Respublikamizda jamoat transporti xizmatlaridan foydalanish qanchalik qulay, bekatlarning, jamoat transportlarining ahvoli qanday, nogiron, qariya va yosh bolali ayollar uchun imkoniyatlar yaratilganmi, bu xizmatlar sifatini oshirish uchun nimalar qilish kerak va nimalar qilinayapti?
Jahon tajribasini qiyosiy oʻrganganda koʻp narsa ayon boʻladi. Dunyoning rivojlangan davlatlaridan biri – AQSH tajribasiga nazar solsak, jamoat transportlari xizmat sohasida bir qancha ustunliklarga ega ekanligini koʻrish mumkin.
Eng avvalo, AQSHda yoʻlovchilar qatnovi tigʻiz paytda yoʻnalishlarga koʻproq transport vositalari chiqariladi. Masalan, ertalab va kechqurun ishga borish va qaytish vaqtida metro poyezdlari serqatnov boʻladi.
Bizda ham turli yoʻnalishlar boʻyicha yoʻlovchilar oqimini va aholi ehtiyojlarini muntazam oʻrganish va shuning asnosida belgilangan yoʻnalishlarga transport vositalarini chiqarish, zarurat boʻlsa, qoʻshimcha yoʻnalishlar ochib transport xizmatini zamonaviylik darajasiga olib chiqish zarur.
Bugun AQSHda 7700 dan ortiq tashkilotlar jamoat transport xizmatini koʻrsatadi. 2015 yil koʻrsatkichlariga koʻra, jami 183,601 ta turli avtobus va yer osti va yer usti metro poyezdlari xizmati yoʻlga qoʻyilgan.
Eng asosiysi bekatlar va jamoat transportlari aholining turli guruhlariga mos ravishda maxsus texnik moslashuv vositalari bilan jihozlangan. Misol uchun, nogironlar va yosh bolalar aravachasini avtobus va yer osti bekatlariga olib kirish va olib chiqishda qiyinchiliklar tugʻilmasligi uchun avtobuslar maxsus koʻtarma pandus- koʻprikchalar bilan jihozlangan, metro bekatlarida esa yoshlar uchun eskalator xizmat koʻrsatsa, keksalar, nogironlar va bolasini aravachada olib yuradigan ayollar uchun liftlar qurilgan.
Bugun birgina Nyu-York shahrida bir kunda jamoat transportidan foydalanuvchi yoʻlovchilarning 11,2 foizi nogiron kishilar sanaladi. Oʻzbekistonda esa 650 mingdan ziyod turli darajadagi nogironligi boʻlgan kishilar roʻyxatga olingan. Lekin, respublikamizdagi jamoat transportlari va bekatlari turli guruhdagi kishilarga transport vositalaridan bemalol foydalanish imkonini beruvchi jahon standartlarga mos maxsus imkoniyatlar bilan taʼminlanmagan.
Yana bir jihati AQSHda koʻpgina avtobuslar, bekatlar koʻrish va eshitish imkoniyati cheklangan yoʻlovchilarga har bir bekat nomini avtomatik tarzda aytib va koʻrsatib turuvchi yorugʻ yozuvlar, ovozli texnik vositalar bilan jihozlangan.
Hatto, yoʻllar, piyodalar yoʻlakchasi va boshqa turli oʻtish joylari ham nogironlar va yosh bolalar aravachasiga moslashtirilgan holda zinalarsiz, tekis qurilgan boʻlib, ularning yoʻl-transport vositalaridan bemalol foydalanishiga imkoniyatlar yaratilgan.
AQSHda jamoat transport xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi yana bir qulay imkoniyati shuki, koʻpgina metro va avtobus bekatlari bepul Wi-Fi internet xizmatlari bilan taʼminlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvarda «Aholiga transport xizmati koʻrsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori eʼlon qilingan edi. Qarorga asosalanib, 2017-2021-yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturi ham eʼlon qilindi.
Dasturga koʻra, 2017-2021-yillarda 303 ta yangi yoʻlovchi tashish yoʻnalishi, ulardan 240 tasini (79,2 foizi) shahar atrofida va qishloqlardan oʻtadigan shaharlararo yoʻnalishlarda ochish nazarda tutilgan. Yangi yoʻnalishlar ochish bilan birgalikda, asosan avtobuslar yetishmasligi tufayli qatnov toʻxtatilgan yoʻnalishlar tiklanishi ham taʼkidlangan.
Kelgusi 5-yilda 8,6 mingta yoʻlovchi tashish avtomobili, shu jumladan, 5,7 mingta umumiy foydalanishga qulay mikroavtobus sotib olinishi rejalashtirilgan. Avtobuslar va mikroavtobuslarning ishini onlayn rejimida (GPS) muntazam tarzda masofadan kuzatib borishni, shuningdek, yoʻlkirani naqd pulsiz toʻlash tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Bu chora-tadbirlar quvonarli, shak-shubhasiz, transport infratuzilmasi sifatini yaxshilaydi.
Lekin, avtotransport xizmatlarini koʻrsatish tizimida yuqorida keltirilgan jahon tajribasiga asoslangan jihatlar ham yoʻlga qoʻyilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Masalan, bugungi kunda poytaxtimizda metro qurilishi boʻyicha 3 ta loyiha, yaʼni Sergeli, Yashnobod yer usti xalqa metro yoʻllari hamda Yunusobod yer osti metro qurilishi amalga oshirilmoqda. Ishonamizki, bunyodkorlik jarayonida ushbu qulayliklar ham eʼtiborga olinadi.
Dasturda belgilangan xizmatga qoʻyiladigan yangi avtobus, mikroavtobus, poyezd va bekatlar zamonaviy texnik qulayliklar bilan taʼminlanlanadi. Bu esa oʻz navbatida aholining ogʻirini yengil qiladi, ayniqsa, yosh bolali ayollar, qariya va nogironlarning faol va mustaqil hayot kechirishiga, umuman ijtimoiy hayotini yaxshilashga munosib hissa qoʻshadi.
Oydin Sadullayeva,
AQSHdan maxsus tayyorladi.