Dilorom YORMATOVA, professor