Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo va Germaniya oʻrtasidagi amaliy sheriklikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi

0
11
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 17 sentyabr kuni tongda ikkinchi «Markaziy Osiyo — Germaniya» sammitida ishtirok etish uchun Ostona shahriga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ostona xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qozogʻiston Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 sentyabr kuni Ostona shahrida ikkinchi «Markaziy Osiyo — Germaniya» sammitida ishtirok etdi.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtgan tadbirda Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Investitsiya va texnologiyalar, oʻta muhim xomashyo resurslari, «yashil» energetika, transport va logistika aloqalari, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, taʼlim va madaniy dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida Germaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida olib borilayotgan demokratik oʻzgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, mintaqadagi hamkorlik va integratsiyani qatʼiy hamda oʻzgarmas qoʻllab-quvvatlayotganini yuqori baholadi.

— Bizning Berlindagi ilk uchrashuvimiz va bugungi sammit aniq, amaliy natijalarga erishishga qaratilgan ochiq va konstruktiv muloqotimizni davom ettirishga boʻlgan umumiy intilishimizni yana bir bor tasdiqlamoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Germaniya bilan munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekani, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish maqsadlarini taʼminlashda Federativ Respublikaning muhim oʻrnini alohida taʼkidladi. Soʻnggi yillarda mintaqada yuz bergan chuqur oʻzgarishlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni jadal rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoning Germaniya bilan har tomonlama hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida bir qator yangi tashabbus va takliflarni ilgari surdi.

Avvalo, Oʻzbekiston rahbari Markaziy Osiyo va Germaniya oʻrtasida strategik mintaqaviy sheriklik oʻrnatilganini yuqori baholab, ustuvor yoʻnalishlarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun «Markaziy Osiyo — Germaniya» tahliliy markazlari forumini taʼsis etish va uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Xivada oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Sammitlar kun tartibini tayyorlashda mamlakatlarimiz tashqi siyosat idoralari rahbarlarining yillik uchrashuvlari muhim rol oʻynashi qayd etildi.

Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsiyaviy va texnologik sheriklikni kuchaytirish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya oʻrtasidagi investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish, mintaqada qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklarini faol jalb etish, «Markaziy Osiyo va Germaniya» Investorlar va tadbirkorlar kengashini tuzish, shuningdek, investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish boʻyicha koʻp tomonlama hukumatlararo bitimni qabul qilish imkoniyatlarini oʻrganish taklif etildi.

Germaniyaning ilgʻor bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida oʻta muhim xomashyo resurslari sohasidagi hamkorlik istiqbolli yoʻnalish sifatida koʻrsatib oʻtildi.

— Bu oʻrinda gap geologiya razvedkasi, jadal oʻzlashtirish, qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga yetkazib berish loyihalari haqida bormoqda, — dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekiston bunday loyihalarni qoʻshni davlatlarda birgalikda amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligi bildirildi.

Bundan tashqari, mintaqada aniqlangan oʻta muhim minerallar va nodir metallar konlarining raqamli xaritalarini yaratish dasturini amalga oshirishda Germaniyaning texnik koʻmagini jalb qilishdan mamlakatimiz manfaatdor. Bunday hamkorlikning ishonchli huquqiy bazasini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.

«Yashil» energetika sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.

— Soʻnggi yillarda mamlakatlarimizda quyosh, shamol, gidroenergetika faol rivojlanmoqda, issiqlik stansiyalari va tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda, “yashil” vodorod loyihalari ilgari surilmoqda, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Davlatimiz rahbari energetika vazirliklari, yirik korporatsiyalar, operatorlar, ilmiy tashkilotlar va soha mutaxassislarini jalb qilgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetika muloqotini yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.

Germaniya texnik koʻmagini jalb qilgan holda kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislar salohiyatini oshirish boʻyicha kompleks dasturni tayyorlashga qiziqish bildirildi.

Iqlim oʻzgarishiga qarshi birgalikda kurashish alohida dolzarblik kasb etgan.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo universiteti negizida atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy almashinuvlarni kengaytirish, shuningdek, Germaniyaning suvdan oqilona foydalanish texnologiyalarini joriy etish, sugʻorish tizimlarini modernizatsiya qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, ekolog mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlik dasturlarini qabul qilish taklif etildi.

Oʻzbekiston Germaniya Kansleri tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo tabiat hamkorligini yoʻlga qoʻyish tashabbusini qoʻllab-quvvatlash va uni amalda roʻyobga chiqarishda faol ishtirok etishga tayyor.

— Transport kommunikatsiyalarining, jumladan, yer usti va havo tashuvlarining zaif rivojlanganligi sherikligimizni chuqurlashtirishda eng katta toʻsiq boʻlmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz Germaniya tomonini Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʻlaydigan muqobil transport yoʻlaklarini rivojlantirishga Yevropa institutlarini jalb qilishda koʻmaklashishga chaqirdi.

Davlatimiz rahbari 2025 yilda bunday yoʻnalishlarning tranzit salohiyatini oshirish yoʻllarini izlash boʻyicha vazirlar konferensiyasini oʻtkazishni taklif etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, qoʻshma Madaniy tadbirlar rejasini qabul qilish, Germaniyaning yirik shaharlarida Markaziy Osiyo sanʼati va kinosi kunlarini oʻtkazish, muzeylarning oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish taklifini ilgari surdi.

Ilmiy-taʼlim almashinuvi sohasida yetakchi oliy taʼlim muassasalarining hamkorlik platformasini ishga tushirish, Gyote instituti va Germaniyaning boshqa tashkilotlarini jalb etgan holda dual taʼlim sohasida hamkorlikni kengaytirish dasturlarini ishlab chiqish, nemis tili oʻqituvchilarini tayyorlash muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Germaniya bilan terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlar radikallashuvining oldini olish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Oʻzbekiston rahbari Markaziy Osiyoda xavfsizlik sohasidagi vaziyat Afgʻonistonda roʻy berayotgan jarayonlar bilan chambarchas bogʻliq ekanini taʼkidladi.

— Oʻz muammolari bilan deyarli yakka oʻzi qolgan ushbu mamlakatda gumanitar inqirozning chuqurlashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik muhim, deb hisoblaymiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlari bilan birigalikda Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb qilish va chegaradosh Termiz shahridagi Taʼlim markazi negizida Afgʻoniston tinch hayoti uchun zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar, shu jumladan xotin-qizlarni tayyorlashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirdi.

Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Germaniya Kansleri ham soʻzga chiqdi.

Tadbir yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.