Koreya Ixtirochi ayollari Assotsiatsiyasi (KWIA), Koreya Intellektual Mulk Offici (KIPO) va Xalqaro Intellektual Mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan 20 iyundan 25 iyunga qadar Janubiy Koreyada XII Koreya Xalqaro Ixtirochi Ayollar Koʻrgazmasi — KIWIE 2019 oʻtkazildi.
Xalqaro koʻrgazma ixtirochi ayollarning fan va texnologiya sohasida erishayotgan yutuqlari, tajribalari va yaratgan yangi texnologiyalarini oʻrganish hamda ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazilib kelinmoqda. KIWIE 2019 koʻrgazmasida 30 dan ziyod davlatlardan 400 nafardan ortiq ixtirochi xotin-qiz texnika, texnologiya, tibbiyot, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yoʻnalishlari boʻyicha oʻz ixtirolari hamda innovatsion ishlanmalari bilan qatnashishdi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan 12 nafar iqtidorli xotin-qizlar Janubiy Koreyada joriy yilning 20-23 iyun kunlari oʻtkaziladigan xalqaro koʻrgazma va forumda qatnashish hamda 24-25 iyun kunlari Ixtirochi Ayollar Akademiyasida oʻtkaziladigan oʻquv kurslarida oʻz malakalarini oshirishlari uchun yuborilgan edi.
XII Koreya Xalqaro Ixtirochi Ayollar Koʻrgazmasi — KIWIE 2019 da ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari erishgan natijalari va ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini namoyish qilishdi. Oʻzbekiston olima ayollarining ixtirolari xalqaro ekspertlar tomonidan oʻrganilib, yuqori baholandi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolaridan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi boʻlim boshligʻi, professor Karima Norqulovaning “Enegiyatejamkor quritish qurilmasi” nomli ixtirosi KIWIE 2019 ning texnika-texnologiya yoʻnalishi boʻyicha maxsus sovrin — Gran-pri soxibasi hamda “Sky Beauty” kompaniyasi raxbari Abdullayeva Nazokat tomonidan yaratilgan “Zaytun yogʻi asosida ishlab chiqilgan organik sovun” kosmetika yoʻnalishi boʻyicha maxsus sovrin — Gran-pri sohibi boʻldi. Shuningdek Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronza medallarini ham qoʻlga kiritishdi.