​Oʻzbekistonning viza siyosati NHK nigohida

0
171
marta koʻrilgan.

Yaponiyadagi NHK teleradiokompaniyasining yangiliklar dasturlarida hamda Kunchiqar mamlakat qator elektron nashrlarida Oʻzbekistonda xorijlik sayyohlar uchun viza berish tartibi soddalashtirilgani mavzusiga tez-tez murojaat qilinmoqda.

Xabar berilayotganidek, mamlakatimiz rahbariyati, jumladan, xorijlik mehmonlar uchun viza berish tartibotini soddalashtirish vositasida sayyohlikni yanada yuqori darajaga koʻtarish niyatidadir. 2018 yil 10 fevraldan eʼtiboran respublika hukumati 39 mamlakat fuqarolari uchun sayohlik vizasi olinishi tartibini yengillashtirdi. Bundan tashqari, 7 mamlakat aholisi – Yaponiya, Isroil, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Janubiy Koreya fuqarolari vizasiz 30 kun Oʻzbekistonda boʻlishlari mumkin.

Yapon ommaviy axborot vositalarida qayd etilayotganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yil oxirida oʻz vazifasi ijrosiga kirishganidan buyon izchillik bilan mamlakatning dunyoga ochiqligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan faol siyosat olib bormoqda. Bunday chora-tadbirlar milliy iqtisodiyot rivojlanishida sayyohlik jabhasining hissasini salmoqli darajada oshirishga qaratilgani bilan eʼtiborga molikdir.

“Insoniy kapitalga — 32 milliondan ziyod aholiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim va yirik mamlakat hisoblanadi. Uning Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlari YUNYeSKO Butunjahon merosi roʻyxatidan joy olgan. Amaliy islohotlar natijasida 2017 yili Oʻzbekistonga kelgan yapon sayyohlarining soni birinchi marotaba 9,5 ming kishini tashkil etdi”.

Xabar-maqolalarda Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi Gʻayrat Fozilovning intervyusi tafsilotlariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Oʻzbek diplomati vizasiz rejim yoʻlga qoʻyilgani munosabati bilan yanada koʻplab yaponlar oʻzbek xalqining boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishishlariga umid bildirgani maʼlum qilingan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston elchisi bunday saʼy-harakatlar Toshkent va Tokio oʻrtasidagi strategik sheriklik va iqtisodiy hamkorlik munosabatlari mustahkamlanishiga qoʻshimcha omil boʻlib xizmat qilishini taʼkidlagan.

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Hukumat  portali

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.