Hindiston Tibeti (sayohat ocherki)

0
3682
marta koʻrilgan.

Hindiston tibeti deya nom olgan Himolay togʻlari avvalo tibetliklarning sir-sinoatli hayoti, oʻziga xos tabiati, tibbiyoti, turmush tarzi va Hindistondagi Himolay togʻlari nega Hindiston tibeti deb atalayotgani, ukam Sharifboyning u yerga borishni orzu qilib, yeta olmay armon bilan foniy dunyoni tark etgani tufayli u yerga intildim… Shuningdek, tibetltiklarning oʻziga xos xalqona malhamlari borligi va ular mashhurligi, ularning uzoq yashash sirlari haqida koʻplab xorijliklarning qiziqarli esdalik kitoblari mavjudligi, uni qisman bir paytlar “Sogʻlom avlod” gazetamiz sahifalarida ham berganligimiz meni u yerga chorladi. Qolaversa, yurtimizning buyuk farzandi, alloma Bobirning “Yurtim qoʻyib Hind sari yuzlandim, Ne yuz qarolik boʻldi”, degan satrlari bir qiziqishimga oʻn qiziqish orttirdi.

Panjob viloyatining markazi Amrisar aeroportidan chiqib, biz besh dugona yaponlarning toyota mashinasida yoʻlga tushdik. Tibetga olti soatlik yoʻl ekan, chor – atrofning goʻzalligidan bahra olib, oʻziga xoslikni kuzatib ketish ham maroqli edi. Yoʻl chekkalaridagi ibodatxonalar ham doʻkonlar ham hatto gʻiz-gʻiz oʻtayotgan mashinalar ham rang-barang yorqin ranglar bilan bezatilgan. Bu xalqning yorqin ranglarni xush koʻrishi yaqqol sezilib turardi. Faqat bir narsa bizning mamlakatga uygʻunligini sezdim. Yoʻl chekkasidagi daraxtlar xuddi bizdagidek ohaklangan edi. Bizning mamlakatimizda daraxtlar oppoq ohakka yarim metr boʻyaladi. U goʻzallik baxsh etish bilan birga daraxtni qut-qumurisqadan asraydi deb tushintirishar edi. Bu yerda ham daraxtlar oppoq ohakka ohaklangan. Ularda shakli shamoili biroz boshqacharoq boʻlib, oʻsimlikning tanasi yerdan oʻttiz sanimetr qoldirilib undan keyin boʻyalgan va yana shuncha qoldirilib yana ohaklangan boʻlib, u ham oʻziga xos goʻzallik baxsh etib turardi. Yoʻllari juda ravon, mashina qilt etmaydi. Haydovchi yoʻl-yoʻlakay maxsus maskanlarda toʻxtab, yoʻl pulini toʻlab ketyapti. Dilbarjon uni koʻrib “yoʻl puli olinishiga arzir ekan. Bu yoʻllarda mashina haydaging keladi” deb havasi keldi. Yoʻlning ikki chekkasidagi bugʻdoyzor-u sholizorlarni, polizlarni kuzatar ekanmiz, dalada ishlab yurgan dehqonni uchratmaymiz.

– Tuprogʻi juda zoʻr hosildor yerlar ekan, shuning uchun maydonlar koʻp mehnat talab qilinmasa kerak-deydi Dilbarjon.

– Bu xalqni Olloh shu tomondan yorliqogan. Hindistonliklarning aksariyati sugʻorish degan soʻzni tushinishmaydi. Ekib tashlasa boʻldi. Tabiatning oʻzi sugʻorib, oʻzi undiradi. – unga javob qiladi qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, Turon akademiyasi akademigi Dilorom Yormatova.

– Bizdagi lalmikan yerlardek ekanda gapga aralashaman.

– Bizdagi lalmikor yerlardan koʻp hosil ola olmaymiz. Chunki yogʻingarchilik kam. Bu yerda namgarchilik koʻp, hosil ham shunga yarasha,-deydi Dilorom opa.

– Bu borada Rossiyaga oʻxshar ekan. Ular ham ekib tashlashadi. Sugʻorish nimaligini bilishmaydi. Hamma mehnat Xorazmda, qishi bilan ekinzor tuprogʻining shoʻrini yuvishadi. Bahorda oʻtoq oʻtashadi, chekanka qilishadi, yozda esa sugʻorish tashvishi qoʻshiladi. – deydi sherigim Dilbarjon.

Inson biror joyga borsa albatta beixtiyor oʻzining qadrdon yurti bilan taqqoslaydi. Shunda oʻz xalqining sabr-toqatli, tashabbuskor, mehnatkash ekanligini yana bir bora anglaydi.

Yoʻllarning ikki chekkasidagi moʻjazgina ibodatxonalar, mamlakatimizdagi soyabonli bekatlarga oʻxshab ketadi. Faqat ular juda yorqin ranglar bilan bezatilgan. Hatto, sharqirab oqayotgan soylar oʻrtasidagi baland toshlar ustida ham maʼbudlarini yasab bezatib qoʻyishibdi.

– Bizda hamma narsa inson uchun, bu yerda hamma narsa maʼbudlar uchun ekanda,-deydi beixtiyor suhbatdoshlarimdan biri.

Bu suhbatlarni tinglar ekanman, jahon kezish, turli xalqlar bilan, ularning turmush tarzi bilan tanishish, insonning dunyoqarashini oʻstirishga oʻz yurtining qadrini yanada chuqurroq anglashini his etaman.

Himolay togʻlariga koʻtarilgan sari baland-baland archalarning va turli xil gullarning xushboʻy ifori dilni yayratadi. Olloh bu yerni juda qadrlab toʻrt faslda yam-yashillikni nasib aylagan, goʻzallik bagʻshida qilgan ekan. Aeroportda biz Tibetga boramiz deb yoʻnalish oldik. Aslida Tibet Hitoy davlatida boʻlib, bu yerlar Himoloy togʻlaridir. Hindiston Tibeti deb atalishiga sabab u yerda chin mamlakatidan koʻchib kelgan muhojir tibetliklar yashaydi.

 Dalay-lama. Lama soʻzi tibetcha boʻlib “eng ulugʻ” maʼnosini anglatadi. Lamaizm Xitoy Tibetida 8-asrda vujudga kelgan. Lamalar buddaviylarning barcha aqidalarini qabul qilganlar. Ular ayni kunda koʻpchiligi Xitoyda, Hindistonda va Nepalda yashashadi. Tibetda avval oliy ilmiy daraja olgan va ustoz boʻlishga haqli rohiblar lamalar deb atalgan. Bugungi kunda esa Tibetda va lamaizm tarqalgan boshqa mamlakatlarda rohiblik ahdini qabul qilgan har qanday shaxs lama deyiladi.

Dalay lama esa moʻgʻulcha boʻlib eng ulugʻ maʼnosini anglatadi. Tibetda Dalay-lama rohiblar boshligʻining unvonidir. U 1391 yili joriy etilgan. Birinchi Dalay-lama rivoyatlarga koʻra 1351 yili tugʻilgan. Lamaizmga koʻra Dalay-lama tirik xudo deb ulugʻlanadi. U vafot etganda, lamalardan tuzilgan maxsus oliy hayʼat yangi tugʻilgan tibetlik chaqoloqlar orasidan ilohiy mohiyatga ega goʻdakni qidirib topadi. U ibodatxonaga joylashtirilib maxsus tarbiyalanadi. Hozir 14–Dalay lama Tenzin Gyatsodir. U Xitoyning Tibetida 1935 yili tugʻilgan. 1940 yil Dalay-Lama taxtiga oʻtqazish marosimi boʻlgan. U mantiq, tibet sanʼati, budda falsafasi, sheʼriyat, musiqa, drama madaniyati, munajjimlik, notiqlik ilmini oʻrgangan. U 24 yoshida ilohiyot doktori darajasini olgan. Tibet milliy uyushmasi 1956 yili favquloda sessiyasida diniy va dunyoviy hokimiyatni toʻlaligicha egallashni soʻrab, Giyatsoga murojaat qiladi. Shu paytgacha u Xitoy respublikasidagi Tibet avtonom rayoni edi. 1950 yil Xitoy armiyasi Tibetga kirib kelib uni oʻzining tarkibiga rasmiy ravishda qoʻshib olgandi. Xitoy armiyasi boʻlinmalari va Tibetdagi mahalliy aholi oʻrtasida qurolli toʻqnashuv boʻlganida Giyatso qon toʻkilishini oldini olish uchun yurtidan chiqib ketishga majbur boʻladi. U Hindiston rahbari Maxatmi Gandidan boshpana soʻraydi. Ularga Himolayning baland togʻlari orasidan tibetliklar yashayotgan joylardan maskan ajratishadi. Aslida azaldan ham, masalan, Britaniya armiyasi kirib kelganida ham bu yerda tibetliklar yashagan. Ushbu tibetliklarning markaziy shahri Dharamsala. 14–Dalay lama Tenzin Gyatso hozir ham shu yerda yashaydi. U quvgʻindagi Tibet hukumatining boshligʻi hisoblanadi. U oʻnlab kitoblar yozgan. U oʻz kitoblarida Tibet madaniyatini, buddizmni, zoʻrlik ishlatmaslikni, tinchlikni, atrof-muhitni ifloslantirmaslikni targʻib qiladi. Tinchlikni mustahkamlash yoʻlidagi xizmatlari uchun 1989 yili Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan. Bu yerda tibetliklar uyushmasining yigʻilishi muntazam oʻtkazilib turiladi. Zero, tibetliklar uyushmasi ham shu yerda joylashgan ekan.

Dunyo ahli orasida tibetliklar Shambula (oʻzga dunyo va oʻlchamga oʻtuvchi darvoza)ni bilishadi degan rivoyatu-haqiqatlar yuradi. Ufologlarning aytishicha, Gitler bilan Stalin kim oʻzarga Tibetga oʻz maxfiy ekspeditsiyalarini joʻnatib uni izlashgan degan versiyalar ham bor.

Dxaramsala. U Hindiston Tibetining markazi. Bu yerda Tibetlik lamalarning qarorgohi, muzeyi va ibodatxonasi mavjud, Muzey oldida “Ozodlik monumenti” oʻrnatilgan. U juda oʻziga xos tarzda ishlangan boʻlib, markazida Dalay Lama aks etgan. Atrofida yerdan chiqqan koʻplab qoʻllar koʻkka, ozodlikka intilmoqda.

Ibodatxonasining markazida esa bahaybat maʼbud aks ettirilgan boʻlib, zarhal ranglar bilan ishlangan. Umuman ibodatxonada turli xil jonivoru parrandalar timsollari koʻp boʻlib, ular ham zarhal ranglarda tovlanib turadi. Eshigi tagida qoʻngʻiroqchalar qoʻyilgan, kiruvchilar uni chalib, goʻzal ohanglarni taratib oʻtishadi. U yerga barcha mazhab, millat vakillari kirib tomosho qilishi mumkin. Togʻlar orasidagi bu moʻjazgina shaharga yetib kelganimizda, quyosh chiqib charaqlab turgan edi. Oʻsha kuni ularning bayrami ekan. Koʻchalar juda gavjum bu yerda turli xil mazxabdagi turli xil millat vakillarini uchratish mumkin. Bor-yoʻgʻi kichkinagina uchta koʻchasi bor, biroq unda oʻnlab mehmonxonalar qurilgan. Bu yerda muqim turuvchilarlan koʻra sayyohlar koʻp. Biz tushgan”Sapfir” mehmonxonasiga koʻchadan bir yoʻlasiga beshinchi qavatiga kirilar ekan… Bizda koʻchadan birinchi qavatga kirilib soʻngra tepaga koʻtarilsa, tibetliklarda, aksincha qavatlar pastga qarab yoʻnalgan. Chunki, barcha binolar togʻ yon bagʻrilab qurilganda. Mehmonxonaning ayvoni va derazalari oʻrmon tomonga qarab ochiladi. Tong bilan turfa qushlarning sayraqi tovushi xushkayfiyat bagʻshida etib uygʻotadi. Havoning musaffoligidan, rang-barang qushlarning goʻzalligidan dil yayraydi. Biz uchun qiziq boʻlgan maymunlar, olmaxonlar darxtlardan daraxtlarga sakrab tomosha koʻrsatadi. Tepadagi bulutlarga goʻyo qoʻl choʻzsangiz yetadiganlek. Tabiatning goʻzalligini tomosha qilib tibetliklarning uzoq umr koʻrishlarining sababini tushinish qiyin emas. Bu yerda insonga jonli tabiat bilan muloqat yetarli edi. Beixtiyor Sharq allamosi Ibn Sinoning agar havoda chang boʻlmaganida edi, inson ming yil umr koʻrardi degan, soʻzlari xayolingizdan kechadi. Tibetliklarning odatlari, yashash tarzi oʻziga xos ekan. Ularning ayolu erkaklari bir xil qizil matodan boʻlgan roʻdapoga oʻranib yurishadi. Erkaku ayolining sochlari tap-taqir olingan. Biz esdalikka ular bilan suratga ham tushdik. Aytishlaricha, ular uylarining tomini ham qizil shifer bilan bostirishar ekan. Uy qurilishiga ham asosan tabiiy narsalarni-yogʻoch, gʻisht, granit ishlatishar ekan. Bu yerdagi oʻziga xoslikni, goʻzal tabiatni koʻrib dunyo tashvishlarini unitishingiz tabiiy. Himolay togʻlari Olloh yorliqagan togʻlar ekan. Togʻlar bagʻrida oʻzlashtirilgan obod qishloqlar koʻp boʻlib, oʻrmonlar quchogʻida turgandek tuyuladi. Bu yerda ham sigirlar bemalol yuribdi. Birov ularni poʻsht demaydi. Xosiyatxon hazllashadi: – Raʼnoxon, sigirxonim bilan hoʻkizboy kelyapti yoʻl bering – deydi va yana qoʻshimcha qiladi. – Qarang, ular juda sokin-osoyishta yuribdiki, doʻstona munosabatni hayvon ham sezadi. Ularning orasida jangarisi koʻrinmaydi. Odamlar tomonidan boʻlgan doʻstona munosabat tufayli boʻlsa kerak biz tomonlardagi bogʻlab boqiladigan mollardan osoyishta, erkin va beozor yurishlari bilan ajralib turadi.

“Uning gaplariga qoʻshilaman, ana shunday beozor tabiiy muhit nafaqat hayvonot olamini balki, insonning ruhiyatinini ham mustahkamlaydi. Ruhiyatiga shikast yetmagan kishining uzoq umr koʻrishi tabiiy. Holbuki, Sharq allomasi Farobiy ham ruh bilan tan uygʻunligi, salomatlik, tinchlik garovi ekanligini taʼkidlagan deyman unga

Tibet tibbiyoti. Tibetlik lamalar bemorning peshobini, tili va koʻzlarini kuzatib, tomirni ushlab koʻrib tashhis qoʻyishayotganini guvohi boʻldik. Bizning xalqimizda ham “rang koʻr hol soʻr” degan ibora mavjud. Ibn Sino “Tib qonuni”asarida xiltlarga alohida eʼtibor berganidek, Tibet tibbiyotida ham xiltlarga alohida eʼtibor berilar ekan. Tibet tibbiyotida tashhis qoʻyishning asosi – yel, safro, balgʻam. Bizning allomamiz tibbiyotida bunday xiltlar toʻrt ekanligi taʼkidlanadi: qon, balgʻam, safro, savdo. Mijozlar haqidagi taʼlimot ularda ham bor, bizda ham bor. Ularni qiyoslaymiz desak uygʻun jihatlar koʻp. Ularning ibodatxonalariga kirsangiz qandaydir bir oʻsimlikni tutatib qoʻyishganining guvohi boʻlasiz. Albatta, bu antikseptik xususiyatga ega boʻlgan giyoh. Bizda ham isiriqni koʻp dardga malham sifatida ishlatadi, tutatadi. Shuningdek, uning urugʻi, ildizi baʼzi kasalliklarda malhamligi yoziladi. Eng asosiysi odam qadami yetmagan, inson tovushi bormagan joylardan yigʻilgan giyohning shifosi kattaligi taʼkidlanadi. Biroq bugungi kunda odam qadami yetmaydigan joylardan giyohlarni yigʻish mushkil. Tibetda esa ana shu imkoniyat hozircha mavjud. Shuningdek, u malhamlar tabiiy boʻlib, kimyoviy ishlovlardan yiroqda, bugungi zamonaviy tibbiyot esa shunga intilmoqda. Tansiq narsaga odam hamisha oʻch boʻladi. Xullas, Tibetda ana shu boshqa joylarda ayni kunda kam kuzatilayotgan tabiat bilan muloqat, yerdan quvvat olish imkoniyati mavjudligi bilan oʻziga xosdir. Butun jahondan kelayotgan sayyohlarga aynan ana shu osoyishtalik maʼqul kelayotgan boʻlsa ajab emas!

Biz tabiat bagʻridan bir olam huzur olib, yana Amrisarga qaytar ekanmiz, oʻzimga yoqqan gullarning urugʻini olishga intildim. Dilorom opa esa qizlari bilan Hindiston Tibetining koʻchat bozoriga chiqib keldi. Oʻzi ishlayotgan universitetda bogʻ bunyod etish rejasi boʻlib, unga mamlakatimizda boʻlmagan archa va boshqa daraxtlarning koʻchatlarini sotib oldi. “Oldingi safar choy koʻchatini olib ketgan edim. Biroq, uni undira olmadim. Bu safar barcha koʻchatlarni biroz tuproqi bilan oldim. Zora tutib ketsa”dedi.

– Dilorom opa oʻtkazarmikan?-soʻradim olimadan. Oldingi safar oʻtkazgan edi. Sizning mamlakatingiz qarshilik qilmasa, bizning ishimiz yoʻq deyishdi. Afsuski, aeroportda oʻtkazishmadi, Dehlida maxsus tashkilotning ruxsati bilan olib oʻtishingiz mumkin deb javob berishdi. Olima shunday goʻzal archa koʻchatlarini olgan edilarki, bunday turlari bizning mamlakatimizda yoʻq. U xuddi palmaga oʻxshash uzun-uzun katta yaproqli edi-yu, biroq ninabargli edi. Xuddi soyabon daraxtga oʻxshardi. Ezgu ish ezguligicha qolib ketganiga afsuslandik. Amrisardan Dehliga qarab yoʻl oldik. Mashina bir tekis uchib ketyapti. Ingliz tilida yozilgan yozuvlarni oʻqib borayotgan edim. Moʻltoni deb yozilgan vodiyga koʻzim tushdi. Samarqandda loʻlilarni moʻltoni deydi. Odamlarini kuzatamiz. Ular bizdagi loʻli va moʻltonilarga oʻxshab ketadi. Qop-qora va koʻzlari katta-katta. Shuning oʻzi xalqimizning aloqalari, turli mamlakatlarga koʻchishlar juda qadimiy ekanligini anglatadi.

Boburiylar Hindistonda.Boburiylar saltanati uch yuz yildan ortiq hukmronlik qilgan bu mamlakatni kezib, Mavorounnahrlik alloma, shoir, sarkarda Boburning avlodlari bu yerga juda ulugʻvor yangiliklar olib kirganligining, goʻzal qasrlar qurdirganligining guvohi boʻldik. Boburiylar qurdirgan qasrlarning ziyoratiga yuzlab kishilar koʻrishga mushtoq boʻlib, chipta olib navbatda turganini kuzatdik. Ulugʻ va ezgu niyatli fazilatli kishilar boqiylikka oʻtib ketganidan keyin ham xalqiga manfaati tegishligining guvohi boʻldik. Axir bu mablagʻlar Hindiston byudjetiga borib tushib, mamlakat obodonchiligiga, xalqining farovonligiga xizmat qilayapti.

 Dehli. Hindiston hududining kattaligi boʻyicha jahondagi mamlakatlar orasida yetakchilardan biri… Poytaxti – Dexli. U hind tilida Delhi deb atalar ekan. Ingliz tilida yozilganda ham shunday aks etgan. Hindlar oʻz tilida ham xuddi shunday talaffus etishar ekan.

Mehmonxonadan chiqishimiz bilan riksha haydovchilari oʻrab oladi. Uchta marketga olib boraman. Oʻzi yuz rupiylik yoʻl oʻn rupiyga olib boraman deyishadi ular. Yana baʼzilari ruschani oʻrganib olishgan. Nega arzon olib borishadi, soʻrayman avvallari ham hindlar yurtiga kelgan Xosiyatxondan. Biz u yerdan biror narsa sotib olsak, rikshaning bir kunlik benziniga yetadigan pul berishadi. Ularning magazinlar bilan shartnomasi bor deydi u. Bu xalqning tadbirkorligidan ajablanaman. Biz magazinga bormaymiz jome masjidiga borish istagidamiz, deyman unga. “Oldin uchta magazinni koʻr, undan keyin masjidga tekin olib boraman” deb yana oʻz bilganidan qolmaydi. U ruscha muloqot qilishga intilar, Oʻzbekistondan ekanligimizni bilib, oʻzbekcha bir ikki soʻzni ham qoʻshib qoʻyardi. U avvalo, “assalomu alaykum”, soʻngra “xush kelibsiz” dedi. Toshkent, Samarqand, Xiva, Buxoro soʻzlarini talaffuz qildi.

– Xosiyatxon, shu soʻzlarning hurmati rikshaga oʻtiramiz. Qolaversa, tekin ekan-ku, koʻrsak koʻribmizda uchta magazinni, bahona bilan shahar kezamiz, ular ham biz tufayli foyda koʻrishsin, savob boʻlar. – dedim.

Biz yoʻlga tushdik. U yoʻl-yoʻlakay chala – chulpa ruscha, chala – chulpa inglizcha gapirib, hindcha qoʻshiqlar aytib bizni zeriktirmaslikka intilib borar edi. Yoʻl-yoʻlakay onasi musulmon, otasi xind ekanligini bilib oldik. Ularning har biri oʻz diniga sigʻinishar ekan. “Bu borada bizda muammo yoʻq” dedi u bizlarning savolimizga javob qaytarar ekan. Sen qaysi mazhabdasan dedik unga. U men ikkala urf – odatlarni ham bilaman dedi va savolimizga javobni nasiya qilib qoʻya qoldi. Yoki savolni anglamadi, yoki javob bergisi kelmadi. Olib borgan magazinlaridan ozmi koʻpmi xarid qildik, sovgʻa – salomlar oldik. Haydovchi ham xursand boʻlib pulini ishlab oldi. Soʻngra bizni Jome masjidga elitib qoʻydi. Jome masjidi 16 asrda Boburiylar tomonidan qurilgan boʻlib, juda ulugʻvor edi. Masjidning ustida yon-atrofida qargʻalar charx urib uchib yuribdi. “Shaharda kuzatilmagan olaqargʻalar bu yerda nega juda koʻp? – soʻrayman haydovchidan.

– Chunki musulmonlar goʻsht yeydi. U faqat shu yerdagina sotiladi. Qargʻalar uning hidini olib keladi. Chiqindilari shularga tashlanadi. – javob qiladi u.

Masjidga ikki koʻchaning ikki tomondan kirib kelish mumkin edi. Ikkala eshik oldida diniy kitoblar, tasbeh, turli esdaliklar sotilyapti. Shuningdek, Yevropadan kelgan xorijliklarga oʻranishi uchun roʻdapolar berilyapti. Oyoqni yechib oʻtilishi lozimligi belgilangan. Masjidning uch tomonida kichkina hujrachalar mavjud. Bir tomonida ulugʻvor ustunli ayvon boʻlib, namoz oʻqilishiga moʻljallab yerga joynamozning suvratlari chizilgan. Hovli ham nihoyatda keng boʻlib u yerga ham sholchalar toʻshalib, ustiga boʻzdan qoʻlbola soyabonlar ham oʻrnatilgan. Bino marmarlar bilan bezatilgan, arxitekturasi milliy qadimiy masjidlarimizni eslatadi. Bu yerdan olti kun muzey sifatida foydalanilsa, bir kun-juma kuni muzey ishlamas musurmonlar namoz oʻqigani kelishar ekan. Zero, Hindistonda turli xil mazhabdagi kishilar yashaydi. Musulmonlik mazhabidagi aholi bu yerda son jihatdan ikkinchi oʻrinda turishadi.

Masjid imomi bizga bir hujrani ochib qadimiy musʼhabni yaʼni “Qurʼoni karim”ning qadimiy qulyozmasini koʻrsatdi. Darhaqiqat, pagʻambarimiz oʻtib ketgandan keyin “Qurʼon” turlicha boʻlib qolmasin deb, sahoba Usmon uni qogʻozga tushirtirgan va undan bir necha nusxa tayyorlatib musulmon mamlakatlariga joʻnatgan edi. Bu ana shu qadimiy musʼhab edi. Undan keyin paygʻambarimizning qadam izi tushgan toshni, sahoba Alining sochini, tirnogʻini koʻrsatdi. Ularni koʻrsatgach, yana xonani bekitib qulflab qoʻydi. Uni muzeylardagidek chiroyli qilib namoyon qilib qoʻysa, masjid tarixi va islomga oid yangi davr haqidagi maʼlumotlarni, kitoblarni namoyish qilib qoʻysa boʻlmas ekanmi deb oʻyladim. Toshkent – Islom madaniyati shahri degan nomni bekorga olmaganligini angladik.

 Milliy magazinlar. Ertalab mehmonxonadan chiqib katta koʻchaga oʻtar ekanmiz yana riksha haydovchilari oʻrab olishdi.

– Uchta marketingga tekin olib boraman.

– No marketing, Humoyun maqbarasiga boramiz. – deyman ularga.

– Uch marketing soʻngra Humoyun maqbarasi – deydi u ruscha inglizcha aralashtirib.

Biz yoʻlga tushdik. Milliy tikilgan koʻylaklar magaziniga kirar ekanmiz, u yerni kuzatib,. barcha narsalar qimmatligini angladik. Bu yer sizlarga maʼqul kelmasa, yonidagi magazinga kiring dedi riksha egasi. Unga kirdik. U boyagi peshayvonli magazindan toza va sovutgichlar ishlab turishi bilan ajralib turarli… Ular sermulozamat bilan kutib olishdi. Choy ichasizmi, kofe ichasizmi deb soʻrab qolishdi. Biz goʻzal narsalarni uzoq tomosha qildik, avvalgi magazindan ancha arzon ekanligini sezdik. Ular ataylab oʻzlari ana shunday magazinlarni yonma yon tashkil vilishar ekan. Aslida ikkalasining ham rahbari bir kishi ekan… Hamma narsa risoladagidek, goʻzal. Shuni sezdimki, bu yerda magazin egalari asosan panjabliklar ekan. Ulugʻvor magazinning ichidan kiraverishda stol-stul qoʻyilgan, rahbari shu yerda oʻtiribdi. Ikkinchi tomonida koʻrgazmali kiyimlar bari manikenlarda. Magazin xoʻjayinlari panjobliklar-u, xizmatchilar bari hindlar edi. Bir payt qarasam boyagi rahbari taqir yerga yotib oldi. Faqat boshiga nimadir qoʻydi. Bir hind uning oyogʻini uqalay boshladi. Hammaning koʻzi oldidagi bu harakat meni hayron qoldirdi. Boshqalar buni tabiiy qabul qilishar edi. Soʻngra oʻziga oʻxshagan yana bir sallali panjoblik kelib qoldi. Yonma-yon oʻtirib doʻstona suhbatni boshlashdi. Xizmatkorlar ularga ikkita tabiiy kakos ichimligi olib kelishdi. Demak u doimiy mijozlaridan sheriklaridan biri, aziz, hurmatli mehmoniga ular kakos taklif qilishar ekan.

Tashqariga chiqib men ham qizlarni kakos bilan mehmon qildim. Kuzatib tursam, kakosning yuqori tomonini bolta bilan chopib tashlab biroz kenglikda ochishar ekanda bizda sharbat olganimizda beriladigan karnoycha qoʻshib uzatishar ekan. Birinchi ichishim edi. Kinolarda koʻp kuzatganman. Harbiy sharoitda undan glyukoza oʻrnida foydalanishganini koʻrgan edim. Shuning uchun bu menga qiziq tuyuldi. Darhaqiqat taʼmi nardonroq uzum sharbatigaga oʻxshar edi. Lekin, nihoyatda tiniq. Darhaqiqat, bilib ishlatilsa, tabiat neʼmatlarining har biri oʻziga xos davo vositasi degim keladi. Soʻngra Manaj degan yigit bizni bolalar kiyimlari sotiladigan. firmaning omboriga olib bordi. Tor va nihoyatda notoza joylardan oʻtib bordik. U yerga borganda oyoq kiyimni yechib kirish kerak deyishsa, bir tomondan xafa boʻldik, bir tomondan xursand. Shunday tor iflos koʻchalarni koʻrib kelgandan keyin bu yer albatta saranjom-sarishtadek edi. Oyogʻimizga sarafan oʻrab kirdik. Shunday qoʻshiqdek tikilgan koʻylaklar bor edi-ki, bular tikuvchilikda juda ilgarilab ketishibdi, – deyman beixtiyor. Kuzatib turib magazinlari turli tabaqalarga moʻljallanganining guvohi boʻldik. Manajning mashinasida qaytib kelar ekanmiz yoʻl harakati tigʻizligidan mashinamiz toʻxtab qoldi. U payt kimdir mashinaning derazasini qoqdi. Yuz-qoʻllari kir, kiygan oq kuylagi tanib boʻlmas darajaga kelgan yetti yoshlar atrofidagi qizcha sadaqa soʻrab turardi. Katta yoʻl ustida qizchaning yurishidan qoʻrqib darrov oʻn rupiy berdim. U ikki qoʻlini juftlab minnatdorchilik bildirdi.

– Bekor berdingiz hozir ikkinchisi keladi, – dedi haydovchi. Darhaqiqat undan xiyol kattarok ozgʻin, qop-qora bola mashinaning atrofida gir aylanib akrobatik mashiqlar koʻrsata boshladi. U epchillik bilan oʻyinlarini namoyish qilardiki, ora-chira mashqlardan bir dam toʻxtab sadaqa soʻrab qoʻyardi. Xavotirligim yanada oshdi: Katta koʻchada akrobatika mashqlari-ya! Tezda ketaqolsin deb unga ham oʻn rupiy berdim. Undan keyin altak-daltak yurib uch-toʻrt yoshlardagi qizcha kelib, derazani chertdi. Unga ham berdim. Shu payt yoʻl ochilib mashina siljiy boshladi. Uchalasi ikkala qoʻllarini juftlashtirib, minnatdorchilik bildirib turishardi. Ularga qarab achindim.

Mustaqillikning ilk yillaridanoq, sogʻlom avlod tarbiyasini umumxalq harakatiga, davlat siyosati darajasiga koʻtargan hukumatimizdan minnatdor boʻlib, goʻzal diyorimiz bilan faxrlanib ketdim.

Shunday ayanchli manzaralar har qadamda uchraydi. Hatto uyi yoʻqlar juda koʻp. Devor chetlariga choyshab tutib yashayotganlarni, ovqat pishirib tanovul qilayotganlarni, xullas, uysiz-joysiz kishilarni koʻp kuzatish mumkin. Eng xunugi, ularning atrofida bolalar ham bor.

– Bizda koʻchada tugʻilib koʻchada oʻlib ketadiganlar koʻp, – izoh beradi shofyor.

Hindiston aholisining koʻpligi boʻyicha dunyoda Xitoy Respublikasidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi, 2010 yilgi statistik maʼlumotlarga koʻra, bu yerda 1 milliard 22 million aholi yashaydi. Odamning yelkasi ikkinchi odamning yelkasiga tegib yuradigan tigʻiz koʻchalarni koʻrib, ular yaʼni koʻchada yashab koʻchada oʻtib ketadiganlar roʻyxatda yoʻq odamlar ekanligini anglash qiyin emas. Zero, riksha haydab yurgan yigitlardan biriga vizitkani uzatib shu yerga olib borishni soʻraganimizda, uni oʻqiyotgandek boʻlib turganini biroq, teskari ushlab turganini koʻrdim. Undan olib ikkinchisiga berdik. U yonidagini yordamga chaqirdi. U ham oʻqiy olmadi. Shunda bashangroq kiyingan bir kishini toʻxtatib, vizitkani qoʻliga berdik. U riksha haydovchilariga oʻqib berdi. Riksha haydab yurgan kishilarning aksariyati yozuv-chizuvni bilmaydi. Bu manzaralarni kuzatganda, Vatanimiz mustaqqilligidan keyin mamlakatimizda taʼlim – tarbiya va kadrlar tayyorlash siyosati ayni muddao boʻlganini tushunish qiyin emas.

 Ommaviy axborot vositalari. Har kuni ertalab, mehmonxona maʼmuriyatining yonidagi taxtachaga ilingan gazetalarni bir varaqlab chiqaman. U gazetalar asosan ingliz tilida. Sarlavhasi va suratlariga qarab soʻz nima haqida ketayotganini anglayman. “Delhi Times”, “The Times of India” gazetalari Dehlida chop etiladi. Shuningdek, Amrisarda ham ingliz tilida gazetalar chiqar edi. U yerdagi mehmonxonalarda “Amritsar Tribune”(Amrisar minbari) “Hindustan times”(Hindiston yangiliklari), “The Tribune”(Minbar) gazetalarini kuzatar edim. Ularning gazetalari bizning “Xalq soʻzi” gazetasining shakliga oʻxshaydi faqat boʻyi biroz uzunroq eni qisqaroq va deyarli hammasi 32 betdan iborat. Inglizchani yaxshi bilmasamda, kasbim taqozasi bilan unda berilgan Eron haqidagi maqolani anglashga harakat qilayotgan edim. Maʼmuriyatchi bizning Eron bilan munosabatlarimiz, ruslar bilan munosabatlarimizdek yaxshi deb qoʻydi. Gazetalarida reklamalarga nihoyatda koʻp oʻrin berilgan. Shuningdek, artistlar hayoti ham chetta qolmagan. Har bir sonida kino artistlar, tanish chehralarni uchratish mumkin. Nashrlarida ana shu ikki mavzu doimo mavjud. Biri obunachining diqqatini tortish, ikkinchisi mablagʻni koʻpaytirish ekanligi koʻrinib turardi. Hindistonda 21 tilda gapirishishadi, 1682 ta lahja mavjud. Ana shu 21 tilda gazeta chop etiladi. Biroq davlat tili hind va ingliz tilidir.

Bizning xalqimizdan Hindistonda ulugʻvor bunyodkorliklar goʻzal qasrlar, goʻzal bogʻlar meros boʻlib qolgan boʻlsa, yuz yil hukmronlik qilgan inglizlardan esa tili davlat tili sifatida meros boʻlib qolgan edi. Buning afzalligi shuki, sayyohlar asosan shu tilda muloqot qilishadi.

 Tojmahal – yetti moʻjizaning biri. YUNYeSKO tashkilotining 2007 yilgi eʼlon qilgan roʻyxatiga koʻra, Tojmahalni yetti moʻjizaning biri deb tan oldi. Unga “Hindistondagi musulmonlarning marvaridi, hind meʼmorchiligining oltin davriga tegishli qasr” deb taʼrif berishdi. Hindiston imperatori, sarkarda shoir Bobur Mirzoning oʻgʻli Humoyunning nevarasi Shohjaxon (Xurramshoh) qurdirgan qasr Dehlidan 60 kilometr uzoqlikdagi Agra shahrida joylashgan. Oppoq gumbazli, oppoq marmarlardan qurilgan qasr Hindistonning ramziga, muhabbat va sadoqat timsoliga aylangan. Shohjahon uni tugʻruq paytida dunyodan koʻz yumgan sevimli xotini Mumtoz Mahal begimga atab qurdirgan. Oʻn yetti yil davomida qurilgan qasrning bezak ishlariga 28 xil qimmabaho toshlar ishlatilgan. Xitoydan nefrit, Tibetdan feruza, Afgʻonistondan lazur, Shri Lankadan sapfir, Arabistondan serdolik kabi toshlar keltirilgan. Unda 22 ming kishi, bir ming fil ishlagan. Uning qurilishi 1648 yili tugatilgan. Tarjimonning aytishicha, Shoxjahon Jamna daryosining ikkinchi sohilida unga uygʻun qora iarmardan ikkinchi qasrni tiklash rejasi boʻlgan. Biroq u orzuligicha qolib ketgan. Shoxjahon umrini oxirini oʻzi qurdirgan qasrga tikilib, Qizil Qalʼada tutqinlikda oʻtkazgan. U oʻlganidan keyin ushbu qasrga xotinining yoniga dafn etilgan. Tojmahalga odamlar daryodek oqib kelayapti. Bu yerga har yili besh million sayyoh kelar ekan. Uni koʻrib Bobur avlodlarining shafoati hozir ham tegib turganiga ishonch hosil qilamiz. Zero, sayyohlardan yigʻilgan mablagʻ Hindiston byudjetiga kelib tushyapti.

Tarjimonimiz Tojmahal haqida tushintirish berar ekan. Bizni tashqari arkka roʻparo qoʻydi. Undan Toshmahal juda yaqin va butun goʻzaligi bilan namoyon boʻldi. Oppoq oqqushlardek saroyning tashqi arkidan ichkariga yurgan sari uning nihoyatda keng maydonni egallashini his qilamiz. Bir tomoni madrasa, bir tomoni machit, bir tomoni maqbara biri biridan goʻzal qasrlar. Uning orqa tomonidan esa Jamna daryosi oqib orombaxsh salqinlik baxsh etib turibdi. Inshoatning toʻrt tomoni bir biriga teng bogʻ-rogʻlar bilan oʻrolgan. Asosiy binoning oldidagi billurdek tiniq hovuzda saroyning toʻrt burchagidagi ulugʻvor minoralar jilvalanib turadi. Mayin esayotgan shamol sochlaringni siypab oʻtadi. Issiq oʻlkada mayin shabada esishi bejiz emas, meʼmorlar aynan ana shunday moʻjizakor joyni, shamollar yoʻnalishini eʼtiborga olib, topib-bilib qurganligini his qilish mumkin.

Shunda beixtiyor Shahrisabzdagi Amir Temur oqsaroyini ziyorat qilgani borganimizda eshitganlarim xayolimdan kechdi. Yozning ayni jazirama issigʻida u yerda mayin shabada esib turar edi. Uning sababini surishtirganimda, shamol yoʻnalishi topib qurilganligini taʼkidlashgandi. Hozir shamol yoʻnalishini topadigan asbob-uskunalar mavjud. U paytda bu holat qanday aniqlashtirilgan ekan? U paytlarda shamol yoʻnalishini aniqlash uchun yangi soʻyilgan hayvonot goʻshti osib qoʻyilar ekan. Agar u bir hafta ichida aynimasa, ana shu yerda qasrlar bunyod etilar ekan. Ana shu meʼmoriy qulayliklar bu yerda ham eʼtiborga olinganligi aniq.

Saroy eshigi oldida ikkita ustun turgan edi. Ustunlarning toshlari olingan boʻlib, nihoyatda katta qimmatbaho javohirlar ekanligi, toshlar oʻrnining chaqurligidan ham sezsa boʻlardi. “Bu goʻzalliklarni bosqinchilar olib ketishgan” deydi tarjimon. Men kimdir bunyod qiladi, kimdir buzadi, dunyoning ishi shu ekanda deyman.

Humoyun maqbarasi. Biz bu maqbaraga ertalab soat sakkizlarda yetib bordik. Undan esa soat toʻrt-beshlarda chiqib ketdik. Uning ulugʻvorligini ana shundan ham bilsa boʻladi. Humoyun maqbarasi ulugʻvor saroy boʻlib, ichkaridan ichkari uch qasr qurilgan. Birinchi eshik oldidagi arkdan qarasangiz yaqindek tuyuladi. Biroq, arkdan arkka yetib borguncha katta maydon ekanligini his qilasiz. Qasrning toʻrt tomonida turfa oʻsimliklardan iborat goʻzal bogʻ-rogʻ bunyod etilgan boʻlib, ariqlarda suvlar shaldirab oqib, favvoralar koʻkka otilib, sayyohlarga xushkayfiyat bagʻshida etib turibdi. Sershovqin, turli xil hidlar ufurib turgan Dehlida shunday goʻzal xushmanzara va osoyishta maskanning borligi goʻyo moʻjizadek edi. Ariqda shaldirab oqayotgan billur suvlar, atrofga salqinlik bagʻshida etib turgan favvoralar bugungi kunla shunchalik huzurbagʻishlayotgan ekan, uni bundan besh yuz yil avvalgi taʼsirini tassavvur etish mushkil emas. Holbuki, favvoralar qurish anʼanasi Yevropaga 17-asrda kirib kelgan. Oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdiki, bu boburiylarning meʼmoriy anʼanalari sharq anʼanalarining, bobolarimizning goʻzallikka intilishlarining mevasi boʻlib u Boburiylar bilan birga Hindistonga 16 asrda kirib kelgan. Qasr bogʻdan balandda boʻlib unga 33ta zinopoya orqali chiqib boriladi. Balandlikka koʻtarilgan sari mayin shabada dillarga huzur bagʻishlaydi. Maqbara atrofidagi keng maydonga ham qabrlar qoʻyilgan. Maqbaraning ichi esa sarkarda Amur Temur maqbarasini eslatadi. U ham aylana shaklida qurilgan boʻlib, uning markazida Xumoyunning qabri joylashgan. Amur Temur maqbarasidan farqi aylana shaklida qurilgan maqbaraning atrofida yana hujralar mavjud boʻlib, ularning har birida uch-toʻrttadan qabrlar bor. Oʻn oltita hujraning qay biridan qarasangiz imperator Humoyunning qabri toʻliq koʻrinadi. Bari bir – biriga uygʻun qurilgan, oq va qora marmarlar bilan jilolangan. Bu qasrlarning yonida Iso avliyoning maqbarasi va madrasasi ham joylashgan. Bari katta devor bilan oʻrolgan. Devorning ustida bemalol yurib sayr qilish mumkin. Har yerda dam olib turiladigan supachalar qurilgan. Toʻrt tomonida baland kuzatuv minoralari ham mavjud. Ularni kuzatib bu qasr Amir Temur maqbarasi hamda Xivaning Ichonqalʼa devorlariga uygʻunligini his qilish mumkin. Bir soʻz bilan aytganda Sharq arxiteturasiga uygʻun qurilganligi bilan meni hayratlantirdi.

Hindistondek katta mamlakatda buyuk saltanat bino etgan Zahriddin Muhammad Boburni hind xalqi juda qadrlashini his qildik va vatandoshimiz bilan faxrlandik.

Raʼno Zaripova, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.