Dunyoda yiliga minglab kishi qalbaki dori-darmonlardan vafot etmoqda

0
260
marta koʻrilgan.

Bugun dunyoda yiliga oʻn minglab kishi qalbaki dori-darmonlardan vafot etmoqda, deb xabar beradi Reuters axborot xizmati.  

Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining hisob berishicha, rivojlanayotgan mamlakatlarda xarid qilinayotgan har oʻnta doridan bittasi qalbaki dori-darmonlar boʻlib, kasalikka qarshi hech qanday foydasi yoʻq, balki aksincha sogʻliqqa ziyondir. Tashkilot 2007-2016 yillar davomida rivojlanayotgan mamlakatlarda sotilayotgan barcha dori vositalarining 10.1 foizini (aniqrogʻi 48 mingta dori vositasini) oʻrganib, ana shunday xulosaga kelgan.

Bu qalbaki dori vositalaridan aziyat chekayotganlarning aksariyati Afrika davlatlariga toʻgʻri kelib, ularning koʻpchiligi pnevmoniya va bezgak kasalligida qoʻllanadigan vositalardir. Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mazkur muammo sababini Afrika davlatlari farmatsevtlari dori vositalarini ishonchli farmkompaniyalaridan emas, balki arzon ishonchsiz ishlab chiqaruvchilardan sotib olishlarida, deb koʻrsatmoqda.

Bunday dori vositalarining baʼzilar umuman boshqa kerak boʻlmagan ingridiyentlardan tayyorlangan boʻlsa, baʼzilarida qoʻllanish dozasi xato koʻrsatilgan yoki umuman xato miqdorda ishlab chiqarilgan, yana baʼzilari esa zarur saqlash sharioti mavjud emasligi tufayli  yaroqsiz holatga kelgan.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda farmatsevtika biznesi aylanmasi 300 milliard AQSH dollariga teng boʻlib, bunda qalbaki dori vositalarining ulushi 30 milliardga teng. Tashkilotning taxminicha, samaradorligi past boʻlgan antibiotik dori vositalarini qabul qilish natijasida  yiliga 72 mingga yaqin bolalar pnevmoniyadan vafot etyapti. Yana 116 ming kishi esa samaradorligi umuman yoʻq boʻlgan dorilar qabul qilgani tufayli bezgakdan vafot etgan. Soxta dori vositalarini nafaqat pnevmoniya va bezgakka qarshi qoʻllanadigan vositalar orasida, balki saraton kasalligidan tortib kontratseptiv dori vositalari orasida ham topish mumkin.

O.Saʼdullayeva tayyorladi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.