MARKAZIY OSIYODA SIL KASALLIGINI ANIQLASHNI KUCHAYTIRISH MAQSADIDA AQSH, OʻZBEKISTON VA QOZOGʻISTON  MUTAXASSISLARI TAJRIBA ALMASHDILAR

0
312
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston sil kasalligi laboratoriyalari mutaxassislari AQSH homiyligida Qozogʻistonga uyushtirilgan oʻquv safarida ishtirok etib  qaytdilar.

Mazkur safar davomida ular Qozogʻistoning Milliy sil kasalligi va pulmonologiya markazi hamda Olma-ota va Ostonadagi hududiy laboratoriyalarga tashrif buyurdilar. U yerda oʻz hamkasblari bilan uchrashib, sil kasalligini tekshirish hamda laboratoriyani boshqarish boʻyicha tajriba almashdilar.

Amerika Qoʻshma Shtatlari halokatli, ammo davosi mavjud boʻlgan mazkur kasallikka barham berish borasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikda ishlab kelayapti. Amerika Qoʻshma Shtatlari Xalqaro rivojlanish agentligi (YUSAID)tomonidan tashkil etilgan oʻquv seminarida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashgan ftizatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining  sil kasalligi  laboratoriyalari mutaxassislari, shuningdek, Buxoro, Qarshi, Navoiy, Urgenchdagi hududiy laboratoriyalar vakillari  ishtirok etdilar.

Hamkorlik va oʻzaro tajriba almashish sil kasalligining  oldini olish, tashhis qilish hamda davolash imkoniyatlarini yuksaltirishga qaratilgan. Safar mobaydina Oʻzbekistondagi laboratoriyalar mutaxassislari AQSHda ishlab chiqarilgan GeneXpert® moslamasidan foydalangan holda oʻz malakalarini yanada oshirish imkoniga ega boʻldilar. Mazkur moslama kasallikni tezkor tashhis qilish va samarali davolash uslubini aniqlash imkonini beradi.

Shuningdek, Oʻzbekistonlik  va Qozogʻistonlik hamkasblar sil dardini aniqlash testlarining samarali boʻlishi, laboratoriya biohavfsizligi hamda maʼlumotlarni elektron kiritish va almashish boʻyicha sifatli boshqaruv borasida ham tajriba almashdilar.

Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻzining umumiy qiymati 7,6 million AQSH dollariga teng boʻlgan sil kasalligiga qarshi kurashishga qaratilgan 5 yillik dasturi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga sil kasalligini oldini olish milliy dasturini amalga oshirishda koʻmaklashmoqda. Mazkur dasturning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda sil kasalligi yukini kamaytirish va kasallikning koʻp dori-darmonlarga turgʻun shakllarini oldini olishdan iborat. 

AQSH elchixonasi matbuot xizmati 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.