Oʻzbekiston Prezidenti maktabgacha taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi

0
153
marta koʻrilgan.

Toshkent shahrida  15 noyabr kuni kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish masalalari boʻyicha jahon konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Anjumanga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi. 

Konferensiya dunyoda 2030 yilga qadar maktabgacha taʼlim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Unda YUNYeSKO Bosh direktori Odri Azule, 150 ga yaqin mamlakatdan vazirlar va vakillar, xalqaro tashkilotlar mutasaddilari qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari nutqining avvalida soha boʻyicha dunyodagi vaziyatga toʻxtalib, millionlab bolalarning boshlangʻich bilim olish imkoniyati cheklangani, mutaxassislar birgalashib, maktabgacha taʼlim qamrovini oshirishi muhimligini aytdi. Oʻzbekistonda “inson qadri, uning huquq va manfaatlari – oliy qadriyat” degan tamoyil asosida aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratilayotgani taʼkidlandi.

– Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga eʼtibor va amaliy gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz. Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish orqali kelajakda ularning oʻzligini toʻla namoyon etishiga mustahkam zamin yaratayapmiz. Zero, bu ezgu maqsadimiz yoʻlida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortigʻi bilan qaytishiga shubha yoʻq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ilgari yurtimizda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʻrsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Bolalar bogʻchalarida zamonaviy qoʻllanmalar yoʻq, binolari taʼmirtalab edi.

Shu bois davlatimiz rahbari bu boʻgʻinga alohida eʼtibor qaratib, barkamol avlodni aynan kichik yoshdan tarbiyalash siyosatini belgilab berdi. Oʻzbekiston Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Bogʻchalar qurish va taʼmirlash, ilgʻor tarbiya uslublari va metodikalarini joriy etish boʻyicha koʻp ishlar boshlandi.

Sohani rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham imkoniyat yaratildi. Har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar berish yoʻlga qoʻyildi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bogʻchalar tashkil qilindi.

Natijada soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim muassasalari soni 6 barobarga koʻpaydi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga oʻsib, 160 mingga yetdi. Shu tariqa, bogʻcha yoshidagi 2 million 800 ming nafar boladan 2 million nafari maktabgacha taʼlim bilan qamrab olindi.

Davlatimiz rahbari taʼlim tizimidagi uzviylik masalasiga ham toʻxtaldi. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar ikki bor uygʻonish davriga asos solgani, bugungi va kelajak avlodlar ham ilmga intilishi kerakligi taʼkidlandi.

– Biz yurtimizda Uchinchi Renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʻyib, uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarmoqdamiz. Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident.

Bu borada milliy tajriba va jahondagi ilgʻor yutuqlarni uygʻunlashtirgan holda ish yuritilmoqda. Buni izchil davom ettirib, 2025 yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli taʼlim muammolarini global darajada samarali hal qilish, birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlar ishlab chiqish maqsadida mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda oʻtkazib borish taklifi bildirildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻun boʻlgan barcha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun Toshkentda YUNYeSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Kichik yoshdagi bolalar taʼlimi boʻyicha jahon tashkiloti bilan qoʻshma loyiha va tadqiqotlar olib borish, tarbiyaning yangicha uslublari va metodik qoʻllanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dastur ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Sohadagi ilgʻor tajribalar, zamonaviy interaktiv oʻqitish uslublari, amaliy bilim va koʻnikmalar bilan oʻzaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini bayon etdi.

2024 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan kelajak sammitining asosiy mavzularidan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarga taʼlim-tarbiya berish masalasini kiritish muhimligi taʼkidlandi.

Konferensiya turli mavzulardagi shoʻba yigʻilishlari bilan davom etdi. Anjuman yakunlari boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.