Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida ikki mamlakat sayyohlik operatorlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Britaniya mustaqil turoperatorlar assotsiatsiyasi (AITO), Britaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi (AVTA) va bu sohada faoliyat koʻrsatadigan qator kompaniyalarning vakillari qatnashdilar. Shuningdek, videokonferensiya aloqasi vositasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlari hokimlarining oʻrinbosarlari, sayyohlik operatorlari, “Hunarmand” uyushmasi vakillari ham ishtirok etdilar. Ular britaniyalik qatnashchilarni har bir mintaqaning sayyohlik imkoniyatlari, oʻziga xosliklari va sayohat paketlari bilan tanishtirishgani barobarida oʻzaro hamkorlik yuzasidan aniq takliflarini bayon etdilar.
Davra suhbatida sayyohlik industriyasi uchun sharoitlarni yaxshilash, shu jumladan, viza rejimini soddalashtirish, infratuzilmani modernizatsiyalash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar atroflicha muhokama etildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari sifatida Buyuk Britaniyada boʻlib turgan Islom sivilizatsiyasi markazining direktori Shoazim Minovarov mamlakatimizning ziyorat sayyohligi borasidagi imkoniyatlarini taqdim etdi. Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasining boy madaniy-tarixiy merosi, meʼmoriy yodgorliklar, oʻlkamiz muzeylarida saqlanayotgan noyob qoʻlyozma va osori-atiqalar xususida atroflicha fikr yuritildi.
Britaniya mustaqil turoperatorlar assotsiatsiyasi (AITO) boshqaruvchi direktori Keyt Kenvord mamlakatimizning sayyohlik salohiyatiga yuqori baho berar ekan, Oʻzbekiston britaniyalik sayohatchilar uchun tobora ommabop yoʻnalish boʻlib borayotganini aytdi. Oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan turoperatorlar assotsiatsiyasi oʻzbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qilar ekan, Oʻzbekistonning turli mintaqalarini qamrab olgan sayyohlik paketlari haqidagi muntazam axborot almashuvini yoʻlga qoʻyishni taklif etdi.
Britaniyaning “TransIndus” sayyohlik kompaniyasi menejeri Eydan Makfan respublikamiz noyob tabiiy sharoitga ega ekanligi haqida toʻxtalib, ekosayyohlikni rivojlantirish imkoniyatlari haqidagi fikr-mulohazalarini oʻrtoqlashdi. Uning aytishicha, britaniyalik sayyohlar Oʻzbekistonning nafaqat koʻhna tarixi va madaniyati, balki ajoyib tabiiy manzaralari bilan ham oshno boʻlishni istashadi.
“El Sawy” sayyohlik kompaniyasi direktori Prins El-Savi oʻzbeklar zaminida joylashgan va musulmon dunyosida alohida oʻrin tutadigan, turli mamlakatlarning ziyoratchilarini oʻziga tortib turadigan muqaddas qadamjolarga katta qiziqish bildirdi. U Buyuk Britaniyadan ziyorat sayyohligini tashkil etish yuzasidan oʻzbek kasbdoshlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanini aytdi. “Bu borada ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasida charter aviaqatnovlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyati ham yoʻq emas”, dedi u.
“Mantis Collection Ltd” turkompaniyasining vakili esa Oʻzbekistonga borayotgan sayyohlar soni tobora ortib borayotganini eʼtirof etar ekan, xorij sarmoyasi hamda yetakchi brendlarni jalb etgan holda Buxoroda mehmonxona majmuini qurish loyihasiga qiziqish bildirdi.
Muxtasar qilib aytganda, davra suhbati qatnashchilari videokonferensiya aloqasi vositasida oʻtgan ushbu tadbir Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya sayyohlik operatorlari oʻrtasida muloqotni davom ettirish yuzasidan mushtarak qiziqishning mavjud ekanligini namoyon qilganini aytdilar. Bundan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri aloqaning taʼminlanishi uchun Facebook tarmogʻida alohida kanalni tashkil etish ham taklif qilindi. Shuningdek, sheriklar bilan V2V shaklidagi muzokaralarni oʻtkazish uchun Oʻzbekistonga, uning turli mintaqalariga tanishuv safarlarini tashkil etish gʻoyasi ham tadbirning britaniyalik qatnashchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Manba: “Jahon” axborot agentligi