Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda yosh cheklovi borligini bilasizmi?

0
1027
marta koʻrilgan.

Bugun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish darajasi butun dunyoda tobora oʻsib bormoqda. Germaniyadagi “Statistika” kompaniyasi oʻtkazgan tadqiqotlarga qaraganda, 2017 yilda butun dunyoda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni 2 milliard 46 milliondan oshgan. Bu esa yer yuzi aholisining esa qariyb 40 foizi demakdir. Shuningdek, bu raqam internetga kiruvchilarning 71 foizi boʻlib,  bir nuqtadan kirilganda oilaning bir nechta aʼzolari yoki korxona, tashkilotlarning jamoasi keng foydalanishi mumkin.

Inson hayotiga internet keng miqyosda kirib kelayapti. Ijtimoiy tarmoqlar kishilar, xususan yoshlar oʻrtasida ijobiy hamda salbiy taʼsir kuchiga ega. Ijtimoiy tarmoqlardan axborot olish, oʻzaro muloqotga kirishish kabi ijobiy tomonlari kishining ogʻirini yengil qiladi. Chet elda oʻqiyotgan farzandlaringiz bilan koʻrishib gapirishib turishingiz ham sizni xursand qiladi. Afsuski, yolgʻon axborotlar bilan “zaharlanish”, bekorchi va behuda surʼat, video va suhbatlar bilan vaqtni zoye ketkazish, yoshlarni real hayotdan uzilib, butkul virtul olam fuqarosiga aylanib qolish kabi zararli jihatlari mavjudligini ham inkor etib boʻlmaydi.

Masalan, Facebook ijtimoiy tarmogʻiga kirganimda  kishilarning muloqatida  keraksiz, ortiqcha gap soʻzlarga vaqt sarflaganini koʻrib bekor ketgan vaqtlarga achinaman. Ishbilarmonlik muloqotlari juda kam. Ayniqsa, bolalarning bekorchi suhbatlar bilan bir-birlarining vaqtini zoye ketkazishayotganini kuzatish mumkin.

Shu sabab bugun koʻpgina ijtimoiy tarmoqlarda profil yaratish yoshi belgilab qoʻyilmoqda. Masalan, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari xizmati vakilining BBCga bergan  intervyusida kompaniya ijtimoiy tarmoqlari profil egasi 13 yoshdan kichikligi aniqlasa, oʻsmirning platformadan akkauntini oʻchirib tashlanishi va uni yana boshqatdan profil yaratishga yoʻl qoʻymaslik chorasi koʻrilishini aytgan.

 Shunday boʻlsa-da, bugun  ijtimoiy tarmoqlarda 13 yoshdan kichik boʻlgan juda koʻplab oʻsmirlarning profili mavjud. Masalan, Buyuk Britaniyadagi Telekommunikatsiya boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra, mamlakatdagi 11-12 yoshdagi oʻsmirlarning deyarli yarmi ijtimoiy tarmoqlarda oʻz profiliga ega.  Mamlakatdagi 10 yoshdagi bolalarning 28 foizi, 11 yoshli bolalarning 46 foizi va 12 yoshdagi boshlalarnging 51 foizi ijtimoiy tarmoqlarida oʻz akkauntini ochganlarini aniqlagan.

 Lekin, bu yoshlarning barchasi ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqaladigan axborotlar ishonchli emasligini bilmaydilar, manbasini tekshirmaydilar, baʼzida hatto umuman tanimagan shubhali kishilar bilan muloqotga kirishib, ularning zararli taʼsiriga tushib qoladilar. Masalan, Buyuk Britaniyada yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlarda 32 foiz yoshlar internet axborotlari toʻgʻriligiga ishonishlarini aytishgan.

 Shu bilan birga, bugun barcha ota-ona ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda yosh chegarasi mavjudligini bilmaydi.  Masalan, Buyuk Britaniyadagi Telekommunikatsiya boshqarmasining tadqiqotlariga koʻra, bugun mamlakatdagi farzandi Instagram va Snapchat ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanuvchi har oʻnta ota-onadan sakkiztasi mazkur yosh cheklovi haqida bilmasliklari aniqlangan.

Shu bois bolalarni turli yolgʻon axborotlar, zararli gʻoyalar va qora niyatli kishilarning yomon taʼsiriga tushib qolmaslik uchun ota-onalar farzandlari internetdan nima maqsadda foydalanayotganlarini kuzatib borishlari lozim. Ular olayotgan axborotlarni boshqa manbalarning xabarlari bilan qiyoslash orqali  tekshirib koʻrish mumkin. Bolalarda yangiliklarni ishonchli manbalardan olish koʻnikmasini shakllantirish, kim bilan muloqot qilayotganlaridan doimiy ravishda boxabar boʻlib turishlari maqsadga muvofiqdir.

 Oydin Saʼdullayeva tayyorladi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.