Samimiy qutlovlar

0
81
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni qator xorijiy davlatlar yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan suhbatlar boʻlib oʻtdi.

Ular davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va demokratik yangilanishlarning yangi dasturini amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar, xalqaro maydondan yurtimiz nufuzi mustahkamlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Oʻtgan hafta Toshkent shahrida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan Markaziy va Janubiy Osiyo bogʻliqligini rivojlantirish boʻyicha xalqaro konferensiyaning samarali natijalari yuqori baholandi.

Ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Afgʻoniston boʻyicha yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilindi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyev atoqli davlat arbobi, oʻz mamlakatining haqiqiy yetakchisi sifatida yurtdoshlarining haqli hurmat-eʼtirofiga va xalqaro maydonda yuksak obroʻga sazovor boʻlganini taʼkidladi.

Prezidentimizning amlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, turli yoʻnalishlarda sermahsul ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasi beqiyos ekani qayd etildi. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Rossiya-Oʻzbekiston aloqalarining butun koʻlami yanada kengayishiga ishonch bildirildi.

Telefon muloqoti chogʻida Oʻzbekiston-Rossiya strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. Oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgani, eng avvalo, oʻzaro tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, iqtisodiyot tarmoqlarida qoʻshma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma quvvatlarni tez fursatda ishga tushirish muhim ekani taʼkidlandi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan suhbatda ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Prezidentimizning qatʼiy rahbarligida Oʻzbekiston oʻz mintaqasida erishayotgan peshqadamlik rolini tobora mustahkamlab borayotganini Turkiya katta mamnuniyat bilan kuzatib borayotgani va buni qoʻllab-quvvatlashi alohida taʼkidlandi.

Siz, Janobi oliylari bilan oramizdagi samimiy doʻstlikni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik qardoshlik rishtalaridan kuch olgan yaqinlikning bir timsoli deb bilaman va bundan quvonaman, deb qayd etdi Turkiya yetakchisi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston-Turkiya koʻp qirrali hamkorligining jadal rivojlanishiga xizmat qilayotgan oʻzaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, joriy yil boshidan tovar ayirboshlash qariyb ikka baravarga koʻpaydi, 230 dan ortiq yangi qoʻshma korxona tashkil etildi, muhim madaniy-gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarlari boʻlajak tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar hamda joriy yil yakuniga qadar mamlakatimizda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yigʻilishini oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrish muhim ekanini taʼkidladilar.

Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan muloqotda Oʻzbekiston-Qozogʻiston strategik sheriklik va keng koʻlamli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma loyiha va dasturlarning amalga oshirilishini davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

Elboshi mamlakatimiz yetakchisining mashaqqatli mehnati va katta siyosiy tajribasi Oʻzbekistonning yanada ravnaq topishiga, uning xalqaro nufuzi yuksalishiga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Bugun Oʻzbekiston oʻz davlatchiligini jipslashtirish va mustahkamlash, oʻz xalqi farovonligini oshirish yoʻlida yuksak choʻqqilarni zabt etayotgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan Nursulton Nazarboyev yurtimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bundan buyon ham shiddatli rivojlanishi va katta maqsadlarga erishishda davom etishiga ishonch bildirdi.

Rossiya Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan suhbatda Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surishga xizmat qilayotgan faol parlamentlararo almashinuvlar yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Parlamentlararo ittifoq va MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasidagi yaqin va konstruktiv muloqotni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

Matviyenko xonim Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qarorlar qabul qilishdagi vazmin yondashuvi va samarali davlat siyosatini amalga oshirayotgani tufayli Oʻzbekistonda va uning tashqarisida haqli hurmat-eʼtibor qozonganini taʼkidladi.

«Respublikaning eng yangi tarixi Sizning nomingiz bilan chambarchas bogʻlangan. Sizning dono rahbarligingizda ijtimoiy yangilanishlar yoʻlidan dadil borilmoqda, millatlararo hamjihatlik va dinlararo totuvlikni mustahkamlash boʻyicha muhim vazifalar hal qilinmoqda, qonun ustuvorligini taʼminlash va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Odamlar va ularning kelajagiga doimiy gʻamxoʻrligingiz bilan “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy boʻladi” degan tamoyilning haqiqat ekanini amalda isbotlayapsiz», — deb taʼkidladi Rossiya Federatsiya Kengashi Raisi.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini koʻrib chiqdilar.

Turkmaniston yetakchisi mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi muvaffaqiyatlari, xalqaro maydonda ortib borayotgan nufuzi bilan eʼtirof qilinayotgan Oʻzbekistonning zamonaviy tarixi aynan Shavkat Mirziyoyev nomi bilan chambarchas bogʻliq ekanini taʼkidladi.

“Siz jonajon xalqingiz manfaatlarini himoya qilishga, umummilliy maqsad va dasturlarni amalga oshirishga oʻzingizni bagʻishladingiz. Vatanga sadoqatli xizmatingiz yuksak eʼtirofga munosib”, — deb qayd etdi Turkmaniston Prezidenti.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib olindi.

Prezidentlar joriy yil 6 avgust kuni “Avaza” milliy turizm hududida oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish masalasiga alohida toʻxtaldilar. Boʻlajak tadbirning kun tartibi va dasturi yuzasidan fikr almashildi.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan suhbatda davlat rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, eng avvalo, ularni yangi loyiha va dasturlar bilan boyitish muhim ekanini taʼkidladilar.

Prezidentimiz davlat va xalq manfaatlari yoʻlidagi tinimsiz xizmati, siyosiy donishmandligi va irodasi bilan yurtdoshlarimiz orasida yuksak obroʻga va xalqaro hamjamiyatda beqiyos hurmatga sazovor boʻlgani alohida qayd etildi.

Qozogʻiston rahbari Oʻzbekiston Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida barqaror taraqqiyot va ravnaqni taʼminlash, xalqimiz farovonligini oshirish, Toshkentning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar yoʻlini davom ettirayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, boʻlajak oliy darajadagi ikki va koʻp tomonlama tadbirlarga, shu jumladan avgust oyining boshida Turkmanistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish masalalari koʻrib chiqildi.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan suhbatda joriy yilning 10-11 iyun kunlari Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrif yakunlari boʻyicha qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Prezident Emomali Rahmon davlatimiz rahbari birodar Oʻzbekiston Prezidentidek yuksak lavozimda yurtimiz barqaror siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini taʼminlashga beqiyos hissa qoʻshayotgani va Vatan ravnaqi yoʻlidagi oliy maqsadlarga fidokorona xizmat qilishning yorqin namunasini koʻrsatayotganini taʼkidladi.

“Mamlakatingizda keyingi yillarda roʻy berayotgan keng koʻlamli yangilanishlar Sizning nomingiz bilan bogʻliq. Tojikiston-Oʻzbekiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ham salmoqli hissa qoʻshyapsiz, — deb qayd etdi Emomali Rahmon.

Kelgusi oyning boshida Turkmanistonda mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini hamda joriy yilning sentyabr oyida Tojikistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini oʻtkazishga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi.

Prezident Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevning oqilona va chuqur oʻylangan rahbarligi tufayli Oʻzbekiston Respublikasi aholisining turmush darajasi yuksalgani, mamlakat iqtisodiyoti yanada taraqqiy etayotganini taʼkidladi.

Mamlakatimiz yetakchisining tinimsiz faoliyati natijasida Oʻzbekiston xalqaro darajadagi nufuzini mustahkamlayotgani, yaqin hamkorlikni kuchaytirishga koʻmaklashayotgani qayd etildi.

Qirgʻiziston rahbari Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishiga qoʻshayotgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi.

Joriy yilning 11-12 mart kunlari Toshkent shahrida oʻtgan oliy darajadagi Oʻzbekiston-Qirgʻiziston sammiti davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani qayd etildi. Energetika, trasnport, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi qoʻshma loyihalarni jadal ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

* * *

Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan qutlovlar kelgan.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin oʻz tabriknomasida keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda barcha sohalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jadallashayotgani va Xitoy bundan chin dildan xursand ekanini taʼkidlagan.

Xitoy yetakchisi Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini va ularni ikki mamlakat va xalq farovonligi yoʻlida yanada yuksak darajaga olib chiqish uchun Prezidentimiz bilan birgalikda qatʼiy ishlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In oʻz maktubida oʻtgan yil yanvarb oyidagi onlayn sammit natijasida erishilgan kelishuvlar ogʻishmay amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Mamlakatlarimiz alohida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda davom etmoqda hamdaxalqaro hamjamiyatning inklyuziv yashil tiklanish va uglerod neytrallikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarga birgalikda qoʻshilmoqda”, deyiladi jumladan maktubda.

Quyidagilar ham samimiy tabriklar yoʻllashgan:

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi Raisining oʻrinbosari Dmitriy Medvedev

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, Prezident ishlari boʻyicha vaziri Mansur bin Zoid Ol Nahayon

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri Sayf bin Zoid Ol Nahayon

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstliki Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hayʼati raisi Mixail Myasnikovich

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bagʻdod Amreev.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.