Saudiyalik ayollar bunga erishish uchun uzoq yillar harakat qilishlariga toʻgʻri keldi. Soʻnggi paytlarda ularni qoʻllab-quvvatlovchilar ham koʻpaydi.
Al-Azhar ulamolaridan doktor Abdulfattoh Oshurning fikri: “Modomiki ayol uyidan Allohning shariatiga rioya qilgan holda chiqar ekan, uning mashina haydashining zarari yoʻq. Modomiki biz uni erkakning sherigi deb tan olgan ekanmiz, taʼlim olishda, turli vazifalarda ishlashida uni teng koʻrarkanmiz, mashina haydashida ham hech qanday yomonlik yoʻqdir. Buni maʼn etganlar hazir va ehtiyot boʻlganlikdan qilganlar. Endi ayol turli masalalarda erkak bilan teng maqomda koʻrilayotgan joriy muhitda bunday ehtiyotkorlikning maʼnosi biroz yoʻqolgan. Biz taʼkidlashimiz lozim boʻlgan narsa shuki, ayol albatta, islom odobi bilan odoblansin. Mashina minib shubhali joylarga yoki oʻzini va shaʼnini xatarga qoʻyadigan tomonlarga bormasin. Bundan boshqa hollarda hech qanday moneʼlik yoʻq. Balki ayol oʻzi tanimaydigan yoki ayolni tanimaydigan begona kishi bilan bir mashinada yurishdan koʻra uning mashina haydashi afzaldir”.