Dunyoda 2030 yilga kelib 800 million ishchi oʻz ish joyini yoʻqotadi va mazkur ish oʻrinlarini robotlar egallaydi, deb bashorat qiladi AQSHning Nyu-York shtatida joylashgan Mak Kinsi xalqaro instituti.
Institut dunyoning 46 mamlakatdagi 800 ta soha va kasblarni oʻrganib, ana shunday xulosaga kelgan. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya kabi rivojlangan mamlakatlarda boshqaruv va ishlab chiqarish sohasidagi ishchilarning uchdan bir qismi boshqa ish qidirishga majbur boʻladi. Ayniqsa, ogʻir va yengil sanoat, buxgalteriya, arxiv kabi sohalar toʻliq avtomatlashgan tizimga oʻtadi. Shifokor, oʻqituvchi, advokat, hamshira, bogʻbon kabi kasblarda esa inson aqli va kuchidan nisbatan kengroq foydalaniladi.
Boshqaruv va ishlab chiqarishda avtomatlashtirilgan tizimni yoʻlga qoʻyishga investitsiya qilishga imkoni yoʻq malakatlarda esa (endi rivojlanayotgan mamlakatlarda) bu koʻrsatkich u qadar yuqori boʻlmaydi. Masalan, institutning taxminiga koʻra, 2030 yilga kelib Hindistonda faqat 9 foiz kasb va sohalargina bunday yuqori texnologiyalardan foydalanadi.
Demak, inson zakovati tufayli isoniyat turmush tarzini yengillashtirish yoʻlida qulayliklar yaratishga erishilar ekan, kelajakda yana zakovati ila robotlar tufayli ish oʻrinlarini yoʻqotgan insonlarni ish bilan taʼminlash masalasini hal qilinishi ham zarurat boʻlib qoladi.
O.Saʼdullayeva tayyorladi.