Muzeylar deganda qanday joyni tasavvur etasiz? Bolajoningizga muzeylarga borish yoqadimi? Muzey oʻzi qanday maskan?
Muzeylar madaniy-maʼrifiy muassasa hisoblanib, uning vazifasi tarixiy hujjatlar, madaniy va maʼnaviy yodgorliklarni toʻplash, tabiiy boyliklardan namunalar jamlash va saqlash, ularni ilmiy jihatdan oʻrganib koʻrgazmalarga qoʻyish va keng xalq ommasiga havola qilishdan iborat. Lekin muzeylar faoliyati faqatgina bu bilan cheklanishi kerak emas. Muzeylar nafaqat tabiat va jamiatning noyob va xilma-xil ashyolari xazinasi, balki kishilar uchun, ayniqsa bolalar uchun asosiy maʼnaviy-maʼrifiy hordiq chiqarish maskani, kerak boʻlsa, koʻngilochar markaz sifatida ham xizmat qilishi lozim. Ana shundagina u tom maʼnoda maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy oʻchoqqa aylana oladi.
Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan biri — AQSHa oʻtkazilgan soʻrovlarda maʼlum boʻlishicha, 69 foiz amerikaliklar maʼnaviy-maʼrifiy hordiq chiqrish uchun aynan turli muzey va tarixiy-meʼmoriy yodgorliklarga tashrif buyurishlarni aytganlar. Bu mamlakatda muzeylarga yiliga oʻrtacha jami 850 million kishi tashrif buyuradi. Bu esa turli sport va koʻngilochar markazlarga tashrif buyuruvchilar soniga nisbatan bir barobar koʻpdir. Nega shunday? Nega bu yerda muzeylar doim kishilar bilan gavjum, bizda esa teskarisi?
Eng avvalo, bu mamlakatda muzeylar nafaqat yer yuzi va insoniyat sivilizatsiyasi haqida maʼlumot berishga, osori-atiqalarni namoyish etishga, balki kishilarga, shu jumladan bolalar va yoshlarga turli ijodiy mashgʻulotlar, oʻyin va interaktiv muloqotlar orqali vaqtini maroqli oʻtkazishga va shu orqali olamni kashf etishga, bilimlarini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan.
Eng eʼtiborli jihati – bu yerda aksariyat muzeylarda “bolalar burchagi”ning mavjudligidir. Yaʼni muzeylar nafaqat kattalar, balki bolalar uchun hamdir.
Masalan, poytaxtdagi Pochta va aloqa xizmati Milliy muzeyining bolalar zalida 100 yil ilgari kishilar marka bosib chiqarish uchun foydalangan uskunani oʻzlari ham ishlatib koʻrishlari, bir burchakdagi “ijod stoli”da namunalarga qarab yoki oʻz tassavvurlarini ishga solgan holda markalar yaratishlari, maktublar bitishlari va pochta qutisiga solib, kimgadir joʻnatishlari mumkin. Yana, bir asr avval kishilar pochta xizmati uchun foydalangan arava, shuningdek bugungi zamonaviy pochta mashinasi kabinasiga oʻtirib, bir zumga boʻlsada, xayolan boshqarishlari mumkin. Bularning barchasi bolalarga qadimda kishilar oʻrtasida aloqa qay tarzda olib borilgani haqida qiziqarli tarzda tasavvur berishning bir usulidir.
“Newseum” deb ataluvchi jurnalistika muzeyida esa “NBC yangiliklar studiasi” tashkil etilgan boʻlib, bu yerda bolajonlar radioboshlovchilik, teleboshlovchilik qobiliyatlarini sinab koʻrishlari uchun barcha texnik jihozlar bilan taʼminlangan. Agar bolajon gazeta yoki jurnal muxbiri sifatida oʻzini koʻrgisi kelsa, buning uchun ham barcha shart-sharoit va texnik jihozlar mavjud. Shu bilan birga bu yerda maktab yoshidagi oʻsmirlar uchun matbuotga material yozish, radio va televideniye uchun eshittirish va koʻrsatuv tayyorlash, internet nashr yuritish boʻyicha muntazam sodda va qiziqarli tarzda amaliy mashgʻulotlar tashkil etiladi.
Havo va koinot Milliy muzeyida esa bolalar nafaqat samolet, raketa, satellit va boshqa havo mashinalaridan eksponatlarni tomosha qilishlari mumkin, balki turli-tuman katta-kichik samoletlarga oʻtirib, xayolan boshqarishlari, samoga parvoz qilishlari mumkin. “Yosh olimlar labaratoriyasi”da esa shamol qanday hosil boʻladi, vertolet va samoletlar nega uchadi, yer tortishish kuchi nima kabi qator savollarga koʻrgazmali tarzda javob oladilar.
Umuman, AQSHda aksariyat muzeylar yuqoridagi kabi davlat taʼlim standartiga mos keluvchi matematika, tarix, til va adabiyot, geografiya, kimyo va fizika kabi fanlar boʻyicha muntazam maʼrifiy tadbirlar tashkillashtiradilar.
AQSHda muzeylar taʼlimga yoʻnalitirilgan tadbirlarga har yili oʻrtacha jami 2 milliard dollar sarflaydi. Taʼlimga ajratilgan mablagʻning toʻrtdan uch qismi maktab oʻquvchilariga moʻljallangan tadbirlarga ishlatiladi.
Bundan tashqari, muzeylar maktablar bilan hamkorlik qilib, oʻquvchilarning muzeylarga ekskursiyalari tez-tez uyushtiriladi. Maktab tomonidan jamoaviy tarzda tashkillashtiriladigan sayohatlar orqali AQSHda muzeylarga yiliga oʻrtacha 55 million maktab oʻquvchisi tashrif buyuradi.
Muzeylar nafaqat maktab oʻquvchilari, balki juda kichik bolalar uchun ham turli tadbirlar tashkillashtiradi. “Mittivoy ustaxonasi” amaliy mashgʻulotlari, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar” soatlari shular jumlasiga kiradi. Ana shu bois bu yerdan mittivoylarning ham qadami uzilmaydi. Masalan, birgina Boston Bolalar muzeyiga yiliga oʻrtacha 550 ming kishi tashrif buyurib, shundan 65 mingi 3 yoshdan kichik boʻlgan bolalardir.
Bizda ham milliy muzeylarimizni, jahon muzey tajribalarini qoʻllagan holda bolajonlarimizga mos ravishda qayta jihozlash, yuqoridagi kabi muntazam maʼrifiy va ijodiy tadbirlar tashkillashtirish orqali muzeylarimiz pedagogikasini rivojlantirish maqsadga muvofiq. Zero, muzeylar pedagogikasini rivojlantirish jamiyat kishilari, hususan yoshlarni maʼrifat va maʼnaviy yetuklik sari yetaklaydi.
AQSHda muzeylarning virtual faoliyati, yaʼni internet saytlari faoliyati ham juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Sayt orqali muzeyda ayni kunda qanday koʻrgazma boʻlib oʻtayotgani, qaysi zalda soat nechida qanday tadbir uyushtirilayotgani haqida toʻliq maʼlumotlar olishingiz mumkin. Saytga kirib, “Elektron-xabar”ga obuna boʻlsangiz, el. pochtangizga muntazam ravishda tadbirlar jadvali yuborilib turiladi.
Koʻpgina muzey saytlarida mavzuga oid bolalar va kattalar uchun ilmiy kitoblar, maʼrifiy audio va videofilmlar, on-layn amaliy mashgʻulotlar, testlar joylashtirilgan boʻlib, kishilar bilimini oshirishga, dunyoqarashini kengaytirishga katta xizmat qiladi. Shu bilan birga, muzeylar saytida “Muzeyga virtual ekskursiya” rukni boʻlib, foydalanuvchi muzeyga on-layn sayohat qilishi ham mumkin.
AQSHda muzeylar faoliyatida uchraydigan yana bir namunali jihati shuki, shaharda joylashgan markaziy muzeylar chekka tuman muzeylariga tez-tez “koʻchma koʻrgazmalar” tashkillashtirib turadilar. Bugun mamlakatda 35 mingdan ortiq katta-kichik muzeylar mavjud boʻlib, ularning taxminan 26 foizi qishloq hududlarida joylashgan. Bunday sayyor muzeylarni tashkillashtirilishi markazga bora olmaydigan kishilar uchun mahalliy muzeyning oʻzida yangi-yangi eksponatlarni tomosha qilish, maʼrifiy va ijodiy tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatini beradi.
Bizda ham qishloq aholisini muzeylarga jalb etish bugungi kundagi muhim masalalardan hisoblanadi. Yuqoridagi amaliyot esa chekka qishloq aholisiga, xususan internet tizimiga ulanmagan, markaziy muzeylarni virtual tomosha qilish imkoniga ega boʻlmagan aholiga nafaqat muzey eksponatlarini tomosha qilish imkoniyatini beradi, balki shu orqali ularda muzeylarga nisbatan qiziqish ham paydo qilib, bu maʼrifat maskaniga jalb etiladi.
Umuman, bizda ham ana shunday jahon amaliyotidan foydalangan holda muzeylarimiz moddiy-texnik bazasini boyitib, bolajonlar vaqtlarini qiziqarli va mazmunli oʻtkazishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratish, taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda muzeylarga muntazam ekskursiyalar uyushtirish, muzeylarda doimiy tarzda amaliy mashgʻulotlar, toʻgaraklar, suhbatlar, ijodiy va maʼrifiy kechalar, tanlovlar tashkillashtirilsa foydadan xoli boʻlmaydi. Toki, bizda ham muzeylar asosiy koʻngilochar markazga aylansin. Zero, muzeylar yoshlarni kamolotga yetkazishga katta hissa qoʻshuvchi ilm va ziyo, ahloq va tarbiya maskanidir.
Oydin Saʼdullayeva