Yevropa osmoni boʻylab radioaktiv bulut tarqalgan. Olimlar Avstriya, Germaniya, Italiya, Fransiya kabi bir qator davlatlar ustida — atmosferada ruteniy-106 izotopi miqdorining yigʻilganini qayd etdilar. Biroq, bulut qayerdan kelgani, uning paydo boʻlishiga nima sabab boʻlgani hali aniqlanmadi.
Fransuz mutaxassislari taxminicha, radioaktiv element oqimi Rossiya yoki Qozoqiston tomondan kelgan.
«Ehtimol, yadroviy obyektlardan birida biror insident yuz bergan. Tarkibida ruteniy-106 mavjud boʻlgan biror material bilan ishlash jarayonida avariyaviy holat yuz bergan va atmosferaga radioaktiv moddalar chiqib ketgan», — deydi Fransiya Radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik instituti vakili Jan-Mark Peres. Uning fikricha, avariya holati atom elektrostansiyalarida yuz bermagan, aks holda radiatsiya juda yuqori boʻlar edi. Hodisa, radioaktiv materiallarni qayta ishlash korxonalaridan birida sodir boʻlgan boʻlishi kerak.
Yevropa boʻylab atmosferada tarqalgan ruteniy-106 izotopi inson salomatligiga xavf solmasada, Fransiya Radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik instituti bu holatni jiddiy, deb hisoblaydi. Institut fikriga koʻra, voqea sodir boʻlgan hududdan odamlarni evakuatsiya qilish kerak.
Rossiya va Qozoqiston hukumatlari esa yadro obyektlarida hech qanday insident yuz bermaganini bildirganlar.
Euronews yangiliklar xizmati materiallari asosida tayyorlandi.