Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollar Muloqot klubi

0
198
marta koʻrilgan.

Ushbu oyda  yaʼni 2021-yil 3-dekabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollar Muloqot klubi (Diskussion klubi) tashkil etilib,  «Muloqot klubi toʻgʻrisida»gi nizom tasdiqlandi.

Muloqot klubi (Diskussion klub) ayollar tadbirkorligi sohasida fikr va ilgʻor tajribalarni muntazam almashish, biznes va mintaqaviy savdoni rivojlantirish, sarmoya jalb etishning dolzarb masalalarini muhokama qilish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etilgan. Shuningdek, klub innovatsion biznes modellarini oʻzaro oʻqitish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha eng yaxshi amaliy yechimlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishning iqtisodiy va ijtimoiy sababi aniq: gender tenglikni yuksaltirish. Gender tenglikni yuksaltirish esa iqtisodiy oʻsishga yordam beradi. Bu oʻz navbatida mamlakat taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatadi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, ayollar oʻz daromadlaridan oʻz jamiyati va oilalariga erkaklarga qaraganda yuqori surʼatda qayta sarmoya kiritishadi.  Shuning uchun xotin-qizlarning farovonligi va imkoniyatlarini oshirish jamiyatga koni foyda hisoblanadi.

McKinsey- MsKinsey tadqiqotida ayollarning iqtisodiyotdagi ishtirokining 25% ga oshishi YAIMning 11% ga oshishiga olib kelishi aniqlangan.

Boston Consulting Group (BCG) tahlillari shuni koʻrsatadiki, agar butun dunyo boʻylab ayollar va erkaklar tadbirkor sifatida teng ishtirok etsalar, global YAIM(yalpm ichki mahsulot) oxir-oqibat taxminan 3-6 foyizga oʻsishi mumkin, bu esa jahon iqtisodiyotining 2,5-5 trillion AQSH dollari miqdorida oʻsishiga olib keladi.

Bu dalillar tadbirkor ayollar dunyoni oʻzgartirish uchun ulkan salohiyat va katta kuchga egaligini isbotlaydi. Tadbirkorlikdagi gender tafovutni bartaraf etish va ayollarga imkoniyatlar berish butun dunyo boʻylab bozorlarga yangi gʻoyalar, xizmatlar va mahsulotlarning kirib kelishini taʼminlaydi.

Afsuski, tadbirkor ayollarga erkak hamkasblariga qaraganda ancha qiyin. Ular jamiyatda va oilada koʻplab kurashlarga duch kelishmoqda. Ular jahon va jamiyat iqtisodiyoti uchun foyda keltirishiga qaramay, ayollar boshchiligidagi korxonalar statistik jihatdan zaifroq hisoblanadi.

Ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi tadbirkor ayollar faoliyatiga  salbiy taʼsir koʻrsatdi, biroq biznes uchun raqamli formatga oʻtish va yashil texnologiyalarni oʻzlashtirish yoʻlida yangi imkoniyatlar ochib berdi. Ayollar oʻzgarishlarning muhim omilidir, va ularning salohiyatidan foydalanish inqirozdan soʻng barqaror va har tomonlama iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun muhim ahamiyatga ega boʻladi.

2021-yil 3-dekabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti shafeligida Markaziy Osiyo tadbirkor ayollarining Muloqot klubi- Diskussion klubining inauguratsion yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Tadbirkor ayollarni moliyalashtirish tashabbusi (We-Fi) moliyalashtiradigan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Tadbirkor ayollar” Markaziy Osiyo dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Klubning maqsad va vazifalari ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va bu boradagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha muloqot maydoni vujudga keltirishdir. Bundan tashqari, davlat organlari va xususiy sektor vakillari bilan hamkorlikda xotin-qizlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va qoʻllab-quvvatlash borasidagi shart-sharoitlarni muhokama qilishdan iborat. Xususan, xotin-qizlar biznesi vakillari huquqiy muhitining ularning kundalik faoliyatiga taʼsiri, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yoʻllari haqida oʻz fikr va mulohazalari bilan oʻrtoqlashishdir.

Diskussion klub inauguratsion yigʻilishining ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Norbayeva va Muloqotning boshqa aʼzolari, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, “BMT Ayollar” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Aliya El-Yassir va YeTTBning Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvi direktori Jujanna Xargitay nutq soʻzladilar. Yigʻilishda mintaqa mamlakatlari vazirlik va idoralari, diplomatik korpus, biznes tuzilmalar va birlashmalar, xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi. Muhokama moderatori rolini BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska bajardi.

BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger Muloqat klubi Markaziy Osiyoda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini oʻrganish boʻyicha ajoyib tashabbus boʻlib, dolzarb muammolarni aniqlash va ularga birgalikda yechim topishga yordam berishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva oʻz nutqida Muloqot klubi Markaziy Osiyo tarixidagi ilk mintaqaviy platforma ekanligini taʼkidladi: “Ishonchim komilki, xususiy va davlat sektorlari, xalqaro ekspertlar va hamkorlar ishtirokidagi ochiq, konstruktiv muhokamalar mamlakatlarimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi”.

Yigʻilishda Markaziy Osiyo tadbirkor ayollarining Muloqot klubi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Maʼlumot uchun: Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti mintaqada barqaror rivojlanish, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga koʻmaklashishda barcha ayollarning rolini kuchaytirish tarafdori boʻlgan norasmiy koalitsiyadir. Muloqot 2020 yil 23 dekabr kuni BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) va BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) Yevropa va MDH davlatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi tomonidan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining birinchi uchrashuvida rasman boshlagan edi. Muloqotda mintaqaning beshta davlati – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston vakillari ishtirok etdi.

Ushbu xalqaro Muloqot klubi gender tenglikni taʼminlashda, xotin-qizlarning tadbirkorlik huquqlari va  faoliyatini himoya qilishda munosib xizmat qiladi, deya ishonamiz va ezguliklar kutib qolamiz.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.