Oʻzbekiston Prezidenti OIIB boshqaruvchilarining yillik uchrashuvi ochilishida ishtirok etdi

0
26
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 sentyabr kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi IX yillik yigʻilishining ochilish sessiyasida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Sammitning asosiy mavzusi – «Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish». Kun tartibidan global iqtisodiyot va moliya sohalaridagi dolzarb masalalar, Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalarida infratuzilmani rivojlantirishning strategik dasturlari va rejalarini muhokama qilish oʻrin olgan.

Davlatimiz rahbari yigʻilishda nutq soʻzladi.

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi mintaqamizda ilk bor oʻtkazilmoqda. Buning uchun Oʻzbekiston tanlangani oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb hisoblaymiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston yetakchisi hozirgi kunda dunyoda murakkab geosiyosiy vaziyat saqlanib qolayotganini, global iqtisodiyotda beqarorlik kuchayib, oziq-ovqat va energiya resurslari taqchilligi ortib, ekologik muammolar keskinlashib borayotganini taʼkidladi.

Yer yuzi aholisining toʻrtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda, qariyb 800 million kishi oʻta qashshoqlik sharoitida yashayapti.

Mahsulot yetkazib berishning anʼanaviy logistika zanjirlari buzilmoqda, bu esa xomashyo resurslari va isteʼmol tovarlarining qimmatlashuviga olib keldi.

Bularning barchasi infratuzilmaga boʻlgan yuklamani keskin oshiradi va iqtisodiy rivojlanishga toʻsiq boʻladi.

2030 yilgacha dunyoda yangi infratuzilma yaratish uchun 15 trillion dollar investitsiya talab etiladi, xorijiy investitsiyalar oqimi esa soʻnggi ikki yil davomida yiliga 10 foizga kamayib, moliyaviy resurslar narxi 2 barobarga oshgan.

Bunday sharoitda xalqaro moliya tashkilotlarining roli tobora ortib bormoqda.

Joriy loyiha portfeli 55 milliard dollar boʻlgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa vaqt ichida yetakchi moliya institutlaridan biriga aylangani alohida taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar va yangilanishlar siyosatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Iqtisodiyotni erkinlashtirish, aholi turmush darajasi va daromadlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi. Ushbu maqsadlarga erishishda xalqaro moliya institutlari, shu jumladan OIIB bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Eng avvalo, tadbirkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, odamlarning daromad manbalarini koʻpaytirish, aholining sifatli taʼlim va tibbiyotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, olis hududlarda infratuzilma tarmoqlarini yaratish orqali “koʻp oʻlchamli” kambagʻallikni qisqartirish dasturi amalga oshirilmoqda.

Inson kapitalini rivojlantirish loyihalarini hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishi sifatida belgilash taklif etildi.

Davlatimiz rahbari forumning asosiy mavzusini inobatga olgan holda, barqaror infratuzilmani yaratish sohasida xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha katta tajriba toʻplanganiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Mamlakatimizda 2030 yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish dasturi qabul qilingan.

Xususan, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pullik avtomobil yoʻllarini qurish, Toshkent-Samarqand, Samarqand-Navoiy-Buxoro tezyurar temir yoʻlini barpo etish, 6 ta xalqaro aeroportni modernizatsiya qilish va boshqa muhim loyihalar amalga oshiriladi.

OIIB bilan oʻrta shaharlarni rivojlantirish va qishloq joylarda infratuzilmani yaxshilash boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani alohida taʼkidlandi.

Yana bir ustuvor yoʻnalish — «yashil» iqtisodiyotni jadal rivojlantirish. Oʻzbekistonda 2030 yilga borib «yashil» energiya ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Yaqin yillarda quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari, infratuzilma obyektlari va tarmoqlarini qurish rejalashtirilmoqda.

Yirik «yashil» maʼlumotlar markazlarini tashkil etish ham koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga «yashil» sertifikatlar bozori shakllantiriladi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoni «yashil» energiyaning yirik eksportchisiga aylantirishga qaratilgan katta ishlarni alohida taʼkidladi. Buning misollaridan biri Transkaspiy energiya koʻprigi qurilishi hisoblanadi.

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda «yashil» energetikani rivojlantirish dasturini amalga oshirish taklif etildi.

Shuningdek, yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga boʻlgan ehtiyoj oshib borayotganiga eʼtibor qaratildi.

“Xitoy — Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi buning yorqin misolidir.

Ayni paytda Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa oʻtkir tus olmoqda.

Mamlakatimiz rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha Mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Prezident OIIBning Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga qoʻshayotgan hissasini yuqori baholadi. Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv taʼminoti, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan qoʻshma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshgan. 4 milliard dollarlik yangilangan dasturni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

— Kelgusi ikki kunda Bank boshqaruvchilari oldida juda muhim global va mintaqaviy muammolarga zamonaviy yondashuvlar asosida yechimlar topish, yangi loyiha va dasturlarni muhokama qilish kabi masʼuliyatli vazifalar turibdi. Sizlar qabul qiladigan qarorlar Bankka aʼzo mamlakatlarda yashaydigan 6 milliarddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita taʼsir qiladi, — dedi soʻzining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari sammit ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.