Taekvondo olamini hayratga solayotgan vakilimiz Ulugʻbek Rashitov Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalga sazovor boʻldi.
Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz hisobiga ilk medalni taqdim qilgan Ulugʻbek Rashitov amaldagi jahon chempioni britaniyalik Bredli Sinden bilan bellashuvga chiqdi. Oʻta keskin va murosasiz kurashlarga boy boʻlgan jangda hamyurtimiz 34:29 hisobida ustunlikni qoʻlga kiritdi. Ulugʻbek Rashitov shu tariqa taekvondochilarimiz orasida Olimpiya oʻyinlarida medal qoʻlga kiritgan ilk vakilimizga aylandi. Uning gʻalabasi esa barcha sportchilarimiz bilan birga oʻsib kelayotgan yosh taekvondochilarimiz uchun ham katta motivatsiya boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, yosh taekvondochimiz Ulugʻbek Rashitov dastlabki saralash bosqichida malilik Seydu Mofanani 38:17 hisobida yutgandi. Ikkinchi jangida uch marta jahon chempioni koreyalik Li De Xunga qarshi dastlabki raundda imkoniyatni boy bergan boʻlsada, 2 va 3-raundlarda ustunlik qildi.
Mali va Janubiy Koreya vakillarini ortda qoldirgan Rashitov chorak finalda eronlik Mirhoshim Hossaynidan 34:22 hisobida ustun kelib, yarim final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Olimpiya oʻyinlarida -68 kg vazn toifasida jang qilayotgan hamyurtimiz yarim final bosqichida Bosniya va Gersegovina vakili Nedzad Xushichni 28:5 hisobida taslim etdi.
Shu tariqa, Ulugʻbek Rashitov Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarining finalda Buyuk Britaniya vakili Bredli Sindenni 34:29 hisobida yutib, chempionlik masalasini hal qiladi.
Jahon chempioni Ulugʻbek Rashitovni qutlaymiz! Yangi Oʻzbekistonga yangi gʻalaba muborak boʻlsin!
GUJUM.UZ