Bu haqda “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” xalqaro anjumani doirasida oʻtgan “Xalqaro mehnat bozorining globallashuvi jarayonida Oʻzbekistonning oʻrni va istiqbollari” panel sessiyasida maʼlum qilindi.
Insoniyatning butun taraqqiyoti davomida migratsion jarayonlar jahonning demografik manzarasi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Demografik koʻrsatkichlar esa anʼanaviy ravishda xalqaro migratsiyaning kengayishiga sabab boʻlgan.
Tashki mehnat migratsiyasi masalalariga bagʻishlangan tadbirda hozirgi kunda migratsiya jahon hamjamiyatini xavotirga solayotgan dolzarb muammolarning biriga aylangani taʼkidlandi. Migratsiya muammolari kishilik jamiyati shakllangandan buyon mavjud va oʻtmishda migratsiyani vujudga keltirgan omillar ayni kunlarda ham saqlanib turibdi.
Bejizga 2000 yil 4 dekabr BMT Bosh Assambleyasi 18 dekabrni – Xalqaro migrantlar kuni, deb eʼlon qilinmagan. 1990 yil xuddi shu kuni Bosh Assambleya tomonidan “Barcha mehnatkash migrantlar va ularning oila aʼzolarining huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi xalqaro konvensiya ham qabul qilingan edi.
Yigʻilishda bugungi globallashuv jarayonida migratsiya masalasi dunyo miqyosida barqaror rivojlanishni taʼminlashning dolzarb vazifalaridan biriga aylangani alohida qayd etildi. Statistikaga koʻra, 2022 yilda 280 milliondan ziyod kishi xalqaro migrant deb eʼtirof etilgan. Bu koʻrsatkich dunyo aholisining 3,6 foizini tashkil qiladi.
Ishtirokchilar, shuningdek, shu kunlarda dunyo boʻylab 70 million majburiy koʻchirilgan migrant, jumladan, 26 million qochqin, 3,5 million boshpana izlovchi, 41 milliondan ziyod ichki koʻchirilgan shaxslar borligiga eʼtiborini qaratdi.
Migrantlar umumiy sonining 48 foizini ayollar tashkil etmoqda. Muhojirlarning 38 millionga yaqini bola, 4,4 million nafari xalqaro talaba va 164 million nafari esa mehnat muhojirlari ekani maʼlum boʻldi.
Behruz Xudoyberdiyev, OʻzA