Oʻzbekiston amerikalik jajji bolalar shuurida: oʻzbek milliy beshtosh oʻyini

0
644
marta koʻrilgan.

Amerikalik bolalarga qizim Mehrinisoning sinfida u bilan birga  Oʻzbekiston haqida gapirib berdik. Dunyo xaritasini koʻrsatib, qaysi qitʼaga joylashganligi, bayrogʻi va gerbi bilan tanishtirdik. Xushmanzara joylariga, tarixiy obidalariga, milliy anʼanalarimizga videosayohat uyushtirdik.

AQSHda turfa millat, turli xalqlar yashaydi. Maktablarida  sinfdan tashqari darslarda  har kim oʻzi tugʻilgan yurti haqida hikoya qilib berish anʼanasi bor. Amerika hayrat va tassurotlarga toʻla yurt boʻlsada, saboqlarimizda   Oʻzbekiston, ayniqsa, Xorazm lazgisi ularni lol qoldirdi.

Video tasma tugagandan keyin “yana qoʻyib bering”, deb qayta- qayta soʻrashdi. Xorazm lazgisini qiziqish bilan qayta-qayta tomosha qilishgach, birga raqsga tushdik.

Men ketgach, oʻqituvchisidan yana qoʻyib bering deya iltimos qilishibdi. Va murabbiyi bilan birga raqsga tushishibdi. Bu haqida oʻqituvchisi zavq- shavq ila minnatdorlik bildirib gapirdi. Yana kichkintoylarning tassurotlari aks etgan suvratlarni joʻnatibdi.

Avvalgi lavhamda jajjilarning lazgidan olgan zavq-shavqlari haqida gapirgan boʻlsam,  bu safar oʻzbek bolalarining milliy oʻyinlarini qanday qabul qilganlarini aks ettirmoqchiman.

Qizim Mehrinisoning sinfdoshlariga  oʻzbek bolalarining milliy oʻyini – ”beshtosh”ni oʻrgatdim. Va birga oʻynadik. Biz dugonalarimiz bilan bu oʻyinni  bolaligimizda sevib oʻynardik. Oʻzbekistonning  baʼzi viloyatlarida  u boshqacha ham nomlanadi. Masalan, toʻpiqtosh ham deyiladi. Biroq, asosi bitta: silliq beshta tosh tanlanadi va  besh xil turda oʻynaladi.

Avvalo, bitta tosh tepaga otilib, u qaytguncha pastdagi toʻrtta toshning   biri bilan ilib olinadi. Shu tarzda pastdagi toʻrtta tosh bir bir  yuqoridagi bilan birgalikda ilib olinadi.

 Ikkinchi turida  yana bitta tosh tepa otilib pastdagi toshlar ikkitadan  olinib, yuqoriga otilgan tosh bilan birga ilib olinadi.

Uchinchi oʻyinda bitta tosh tepaga otilib dastlab pastdagi bitta tosh bilan ilib olinadi. Yana bir tosh tepaga uloqtirilganda keyingi uchta tosh bilan ilib olinadi.

Toʻrtinchi oʻyinda esa  bitta tosh yana tepaga uloqtirilib pastdagi toʻrtta tosh bilan birgalikda ilib olinadi.

 Beshinchi oʻyinda esa chap qoʻl darvoza shaklida ushlanadi va uning ostidan toshlar bitta bitta oʻtkaziladi. Yaʼni bitta tosh tepaga otiladi, uni ilib olguncha darvozadan bitta tosh oʻtkaziladi. Shunday qilib toshlar bitta bitta oʻtkaziladi.

Bu mashgʻulotlar bolalarni abjirlikka, chaqqonlikka va sergaklikka oʻrgatish bilan birga jajji qoʻllarni, barmoqlarni rivojlantirish, sogʻlomlashtirish uchun ham koni foyda boʻlib, barmoq mashqlari desak boʻladi. Bugʻimlar harakatga keladi va sogʻlom rivojlanishiga  yordam beradi.

Hozir internetda texnikaviy oʻyinlar rivojlanib ketgan. Biroq,  ushbu oʻyinlar bolalarning sogʻlomligini  taʼminlashga koʻmaklashadi, deya olmaymiz. Qadimiy  milliy oʻyinlarimiz esa bolalarni sogʻlomlashtirishga hamda sergaklikka, abjirlikka, chaqqonlikka  oʻrgatuvchi mashgʻulotlardir.

Bizning sinfdan tashqari oʻqishdagi oʻsha kungi mashgʻulotlarimiz Oʻzbekiston bolalarining  moʻjizalari olamiga, milliy oʻyinlari “qasri”ga zavqli tashrif boʻldi. Buni fotolar ham aks ettirib turibdi.

Oydin SAʼDULLAYEVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.