Mashhur ayollar:Yangi Zelandiyaning sobiq bosh vaziri Jasinda Ardern

0
150
marta koʻrilgan.

Yangi Zelandiyaning sobiq bosh vaziri Jasinda Ardern yangi muddatga saylanish u yoqda tursin, endi oʻz vazifalarini bajarishga ham kuchi yetmasligini shu yil 19 yanvarda eʼlon qildi. Ardern charchaganini va bu charchoq mamlakatga xizmat qilish uchun halal berayotganini bildirdi. Bosh vazir oʻzining besh yarim yillik boshqaruvi davomida mamlakat yetakchisi milliy manfaatlar yoʻlida rahm-shafqat va hamdardlik tamoyillariga amal qilishi, shu bilan birga eng muhim, murakkab qarorlar qabul qilishi mumkinligini oʻz misolida koʻrsata oldi. Yangi Zelandiya COVID-19 pandemiyasi paytida oʻzining qattiq karantin choralari bilan dunyoga mashhur boʻldi. 

 Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern 19 yanvar kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida nima uchun isteʼfoga chiqmoqchi ekanligini shunday soʻzlar bilan izohladi: Men ketyapman, chunki bu imtiyozli lavozim masʼuliyat bilan birga keladi. Bu masʼuliyat qachon mamlakatni boshqarish uchun munosib nomzod boʻla olishingiz va qachon boʻla olmasligingizni anglashni ham bildiradi.

Ardern kelgusi uch yillik muddat uchun kuch topishga rosa uringani, ammo kuch topa olmagani haqida gapirayotib, ovozi titrab ketdi. Ardernning isteʼfosi 25 yanvar kuni rasmiylashtirildi.Shu kuni mamlakatda hukmron Leyboristlar partiyasi Kris Xipkinsni yangi bosh vazir etib sayladi. Jurnalistlar «jasindamaniya» davri tugaganini eʼlon qilishdi.

Bu davr 2017 yil avgust oyida boshlangan edi. Parlament saylovlariga bir yarim oy qolganda Leyboristlar partiyasining reytingi uning yetakchisi Endryu Littlning yetarlicha mashhur emasligi tufayli tushib ketayotgan edi. U isteʼfoga chiqdi va partiyani 37 yoshli Ardern boshqara boshladi. Birinchi haftada u partiya reytingini toʻqqiz foizga koʻtarib, 33 foizga yetkazdi.

Saylovda Ardern konservativ Milliy partiyadan saylangan amaldagi bosh vazir Bill Inglish bilan kurash olib borishi kerak edi. Siyosatshunoslar leyboristlarning magʻlubiyatini bashorat qilar, Inglishning oʻzi esa mashhurlikka erishayotgan raqibasi haqida mensimay gapirardi. Oxir-oqibat leyboristlar bu saylovlarda toʻlaqonli gʻalabaga erisha olmagan boʻlsa-da, biroq Ardernning sharofati bilan qoʻshimcha ovozlarga ega boʻldi, bu esa partiyani parlamentda koʻproq oʻrin bilan taʼminladi va koalitsiya tuzishga yordam berdi. Ardern koalitsion hukumat rahbariga aylandi. 

Yangi Zelandiya boshqaruvidagi ikkinchi yili Ardern birinchi marta xalqaro yulduzga aylandi. Davlat arbobi sifatida emas, balki mehnatsevar ona sifatida namoyon boʻldi. Ardern farzandini emizishdan voz kechishni istamadi va uch oylik qizini xizmat safariga — Janubiy Afrika yetakchisi Nelson Mandela tavalludining 100 yilligi xotirasiga bagʻishlangan BMT tomonidan oʻtkaziladigan tinchlik sammitiga hamda BMT Bosh Assambleyasi yigʻilishiga olib bordi. Ardern bilan birga uning hamkori va farzandining otasi Yangi Zelandiyaning Choice TV telekanalining baliq ovlash haqidagi koʻrsatuv boshlovchisi Klark Geyford ham bor edi. U va goʻdak majlislar zalida Ardernning Mandela merosi va teng huquqlar uchun kurash haqidagi ilhomlantiruvchi nutqini tinglashdi.

Guardian nashri Ardernning ushbu harakatini «tarixiy voqea» deya sharhladi. Biroq siyosatchining oʻzi bir vaqtda bir necha ishni bajarishi kerak boʻlgan birinchi va oxirgi ona emasligini taʼkidladi. Shuningdek, u koʻpchilik ayollardan farqli oʻlaroq, farzandini oʻzi bilan «ishga» olib borish baxtiga muyassar boʻlgani haqida qoʻshimcha qildi. Darhaqiqat, Ardern mamlakatni boshqarish davomida farzand dunyoga keltirgan dunyodagi ikkinchi ayol hisoblanadi. Birinchisi 1990 yili Pokiston bosh vaziri Benazir Bhutto boʻlgan edi.

2019 yilning bahorida Kraystchyorch shahrida sodir boʻlgan terakt qisqa vaqt ichida Yangi Zelandiyani dunyo yangiliklarining asosiy mavzularidan biriga aylantirdi. Ikki xil miltiq  bilan qurollangan oʻta millatchi shaxs  15 mart kuni  juma namozi vaqtida ikki masjidda namozxonlarga hujum qilib, 51 kishini oʻldirib, oʻnlab odamlarni yarador qildi. Hujumdan oldin u muhojirlar va musulmonlarga qarshi gʻoyalar bilan «manifest» eʼlon qilgan va hujumni Facebook`dagi sahifasida jonli efirda namoyish qilgan.

Ushbu teraktdan soʻng Ardern endi davlat boshida turgan yosh ona sifatida emas, balki oʻz mamlakati tarixidagi eng ogʻir inqirozlardan birini munosib tarzda yengib chiqqan siyosatchi sifatida mashhur boʻldi. Hujumdan bir necha kun oʻtgach, Ardern Yangi Zelandiyada qurol nazorati qoidalari keskin kuchaytirilishini eʼlon qildi. Apreldayoq, yaʼni hujumdan bir oy oʻtib, oʻzi zaryadlanadigan qurolga ega boʻlishga toʻliq taqiq joriy qilindi. Shu bilan birga, hukumat aholidan taqiqlangan qurollarni sotib olish dasturini ishga tushirdi.

Ardern jahon yetakchilari va texnologiya kompaniyalarini terroristik va ekstremistik materiallarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishiga qarshi kurashishga chaqirdi va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birgalikda tashabbusini ilgari surdi — bu kelishuv bir necha oʻnlab mamlakatlar hukumatlari va eng yirik texnologiya kompaniyalari, jumladan Meta va Google tomonidan imzolangan.

Ammo hammasidan koʻproq — Yangi Zelandiyada ham, butun dunyoda ham — bosh vazirning hujumga qanday munosabatda boʻlgani ommaning nazariga tushdi. U halok boʻlgan va jarohatlangan odamlarnikidan farqli oʻlaroq, jinoyatchining ismini, u tarixda qolmasligi uchun, talaffuz qilishdan  bosh tortdi. Kraystchyorchdagi musulmonlar jamoati aʼzolari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda u islom qoidalariga rioya qilgan holda boshini roʻmol bilan oʻrab, qurbonlarning yaqinlariga tasalli berishga harakat qildi. Terakt chogʻida halok boʻlganlar xotirasiga bagʻishlangan motam tadbirida soʻzga chiqqan Ardern, mamlakat bu qaygʻuda hamjihat ekanini taʼkidladi. 

Har qanday kamsitish va shovinizmga qarshi kurash Ardern siyosati va shaxsiy qadriyatlarining muhim qismidir. Bosh vazir sifatida u Yangi Zelandiyaning tub aholisi — maori xalqini faol qoʻllab-quvvatladiyu. Hozir ular mamlakat aholisining 17 foizini tashkil qiladi. U oʻz nutqlarini maori tilida boshlaydi, shuningdek, maori halqining anʼanaviy liboslarida omma huzuriga chiqadi. Jumladan, Yelizaveta II ning dafn marosimida ham ushbu libosda qatnashdi.

Ardern ayollar huquqlari uchun faol kurash olib borgan. U Yangi Zelandiyada abortni butunlay dekriminallashtirishga erishdi.  «Hayz qashshoqligiga» yaʼni qizlar va ayollarning gigiyena vositalarini sotib olishga imkori boʻlmagan vaziyatga  qarshi kurash dasturining bir qismi sifatida Ardern hukumati maktablarga bepul tarqatish uchun ayollar gigiyenasi vositalarini sotib olishni boshladi. Bundan tashqari, bosh vazir ayollarga nisbatan boʻlayotgan zoʻravonliklarga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi haqida gapirdi, ammo uning oʻzi butun siyosiy faoliyati davomida bunga duch keldi.

Yangi Zelandiya ommaviy axborot vositalarining  erkak jurnalistlari  Ardernga qitmir va haqoratli savollar berishgan. Avstraliyaning «60 daqiqa» telekoʻrsatuvida boshlovchi  «muhim siyosiy savol» bermoqchiligi haqida ogohlantirib, homilador Ardern va uning sherigi bilan chaqaloq tugʻilishi kutilayotgan sanani soʻradi. Javob olgach, boshlovchi davom etdi: «Qiziq, hozir qancha odam qancha kun qolganini sanay boshladi ekan. Olti farzandning otasi sifatida men, albatta, odamlarning farzand koʻrishni xohlashida hech qanday yomon narsa yoʻqligini tushunaman. Saylov kampaniyasi chogʻida farzand koʻrishning nimasi yomon?».

Ardernning Finlyandiya rahbari Sanna Marin bilan muzokaralari haqida oʻtkazilgan matbuot anjumanida bir erkak muxbir ikkalasini soʻroqqa tutdi va ikkalasi ham ayol ekanligi va deyarli bir xil yoshda boʻlgani uchun uchrashishga qaror qilishganini gapirdi. Jasinda Ardern 42 yosh, Sanna Marin 37 yosh. Jasinda Ardern savolga savol bilan javob berdi: «Qiziq, AQSH prezidenti Barak Obama Yangi Zelandiyaning sobiq bosh vaziri Jon Ki bilan uchrashganida, kimdir ulardan yoshlari teng boʻlgani uchun bir-birlarini koʻrishga qaror qildilarmi, deb soʻradimi ekan».  Obama va Ki oʻrtasidagi yosh farqi atigi besh kunligini taʼkidladi.

Ardernning oʻzi AQSH prezidenti bilan birinchi marta bosh vazir lavozimiga kirishgandan soʻng, 2017 yil noyabrida Sharqiy Osiyo mamlakatlari sammitida uchrashgan.  Sammit mehmonlari tantanali kechki ovqatga taklifni kutar ekan, oʻsha paytdagi AQSH prezidenti  Donald Tramp yonida turgan erkakka baland ovozda  Ardernga ishora qiladi va shunday deydi: «Bu xonim oʻz vatanida koʻpchilikni xafa qildi!». Bunga javoban Yangi Zelandiya bosh vaziri hazil bilan Trampga saylovdagi gʻalabasidan keyin «hech boʻlmaganda norozilik namoyishlari boʻlmaganini» eslatdi. 

Biroq, bir necha yil oʻtgach, Ardernning oʻziga qarshi marshlar oʻtkazildi: hukumatning pandemiyaga qarshi kurash usulidan norozi boʻlib, odamlar Yangi Zelandiya shaharlari koʻchalariga chiqdi. Ardern mamlakatda «vaksinalarni taqsimlash» va karantin cheklovlari sababli yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarda ayblandi. Koronavirusga qarshi kurash avvaliga Ardernni yana xalqaro yulduz va namunaga aylantirdi hamda mamlakat ichkarisida misli koʻrilmagan siyosiy muvaffaqiyatlarga erishishga yordam berdi. 2020 yil kuzida boʻlib oʻtgan saylovlarda Ardern boshchiligidagi leyboristlar katta farq bilan gʻalaba qozondi — ular mamlakat parlamentidagi 120 oʻrindan 64 tasini qoʻlga kiritdi. Oxir-oqibat, Ardern hukumatining pandemiyaga qarshi kurashi muxoliflar tili bilan gapirganda, «jasindamaniya»ga chek qoʻydi va Yangi Zelandiya rahbarining mashhurligiga putur yetkazdi.

2020 yil mart oyida Yangi Zelandiya birinchilardan boʻlib oʻz chegaralarini mamlakatda istiqomat qilmaydigan chet elliklar uchun toʻliq yopdi va 23 mart kuni mamlakatda jami 100 ga yaqin infeksiya holati qayd etilganida, oʻz fuqarolari uchun eng qattiq karantinni joriy qildi. 2020 yilning may oyida Ardern hukumati parlament orqali kelajakda koronavirusga qarshi kurash choralarini tartibga solishi kerak boʻlgan qonun qabul qildi, biroq ayni paytda politsiyaga yangi vakolatlar berdi — masalan, politsiya karantinni buzganlikda, yaʼni uyida ziyofat berayotganlikda gumon qilinayotgan odamlarning uylariga ordersiz kirishi mumkin boʻldi. Parlament muxolifati bu choralarni «vahshiyona» deb va 10 dan ortiq odam yigʻilishini qonun bilan taqiqlashni, marosimlarda qatnashishni xohlaydigan dindorlarga, shuningdek, dafn marosimini oʻtkazishga muhtoj boʻlganlarga nisbatan «gʻayriinsoniy» deb atadi.

Shu bilan birga, Ardernning oʻzi ham mamlakat fuqarolariga rasmiylar nima qilayotganini va nima uchun bunday choralar koʻrilayotganini iloji boricha aniq tushuntirishga harakat qildi, Vellingtondagi rasmiy qarorgohida oʻzini izolyasiya qildi va odamlarni oʻz namunasi bilan ilhomlantirish va oʻzining «besh millionlik jamoasi»ga (u yangi zelandiyaliklarga shunday murojaat qilardi) umid bagʻishlash uchun Facebook`da muntazam ravishda norasmiy efirlar uyushtirdi.

Yangi Zelandiya koronavirusning birinchi epidemiyasini ham, delta shtammining avj olishini ham eng kam qurbonlar soni bilan yengishga muvaffaq boʻldi: 2022 yil 1 mart holatiga koʻra, mamlakatda pandemiya boshidan buyon COVID-19 sababli atigi 68 kishi vafot etgan edi. Taqqoslash uchun, Finlyandiyada xuddi shu sanada taxminan 2,8 mingdan ortiq odam koronavirus qurboniga aylangan. Ammo Yangi Zelandiya endi yuqumli omikron shtammi bilan unchalik samarali kurasha olmadi. 2022 yilda mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar soni 60 baravarga oshdi.

2022 yil boshida epidemiologlar Yangi Zelandiya omikron epidemiyasi uchun tayyor emasligi haqida ogohlantirishdi: odamlar yetarli miqdorda buster dozalarni qabul qilmagan, 5 yoshdan 11 yoshgacha boʻlgan bolalarni emlash hali boshlanmagan, bu turdagi koronavirusning inkubatsiion davri qisqa boʻlganligi sababli odatdagi karantinlar samarasiz boʻlishi eʼlon qilingan edi. Ardern oʻz toʻyini bekor qildi (u va uning hamkori hali ham rasmiy nikohda emas) va hukumat cheklovlarni tiklashni boshladi — masalan, ommaviy yigʻilishlarga faqat 100 kishidan koʻp boʻlmagan, emlangan odamlar qatnashishiga ruxsat berildi.

Karantin cheklovlaridan toʻplangan charchoq noroziliklarning yana kuchayishiga sabab boʻldi. Ushbu harakatlarning eng shov-shuvli epizodlaridan biri 2022 yil mart oyida Vellingtondagi namoyishchilar lagerining tarqatib yuborilishi boʻldi. Namoyishchilar uch hafta davomida poytaxt markazidagi parlament oldidagi maydonni tark etmadi, mart oyi boshida politsiya namoyishchilardan tarqalishni talab qildi. Ulardan baʼzilari boʻysunishdan bosh tortdi, politsiya bilan toʻqnashuvlar boshlandi, ular rezina oʻq va koʻzdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob berdi. Ardern oʻz chiqishlarida namoyishchilarni keskin qoraladi: «Bu bizning politsiyamizga hujum, parlamentimizga hujum, qadriyatlarimizga hujum va bu katta xatodir», — dedi.

2022 yilgi norozilik namoyishlarida pandemiyaning dastlabki ikki yilidagi kabi nafaqat anti-vakserlar (emlanishga qarshi insonlar guruhi), balki shu vaqt ichida toʻplanib qolgan muammolar, dunyo boʻylab oʻsishni boshlagan inflyasiya, jiddiy tus olgan iqtisodiy muammolardan norozi boʻlganlar ham qatnashgan edi. Ardernga uning oʻzi bergan, lekin bajarilmagan, jumladan boshqaruvining boshida bergan vaʼdalarini eslata boshlashdi. U bolalar qashshoqligini keskin kamaytirmoqchi ekanini bildirgandi, ammo bu borada sezilarli oʻzgarish boʻlmagan va bolalar qashshoqligi hamon 20 foiz atrofida edi. Vaʼda berganiga qaramay, Ardern mulkiy tengsizlikni ham qisqartira olmadi: u eng badavlat kishilar uchun soliqlarni oshirishni taklif qilgandi, ammo bu taklif amalga oshmadi — eng boy 10 foiz aholi hozirda mamlakat umumiy boyligining taxminan yarmiga egalik qilmoqda. Aholida katta kredit yuki bor, yashash qiymati esa oshib bormoqda.

Ardernning saylovoldi dasturida 2017 yildayoq uysizlar va ehtiyojmandlar uchun 100 mingta yangi uy qurilishi koʻzda tutilgan edi. Ammo, 2018 yili bazoʻr 140 ta uy qurilgach, hukumat — uy-joy muammosini hal qilish va uysizlarga yordam berishni davom ettirishni vaʼda qilgan boʻlsa-da — «100 ming uy» degan rasmona maqsaddan voz kechdi. Imtiyoz va soliq choralari yordamida qurilishni ragʻbatlantiruvchi hamda yirik shaharlarda bittagina oila uy qurishi uchun yer ajratishni taqiqlovchi qonunlar qabul qilindi.

Pandemiya boshidagi koronavirusga qarshi kurash kampaniyasi Ardernning eng asosiy yutugʻi boʻlib qoladi, Yangi Zelandiya bu kurashni boshqa davlatlarga nisbatan yaxshiroq uddaladi, uning iqtisodiyoti ertaroq oʻsa boshladi, ishsizlik darajasi past boʻldi, deya sobiq bosh vazirning yutuqlarini sanaydi yangizelandiyalik iqtisodchi Shamubil Ikub The New York Times’ga taqdim etgan maqolasida.  Ammo, endi mamlakatni pandemiya davomida jahondagi barcha davlatlar duch kelgan muammolar quvib yetdi, iqtisodiyotning oʻsishiga koʻpdan beri xalal berib kelayotgan jihatlar esa yuzaga chiqib qoldi, endi bularning barini Ardernning oʻrniga keladigan bosh vazir Kris Xipkins hal qilishi lozim. hukmron Leyboristlar partiyasidan yagona nomzod boʻlgan bu inson ungacha mamlakatning taʼlim vaziri sifatida ishlab kelgan. 

Dunyoni pandemiya qamrab olib, jahon iqtisodiyoti orqaga ketgan bir ogʻir davrda ishlagan siyosatchi ayol va ayni paytda chaqaloqli onaning amalga oshirgan ishlari, saʼy-harakatlari  eʼtirofga loyiq. 

Madinaxon TOPILOVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.