“TurStat” portali yangi 2020 yil bayrami arafasida MDH mamlakatlari shaharlarida oʻrnatilgan eng baland archalar reytingini eʼlon qildi.
Reyting archalarning balandligi tadqiqot natijalari asosida tuzilgan. Xabarda taʼkidlanishicha, MDH mamlakatlarining poytaxtlarida oʻrnatilgan archalar top-10ligiga Ashxabod (40 metr), Yerevan (37 m), Toshkent (36 m), Baku (34 m), Minsk (30 m), Dushanbe (29 m), Moskva (27 m), Bishkek (27 m), Nur-Sulton (25 m) va Kishinev (20 m) shaharlarida oʻrnatilgan archalar kiritilgan.
Reytingda birinchi oʻrini egallagan Turkmanistonning 40 metrlik bosh archasi Ashxaboddagi “Alem” (“Olam”) madaniy-koʻngilochar markaz yaqinidagi maydonga oʻrnatilgan. Archaning chiroqlari tantanali ravishda joriy yilning 15 dekabr kuni yoqildi.
Ikkinchi oʻrinni egallagan Armanistonning bosh archasi Yerevanda oʻrnatilgan boʻlib, balandligi 37 metrni tashkil etadi. Uning chiroqlari joriy yilning 21 dekabr kuni yoqildi.
Poytaxtimizda oʻrnatilgan bayram archasi uchinchi oʻrinni egalladi. 36 metrlik mazkur archa Toshkentdagi Istiqlol koʻchasidagi Alisher Navoiy nomli Milliy kutubxona yaqinida 2019 yilning 10 dekabr kuni oʻrnatildi.