Mahoratli erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonov (-74 kg) Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarining bronza medaliga sazovor boʻldi.
Abjir sportchi shohsupaga koʻtarilish uchun kechgan bellashuvda qozogʻistonlik 2019 yilgi Jahon chempionati sovrindori Daniyar Kaysanovga raqiblik qildi. Bellashuv davomida tezkor harakatlari va abjirligi bilan ajralib turgan Abdurahmonov yakunda oʻz gʻalabasini tantana qilib, delegatsiyamiz hisobiga yana bir medalni qoʻshib qoʻymoqda. Shu tariqa delegatsiyamiz hisobidagi medallar 2 tadan oltin va bronzani tashkil etib turibdi.
Qayd etish joiz, 2 karra Jahon chempioni, 2 karra Osiyo oʻyinlari chempioni Abdurahmonov 5 yil muqaddam Rio-2016 Olimpiadasida ushbu bosqichda imkoniyatni boy berib qoʻygan edi. Bugun u chiroyli gʻalabasi bilan millionlab muxlislarimizga katta quvonch ulashdi va oʻz sovrinlari orasiga Olimpiada medalini ham qoʻshib qoʻymoqda.
GUJUM. UZ tahririyati ushbu muvaffaqiyat bilan Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasini, Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasini, Bekzod Abdurahmonov va uning yaqinlarini hamda barcha muxlislarni samimiy tabriklaydi.
Tokio olimpiadaning tezkr xabarlari toʻgʻrisidagi malumotlar uchun sayt raxbariyatiga oʻz minnatdorsiligimni bildiraman. Raʼnoxon opa kelgusi ishlaringizda ulkan muvafqaqiyatlar tilayman!