– Bu tashvishli albatta, lekin shunday boʻlishi aniq, – deydi britaniyalik olimlar. – Shunday kasblar borki, ular neyrotarmoqlar va boshqa zamonaviy texnologiyalar sababli oʻzining dolzarbligi yoʻqotadi.
Neyrotarmoqlar, Sunʼiy intellekt xizmatlari, katta til modellari (LLM) — bularning barchasi istalgan odamning kasbi-koridan mahrum qilishi mumkin. IT sohasidagi yutuqlar tufayli ayrim kasblarga ehtiyoj qolmaydi.
Yaqinda Buyuk Britaniya taʼlim vazirligi ushbu yoʻnalishda olib borilgan tadqiqot natijalarini eʼlon qildi. Tadqiqot maʼlumotlariga koʻra, yaqin yillarda dunyo boʻyicha ish oʻrinlarining qariyb 30 foizini chat-botlar va neyrotarmoqlar egallashi mumkin. Aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, ekspertlar 20 ta mutaxassislik sunʼiy intellekt tufayli yoʻq boʻlish xavfi ostida ekanini taʼkidlamoqda.
Bular: huquqshunoslar, advokatlar, ruhshunoslar, hisobchilar, iqtisodchilar, marketologlar, HR-menejerlar, muhandis-quruvchilar, kredit nazoratchilari, maoshlar boʻyicha menejerlar, menejer va xaridlar boʻyicha direktorlar, moliyaviy menejerlar va direktorlar, hukumat apparatidagi davlat xizmatchilari, biznes va aralash masalalar boʻyicha mutaxassislar, mijozlar bilan ishlash boʻyicha moliyaviy menejerlar, Biznes va menejment boʻyicha maslahatchilar, taʼlim boʻyicha maslahatchilar va maktab inspektorlari, investitsiyaviy va moliyaviy tahlilchilar-maslahatchilar, Biznes, tadqiqot va boshqaruv sohasi mutaxassislari, Biznes va moliyaviy loyihalarni boshqarish boʻyicha mutaxassislar.
Buyuk Britaniya taʼlim vazirligining fikricha, sunʼiy intellekt ayniqsa huquq, moliya, boshqaruv, biznes va piar yoʻnalishlarida mehnat qilayotgan minglab mutaxassislarning oʻrnini egallaydi.
Ajablanarlisi, ushbu roʻyxatga jurnalistlar, yozuvchilar va matn bilan ishlaydigan boshqa kasb egalari kiritilmagan. Demak, matn bilan ishlash nafaqat algoritm va bilimni, balki ijodiy yondoshuvni ham talab qiladi.
– Jismoniy mehnat bilan bogʻliq kasblarda ishlaydigan kishilar xavotirlanmasa ham boʻladi, ularning ish oʻrinlariga ehtiyoj hamisha boʻladi, – deydi tadqiqotchilar.
GUJUM.UZ