Millat taraqqiyoti, mamlakat rivoji, ilm-fan rivojlanishi, kadrlar salohiyatida kutubxonalarning oʻrni benihoya katta. Dunyodagi eng rivojlangan mamlakatlardan biri – AQSHda jamoat kutubxonalari faoliyati anchayin yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Eng avvalo, bu mamlakatda kutubxonalar soni koʻp.
Har bir tumanida bir qancha jamoat kutubxonalari bor. Kutubxonaga tashrif buyurish uchun kitobxon uzoqqa bormaydi.
Mamlakatda hozirda 119 mingdan ziyod kutubxonalar mavjud boʻlib, shundan 16 mingdan ziyodi jamoat kutubxonalaridir. Bu esa aholisi soni 328 milliondan ziyod boʻlgan mamlakatda, bir kutubxona oʻrtacha 17 ming kishiga toʻgʻri keladi, deganidir.
Oʻzbekiston misolida aytadigan boʻlsak, avvalo bugun yurtimizda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta viloyat axborot-kutubxona markazi, tuman markazlari va shaharlardagi taʼlim muassasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazi tomonidan aholiga kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “Oʻzdavkitobsavdotaʼminoti” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa aholisi 33 milliondan oshiq boʻlgan respublikada oʻrtacha 153 ming kishiga 1 kutubxona toʻgʻri keladi, degani.
Vashington Jamoat kutubxonalari Matbuot xizmati kotibi Jorj Villiamsning bizga bergan intervyusida aytishicha, bugun birgina poytaxt Vashingtonda jami 25 ta jamoat kutubxonalari mavjud boʻlib, oʻtgan yilning oʻzida ularga 3 million 6 ming kishi tashrif buyurgan.
Bundan tashqari, jamoat kutubxonalarining kitob zaxirasi juda boy. Bu yerda turli mavzudagi turli yoshga moʻljallangan millionlab kitoblar, audio va video materiallar mavjud.
Masalan, bolalar boʻlimida, bir javonda “yosh fazogir” uchun kitoblar oʻrin olsa, yana bir javonda “mitti shifokor”lar, yana bir javonda “jajji biologlar” uchun kitoblar topishingiz mumkin.
Yana bir javonda endi oʻqishni oʻrganayotgan kitobxonlar uchun “Boʻgʻinlab oʻqiymiz” ertak kitoblarini topsangiz, yana bir javonda kattaroq bolalar uchun “Mustaqil oʻqiymiz” ertak kitoblarini topasiz.
Mamlakatimizda kitoblar yetishmovchiligi sabablimi, koʻpgina kutubxonalarda baʼzi kitoblar uyga olib ketish uchun berilmaydi. Lekin AQSHda uyga oʻnlab material (yanada aniqroq aytadigan boʻlsak 70 tagacha) kitob gazeta-jurnal, disklarni olib ketishingiz mumkin.
Kutubxonalarning onlayn xizmati yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, kitobni topshirish sanasi yaqinlashganda avtomatik tarzda internet pochtangizga eslatma xabari yuboriladi yoki kutubxonadan olgan kitobingizni belgilangan muddatda oʻqib bitirmadingizmi? Muammo yoʻq, muddatini uyda oʻtirgan holda onlayn tarzda yana choʻzdirib qoʻyishingiz mumkin.
BIROR MAVZUDAGI KITOB KERAK BOʻLIB QOLDIMI?
Unda uydan chiqmagan holda onlayn tarzda kutubxona saytidan kerakli mavzuda va kerakli yoshga mos kitob izlashingiz va siz uchun topib qoʻyishlari uchun buyurtma berishingiz mumkin (bu esa oʻzingiz borib qidirishga ketadigan vaqtingizni tejaydi). Jamoat kutubxonalarining barcha boʻlimlari bir tizimga birlashgan boʻlib, siz izlagan kitob sizga yaqin boʻlgan kutubxonada mavjud boʻlmasa, buyurtma bersangiz, kifoya! Sizga zarur boʻlgan materialni sizga yaqin boʻlgan kutubxonaga boshqa hududlardagi kutubxonalardan olib kelib qoʻyadi.
Jamoat kutubxonalari sayti turli matnli, audio, video ilmiy-oʻquv materiallariga ham juda boy boʻlib, ulardan kutubxonaga bormasdan, uyda oʻtirgan holda foydalanishingiz mumkin.
Masalan, farzandingizga nima uchun yer aylanadi, nima uchun daraxtlar kuzda bargini toʻkadi, nima uchun shamol esadi qabilidagi savollarga javobni sodda tilda, koʻrgazmali tarzda tushuntirishni istasangiz, unda marhamat, kutubxona saytiga tashrif buyuring.
Kutubxona pullik maʼrifiy saytlar bilan ham shartnoma tuzgan boʻlib, kutubxonaga tashrif buyurgan kitobxon ana shu saytlardan bepul foydalanishi mumkin.
Baʼzi jamoat kutubxonalarida koʻplab kompyuterlar oʻrnatilgan boʻlib, internet xizmatidan, hatto skaner, kserokopiya, faks kabi xizmatlardan bepul foydalanishingiz mumkin.
BOLALARINGIZGA ERTAK AYTIB BERISHSA…
Kutubxona uzluksiz ravishda bolalar va kattalar uchun turli mavzularda tadbirlar uyushtiradi.
Masalan, har haftaning dushanbasida 2 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun “Ertaklar olami” soati tashkil etilsa, haftaning yana qaysidir kunida 2 yoshdan 4 yoshgacha boʻlgan bolalar, yana boshqa kuni esa 4-6 yashar bolalar uchun tashkillashtiriladi.
Ularda kutubxonachilar bolalarga juda qiziqarli tarzda, turli qoʻl oʻyinchoqlari yordamida ertaklar aytib beradilar, bolalar bilan birgalikda qoʻshiq kuylaydilar, hattoki raqs ham tushadilar.
Yana qaysi bir kuni qiziquvchilar uchun toʻqish mashgʻuloti tashkil etilsa, yana qaysi bir kuni kompyuter savodxonligi darsi tashkil etiladi. Yana qaysi bir kuni “Keling, jahon madaniyati bilan tanishamiz” soati tashkil etilsa, yana bir kun “Yozishni oʻrganamiz”, “Jajji olim va olimalar”, “Oilaviy mutolaa soati” kabilar tashkil etiladi.
Masalan, Vashington Jamoat kutubxonalari Matbuot xizmati kotibi Jorj Villiamsning bizga bergan maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yilda birgina poytaxt kutubxonalarining oʻzida “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” soatlari jami 866 marta tashkillashtirilgan boʻlib, ularda 34309 nafar bola ishtirok etgan.
Kutubxona xodimlari nafaqat kutubxonaning oʻzida, balki turli maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablarga ham tez-tez tashrif buyurib, bolajonlar uchun bir-biridan qiziqarli tadbirlar oʻtkazadilar.
Masalan, oʻtgan yilda poytaxtdagi turli bogʻcha va maktablarda 104 marotaba ana shunday tadbirlar oʻtkazilgan.
“Jamoat kutubxonalarining “Goʻdaklikdan mutolaa” loyihasi ayniqsa bolalarning sevimli loyihasidir. Yaʼni bunda jamoat kutubxonalari 5 yoshgacha boʻlgan bolalarga yoshiga mos ravishda sovgʻa tariqasida uyiga har oyda bepul kitob joʻnatadilar. Oʻtgan yili Vashington Jamoat kutubxonalari jami 30, 3578 nafar bolaga kitob sovgʻa qildi”, deydi J.Villiams.
Kutubxonada nafaqat kitoblar, balki oʻyinchoqlar ham topishingiz mumkin. Kutubxonaga kelgan jajji kitobxoningiz kitob mutolaasidan charchaganida oʻyinchoqlar oʻynab biroz dam olishi, soʻng yana kitob mutolaasini davom ettirishi mumkin. Umuman kutubxonaga kelgan bola hech qachon zerikib qolmaydi.
Yana bir muhim jihati, kutubxonachilar doim xushmuomala va doim yordamga tayyor. Bu yerga kelgan kitobxon albatta yaxshi kayfiyat bilan qaytadi.
Kishilarni kutubxonalarga tez-tez tashrif buyurishi, kitoblar olib, mutolaa qilishga daʼvat etishda kutubxonalarning oʻrni ulkan. Mamlakatimiz kutubxonalari faoliyati ham jahonning ana shunday kutubxonalaridan namuna olsa arziydi.
Oydin Saʼdullayeva, AQSH
Manbaa: OʻzA
Judayam chiroyli ekan qani men ham aqshda bo’lib qolsam edi.