Jampur Croup” kompaniyasi Prezidenti Muhammad Shafiq: “Oʻzbekistonda ishlash sharaf”

0
175
marta koʻrilgan.

Xorijlik sarmoyadorga “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining ikkinchi taklifi maʼqul boʻldi. 

Oʻzbekiston haqida avval ham eshitganman. Bugun oʻz koʻzim bilan koʻrdimki, eshitganlarimdan ham aʼlo ekan. Oʻzbek xalqi azaldan tadbirkor, mehnatkash xalq ekaniga iqror boʻldim. Bunday deyishimga toʻla asoslarim bor. 

Albatta, kirib borayotgan bozorimizni avvalo, yaxshilab oʻrganamiz. Marketing tadqiqotlari olib boramiz. Oʻzimizdan qiyos: joriy yilning 14 mayida kompaniyamizning maxsus ishchi guruhini Oʻzbekistonga yuborgan edik. Ular turli tarmoq vakillari bilan uchrashdi, yurtingizda investorlarga yaratilgan sharoitlar, turli sohalar, xususan, ipakchilikda yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishgan edi. 

Ular borgach, biz tahlil qilib koʻrdik, bir qancha omillar bizga maʼqul keldi. Agar ipakchilik sohasi misolida aytadigan boʻlsak, bu borada berilgan imkoniyat va yaratilgan imtiyozlar bizga maʼqul keldi: 2023 yilgacha barcha soliqlardan ozod etilgani, kommunal toʻlovlarni boshqa davlatlarga nisbatan arzonligi, ishlash istagidagi yoshlarning koʻpligi, sohada rivojlanish boshlanganini aytish lozim. 

Toʻgʻrisini aytsam, kompaniyamiz hozirga qadar transport, aviatsiya, qishloq xoʻjaligi, togʻ-kon metallurgiya sanoatida foydalaniladigan texnologiyalar va uskunalar ishlab chiqaradi. Shu sohada tashish xizmatlarini olib boramiz. Xususan, dengiz transportida gaz, neft mahsulotlarini tashuvchi yirik barjalarimiz bor. Elektr energiya ishlab chiqaruvchi GESlar qurish va ularni ishga tushirish borasida ham yetarlicha tajribaga egamiz. Biroq, ipakchilik bilan hozirgacha shugʻullanib koʻrmagan edik. Endi oʻzimizni shu sohada ham sinab koʻrish va “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan hamkorlik qilishga ahd qildik. Ayni vaqtda dunyoning 30 davlatida ipak ishlab chiqarilsa-da unga 200 ortiq davlat talabgor. Demak, bu sohaga sarmoya tiksa, albatta, foyda keladi. 

Kompaniyamiz tashkil etilganiga 35 yil boʻlgan boʻlsa, 30 yildan buyon qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksporti bilan shugʻullanamiz. Xitoyning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik qilamiz. Bosh ofisimiz Dubayda joylashgan boʻlsa-da Afrika, Yevropa va Osiyoning koʻpgina davlatlarida vakolatxonamiz ishlab turibdi. 

Biz, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi raisi B.Sharipov bilan hamkorlik borasida kelishuv memorandumi imzoladik. Bizning ipakchilik sohasidagi faoliyatimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ikkita loyiha taklif etilmoqda. Birinchisi, Toshkent viloyatidan “nol” qiymatda yer berishmoqchi. Unga sarmoya tikib, bino tiklash va mablagʻning qaytishini ikki uch yil kutish kerak. Shuning uchun bizga ikkinchi taklif: Qashqadaryo viloyatida ishlab turgan qayta ishlash korxonasiga 50 foiz ulush bilan kirish maʼqul keldi. 

Albatta, Oʻzbekistonda ishlash biz uchun sharaf. Oʻgʻlim va qizim shu yerda ish yuritmoqchi. Shu bois hozircha, 50 foiz ulush bilan qoʻshilsak, kelgusida albatta, oʻzimizning ipakchilik korxonamizni bunyod etamiz. 

Biz, Buxoroda ipakchilik, Navoiy viloyatida togʻ-kon metallurgiya sohasidagi ishlar bilan tanishish niyatidamiz. 

 Sayyora Shoyeva, OʻzA

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.