Kuni kecha Ruminiya elchisi Daniyel Kristian Chobanu Qashqadaryo viloyatidagi Hazrati Sulton choʻqqisiga (4083 metr) koʻtarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Diplomat oʻzining choʻqqiga chiqishini Ruminiya diplomatiyasining 160 yilligi (27-iyul – Ruminiyada Tashqi ishlar vazirligi tashkil etilgan kun), shuningdek, Oʻzbekiston mustaqilligining 31 yilligiga bagʻishladi.
Daniyel Kristian Chobanu Oʻzbekistonda Hazrati Sulton choʻqqisiga muvaffaqiyatli chiqqan birinchi xorijiy diplomatdir. 2021-yilda mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlash arafasida Ruminiya elchisi Katta Chimyon choʻqqisiga (3309 m) koʻtarilgandi.
Elchixona maʼlumotlariga koʻra, Ruminiya Oʻzbekiston bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishdan manfaatdor. Siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy va taʼlim sohalarida hamkorlikni mustahkamlash Ruminiyaning Markaziy Osiyodagi ustuvor manfaatlaridan biridir. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ikki davlat oʻrtasidagi muloqot va aloqalarni kengaytirish uchun yaxshi istiqbollar ochmoqda. Ruminiya ham Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni bundan keyin ham qoʻllab-quvvatlashi taʼkidlandi.
Togʻ choʻqqisida Ruminiya elchisi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi kuni munosabati bilan Oʻzbekiston xalqini oʻzbek tilida tabrikladi.