Amerikalik bolalarga qizim Mehrinisoning sinfida u bilan birga Oʻzbekiston haqida gapirib berdik. Xushmanzara joylarga, tarixiy obidalarga video sayohat uyushtirdik.
Bu yerda sinfdan tashqari darslarda har kim oʻzi tugʻilgan yurti haqida hikoya qilib berish anʼanasi bor. Amerika hayrat va tassurotlarga toʻla yurt. Biroq, Oʻzbekiston, ayniqsa, Xorazm lazgisi ularni lol qoldirdi. Video tasma tugagandan keyin “yana qoʻyib bering”, deb qayta- qayta soʻrashdi. Xorazm lazgisini qiziqish bilan qayta-qayta tomosha qilishgach, birga raqsga tushdik.
Soʻngra ularga oʻzbek bolalarining milliy oʻyini – ”beshtosh”ni oʻrgatdik. Va birga oʻynadik.
Oʻzbekistonning moʻjizalar olamiga, milliy raqs va bolalar oʻyini “qasri”ga zavqli tashrif boʻldi.
Oydin SAʼDULLAYEVA