Har ikki davlat taʼlim tizimida  oʻziga yarasha yutuq va kamchiliklar bor,– deydi AQSHda xususiy bogʻcha ochgan oʻzbek oʻqituvchisi

0
616
marta koʻrilgan.

AQShning Virjiniya shtatida ikki xususiy bocha ochgan Nargiza Kuryazova asli Xorazm viloyatining Gurlan tumanidan.  Nargizaning AQSHga kelib qolishi sabablari, bu mamlakatdagi muallimlik faoliyati, xususiy bocha ochish jarayonlari, har ikki davlat taʼlim tizimidagi farqlar, yutuq va kamchiliklar haqida suhbatlashdik.

 Nargiza, keling, dastlab zingiz haqingizda suhbatlashsak. zbekistonda qayerlarda qigansiz va faoliyat yuritgansiz?

Men Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi Musiqa maktabida fortopiano yoʻnalishida oʻqiganman.  Musiqa maktabini bitirgach, musiqa oʻqituvchisi diplomi  bilan tumanimizdagi oʻrta maktabda ikki yil musiqadan saboq berdim.  Soʻng oliy maʼlumot olish maqsadida Urganch Davlat universitetining Roman-german filologiyasi fakultetiga oʻqishga kirdim. Ingliz tili guruhida tahsil oldim.  Universitetni tugatgach, yana oʻqituvchilik faoliyatimni davom ettirdim. Bu safar endi ingliz tili oʻqituvchisi sifatida maktabda dars berdim.

Demak, AQSHda ham aslida z kasbingizni davom ettirayotgan ekansizda?!

Ha, shunday.

AQSHga qachon va qanday sabablarga koʻra kelgansiz?

AQSHda bir umr qolib ketishim aslida taqdir boʻlsa kerak. Men hech qachon buni hayolimga keltirmagan edim. Maktabda ingliz tili oʻqituvchisi boʻlib ishlab yurgan kezlarimda, onam qattiq betob boʻlib qoldilar. Oiladagi toʻngʻich farzand sifatida albatta, oʻziga yarasha masʼuliyatlarim bor. Ukam bilan birgalikda onamni davolatgani  Rossiyaga olib ketdik. Onamni davolatish uzoq vaqt davom etdi. Shu sababli Rossiyada ancha qolib ketdik. Shu yerda AQSHdan mehnat safari bilan kelgan boʻlajak turmush oʻrtogʻim bilan tanishdim. Munosabatlarimiz jiddiy tus olib, oila qurdik. Bir oz vaqt oʻtib, men turmush oʻrtogʻim bilan AQSHga, onam va ukam esa  Oʻzbekistonga qaytishdi. Toʻgʻrisini aytsam, avvaliga AQSHga borgim kelmadi. Turmush oʻrtogʻim 20-30 yillardan beri AQSHda istiqomat qilayotgan oʻzbek oilalardan boʻlib, kasbi iqtisodchi, davlat tizimida ishlaydi. Bularning barchasi esa menga ham bir umr shu yerda qolib ketish degani edi. Oilamni, vatanimni tashlab, bir umrga yangi yurtlarga koʻchib ketish fikri meni avvaliga choʻchitdi. Lekin vaqt oʻtishi bilan oʻzga yurtga ham moslashdim. Doʻstlar orttirdim. Bilimim chuqurlashdi. Mana oʻn yildirki shu yerda istiqomat qilyapman.  Oʻzbekistonga ham tez-tez borib turaman.

AQShdagi faoliyatingizni qanday boshladingiz?

AQSHda maktabgacha va maktab muassasalarida ishlash uchun pedogogik diplomdan tashqari yana Birinchi yordam, Sanitariya-gigiyena va yana boshqa sohalar boʻyicha sertifikatlarga ega boʻlish kerak. Ana shu kurslarda oʻqib olgach, boshlangʻich maktabda oʻqituvchi sifatida ishga joylashdim. Lekin men faoliyat yuritayotgan maktab uyimizga uzoq edi. Maktabda ikki yil ishlaganimdan soʻng,  ishga qatnash qiyinchilik tugʻdiryotgani sababli turmush oʻrtogʻim bilan maslahatlashib,  xususiy bogʻcha ochishga kelishdik. Avvaliga “eplay olamanmi” degan oʻy bilan qoʻrqdim, ikkilandim. Lekin umr yoʻldoshimning ham moddiy, ham ruhan qoʻllab-quvvatlashlari  tufayli oʻzimda kuch va jurʼat topdim.

Mana hozir ikki nafar farzandim ham oʻzimizning bogʻchaga keladi. Mendek bolali ona uchun  bu juda qulay boʻlib, uydan uzoqlashmagan holda ham tadbirkorlik faoliyatimni yuritaman, ham farzandlarim  doimo yonimda.

AQShda xususiy bocha ochish va unga bolalarni jalb qilish jarayonida qiynalmadingizmi?

Avvaliga, 2014 yilda uyda kichik bogʻcha ochdik. Bu mamlakatning qonun-qoidalari boʻyicha  uyda xususiy bogʻcha tashkil etsangiz, toʻliq  kun hisobida uzogʻi bilan oʻn ikki nafargacha bola olishingiz mumkin. Albatta, bola parvarishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib qoʻyish lozim boʻladi. Avvalo meʼyor va qonun qoidalarni chuqur oʻrganib, ularga amal qilgan holda uyda kichik bogʻcha ochib oldik. Ish boshlaganimda oson boʻlmadi. Yurtimizda “Sinalmagan otning sirtidan oʻtma” degan  matal bor. Bu yerda ham xalq juda ehtiyotkor, shuning uchun bogʻchamizga birdaniga mijozlar “yopirilib keldi” deya olmayman. Ochigʻi, avvaliga 5-6 oygacha faqatgina 2-3 nafar bolaga qaradim. Bir oz ishlab, ota-onalarning ertalab bizga qoldirgan “omonat”ini  kun davomida “oq yuvib, oq tarab”, kechqurun yana oʻzlariga sogʻ-salomat topshirganimizdan soʻng, asta-sekin mijozlar ham koʻpaydi.

Albatta yurtimda olgan taʼlim sohasidagi koʻnikmalarim, tajribam asqotdi. Ishonchni oqlasangiz, mijoz mijozni yetaklab kelar ekan. Tezda bogʻcha tarkibi toʻliq 12 bolaga yetdi. Vaqt oʻtishi bilan talabgor koʻpaydi, bogʻchamizga roʻyxat boʻyicha  navbatga turuvchilar soni ham oshdi. Shundan soʻng, yaqinda uyimizga yaqinroq joyda bogʻchamizning filialini ochdik.  Yangi ochilgan bolalar maskanimizda qirq nafar  bola taʼlim — tarbiya olmoqda.

Bochangiz qaysi tilga ixtisoslashgan?

“Feya” xususiy bogʻchamizning biri 3 oydan 5 yoshgacha, yana biri 2,5 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarga moʻljallangan. Har ikkalasi rus va ingliz tiliga ixtisoslashgan. AQSHda rus tiliga ehtiyoj bor. Talabga yarasha taklif deganlariday, bogʻchamizni ham ana shu talabga moslab tashkil etganmiz. Bogʻchaga farzandini berganlar ham, oʻqituvchi va tarbiyachilarimiz ham asosan MDH tarkibidagi davlatlardan kelgan kishilardir. Orasida yurtdoshlarimiz ham bor.

Oʻzingizga maʼlum, MDH davlatlarida rus tili umumiy muloqot tili sanaladi. Ota-onalar oʻz farzandlari rus tilini unutib yubormasliklari, yoki erta-bir kun yurtlariga qaytib borganlarida rus tilida bemalol muloqot qila olishlari uchun ham kichkintoylarini aynan bizning bogʻchaga olib keladilar. Toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalarga faqat rus tilida dars oʻtamiz, rus tilida muloqot qilamiz. Undan kattalariga esa ingliz tilida darslar oʻta boshlaymiz. Bogʻchamizda ingliz tili, rasm, musiqa, raqs kabi dars va mashgʻulotlar bor.

– Raqs mashgʻulotlarida oʻzbek milliy raqslari ham oʻrgatiladimi?

Hozircha yoʻq. Lekin bu haqida oʻzim ham oʻylab yuribman. Raqs darsi mashgʻulotlarida katta guruh bolalariga biron oʻzbek musiqa yoki qoʻshigʻiga raqsga tushishni oʻrgatish mumkin.

– Oʻzbekistonda hamda AQSHda pedagog sifatida faoliyat yuritgan mutaxassis nuqtai nazaridan har ikki davlat taʼlim muassasalaridagi oʻxshashliklar va farqlar haqida nima deya olasiz? Har ikki mamlakatning taʼlim tizimida sizga maʼqul kelgan va kelmagan qanday jihatlar bor?

Oʻxshash jihatlari shundaki, har ikki mamlakat taʼlim muassasalarida eng avvalo bolalar xavfsizligiga, salomatligiga birinchi oʻrinda ahamiyat beriladi.

Farqlari esa  — Oʻzbekistonda taʼlim-tarbiya berish bir oz qattiqqoʻllikka asoslangan holda olib boriladi. Bolalar maʼlum bir tartib-qoida, intizomga qatʼiy boʻysundirilgan asnosida voyaga yetkaziladi.

AQSHda esa koʻpgina taʼlim muassasalarida Montessori metodida ishlaydilar. Montessori metodida asosan birinchi oʻrinda oʻquvchini qobiliyatlarini kashf etish, imkoniyatlarini shakllantirish, erkin faoliyat yuritish, mustaqil qaror chiqarish, umuman shaxs sifatida rivojlantirish maqsadi yotadi. Bu metodda bolalarga taʼlim berish esa eng avvalo ularga har tomonlama erkinlik berishdan boshlanadi. AQSHda, masalan, bola bogʻchada uxlagisi kelmayaptimi yoki taomni yegisi kelmayaptimi, maktabda bola maʼlum bir kiyimni kiygisi kelmayaptimi, uni hech qachon majburlamaydilar.

Dars jarayonlari misolida aytsak, masalan rasm darsida mavzu daraxt chizish boʻlsa, Oʻzbekistonda oʻqituvchilar avvalo daraxtni oʻzlari chizib berib, namuna koʻrsatadilar, AQSHda esa aksincha darxt chizishni bolani oʻziga butkul tashlaydilar, bola daraxtni qanday tasavvur etsa shunday chizishiga yoʻl qoʻyib beradilar. Oʻqituvchining namuna koʻrsatib berishi, ularning nazdida, oʻquvchiga oʻz fikrini, taʼsirini oʻtkazish, uni tasavvurini oʻzining tasavvuriga moslashtirish hisoblanadi. Ular bolalarni oʻz tassavuri misolida chizishga undaydilar.

Men Montessori yoʻnalishining hamma jihatlariga ham qoʻshilmayman. Fikrimcha, bolani tartib-intizomga solib turish, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib turish zarur.  Masalan olaylik, bogʻchamizda bir yashar bolalar ham bor, ulardan qanday qilib oʻz tasavvuringga tayangan holda daraxt chizib ber, deyishingiz mumkin?

Oʻzbekistonda taʼlim muassalarida maʼqul kelmaydigan jihatlari esa shundaki, oʻqituvchilar bolalarni oʻqitishda yangi-yangi qiziqarli va samarali metodlardan foydalanishga koʻpam intilavermaydilar, aniqroq aytsa, taʼlim jarayoniga yangiliklar kiritishdan qochadilar, oʻzlari bilgan eski tartibda ishlayverishni maʼqul koʻradilar. Shu nuqtai nazardan aytganda, har ikki davlatning taʼlim tizimida oʻziga yarasha yutuq va kamchiliklari bor, nazarimda.

Qiziqarli suhbatingiz uchun tashakkur.

– Men ham siz bilan tanishganimdan xursandman. Yoʻqlab kelganingizdan boshim osmonga yetdi.

Oydin SADULLAYEVA suhbatlashdi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.