Charlstondagi Eshli daryosi ustidagi koʻprikdan oʻtib bormoqdamiz va mening koʻz oʻngimda yozuvchi Aleksandra Ripli qahramoni kichkinagina, uddaburon, tirishqoq Skarlet gavdalandi. Men xayolan 350 yil orqaga qaytdim.
Kichkinagina koʻprikdan izvoshda yangi kiyimi yoʻqligidan, oʻziga uyining darpardasidan yashil rangli koʻylak tikib olgan, qomati tik, irodali ayol shoshilib oʻtayotir. Skarletning yashil koʻylagidan rang olgandek dalalar yam-yashil, daryo suvi ham uning koʻzidan rang olgandek nim koʻkish! Chor-atrofning goʻzalligi yana xonimni eslatadi. Baland qurilgan Eshli koʻprigidan atrofni kuzatish zavq bagʻishlaydi. Yam-yashil archalar, koʻkka boʻy choʻzgan baland qaragʻaylar, oq va pushti rangli turfa gullar koʻzni quvontiradi.
Charlstondagi baland — baland palmalar Skarlet avaylaydigan bechora afrikalik qora tanlilarni eslatadi. Afrikadan fransuzlar tomonidan qullar keltirilguncha palma daraxti bu mamlakatda oʻsmagan. Qullar oʻzi bilan olib kelgan palma (xurmo) mevalarini yeb boʻlishgach urugʻlarini tashlab yuborishgan. Ana shu tashlangan urugʻlardan tugʻilib oʻsgan yurtini yodga soladigan palmalar oʻsib chiqqan. Bugungi Charlstonga koʻrk berib turgan palma daraxtlari Janubiy va Shimoliy Karolina shtatlaridan boshqa joylarda koʻzga tashlanmadi.
Charlston shahri boʻylab tosh yotqizilgan koʻchalardan yurib bormoqdamiz, yon atrofimga qarayman, asrlar osha qaysidir tosh koʻchadan Skarlet xonim, Ret Batler tomonidan xoʻrlangan, ezilgan holda chemodanini yarim sudrab chiqib kelayotgandek. Koʻchalarda yotqizilgan toshlar oʻjar va qaysar Skarlet davridan qolgan ekan. Tosh yoʻllar uning gʻayratini, hayotga boʻlgan muhabbatini, oʻz kuchiga ishonchini, tinimsiz yangilik izlab qilgan saʼy-harakatlarini eslatadi. Hayot zarbalari ketma-ket keldi, sevimli ota-onasi hamda enagasidan ayrildi.
Sevdim degan insoni Eshli tomonidan ham rad etildi, ruhiy qiyinchiliklar toʻlgʻogʻida qoldi, ammo mutlaqo tiz choʻkmadi, dadil turib kelajakka boqdi. Ret Batler uning hayotidagi yagona va haqiqiy sevgisi boʻlib qoldi. Uch yoshli qizchasi otdan yiqilib nobud boʻlgach, ona boʻlib farzandiga eng ogʻir motam tutib turgan davrida Batler ham uni tashlab, ona yurti Charlstonga qaytib ketadi. Ushbu kunlarda mening kichkinagina Skarletim ming ogʻirlikni oʻziga olib, Retni axtarib, gʻururini sindirib erim deb, izlab keladi. Charlston sarguzashtlari Skarlet hayotidagi eng qiynoqqa toʻla damlar boʻlib, magʻrur Batler, Skarletning gʻururini sindirishga harakat qiladi, boshqa ayollar bilan raqsga tushadi, eʼtiborsiz boʻladi. Ammo Skarlet bariga chidab uning uyida kelin sifatida yashaydi.
Ushbu kinoni koʻrib, Aleksandra Ripli kitobini oʻqiganimda Charlston bozorlarini bir vaqtlar tushlarimda koʻrgan edim. Mana shu tiniq suvlar boʻyida turib suvga dardini aytib yigʻlagan mening kichik sinchalak qush Skarletimni his qilgan edim..
Oradan uch yarim asr oʻtib hamon uning izlarini izlab yuribman… .
Atlantika okeani qirgʻoqlarida turib qoʻlimni koʻzimni ustiga qoʻyib uzoqlarga umid va sogʻinch bilan tikilaman, uddaburon, qiyinchiliklardan choʻchimagan, doimo ogʻir damlardan chiqib ketishga ragʻbat topa olgan Skarlet xonim koʻrinib qolarmikan, yoki shu qirgʻoqlarda Skarletga oʻxshagan uning keyingi avlodlari boʻlmish biron goʻzal ayol yoki yoshgina qizaloq shu koʻchalardan oʻtarmikan degan xayol kechadi, koʻnglimdan.
Yozuvchi Aleksandra Ripli ushbu kitobi bilan dunyoga mashhur boʻldi, chunki u oʻz hayotini, boʻlib oʻtgan voqealarni Skarlett Oxara ismi bilan taʼrifladi.
Skarlet hayoti bizdagi hayotga juda oʻxshashligi shundaki, bu kichkina xonimning otasi aslida katta yer egasi boʻlib paxta ekkan, yerning tilini bilgan. Hamma tomonidan xoʻrlangan, rad etilgan Skarlet nihoyat oʻzida kuch topib ota yurti Irlandiyaga qaytib borib, tashlandiq boʻlib yotgan Oxaralarning qoʻrgʻonini tikladi, unda bugʻdoy ekib yuqori hosil oldi, ishchilarga uylar, mehmonxonalar, hammomlar, ustaxonlar qurib berdi, oldin oʻzi daromad olmasdan ishchilarning sharoitini yaxshiladi, keyinchalik otlarni koʻpaytirish biznesi bilan shugʻullandi, Irlandiyadagi eng zotdor otlarni sotib ularni koʻpaytirdi. Qurilgan uylarni ishchilariga tekin berdi va insonlarga mehribonligi, saxiyligi tufayli yana boy-badavlat, aslzoda xonimga aylandi. Ot bozorida tasodifdan yana Ret Batlerni uchratdi va sevgani bilan birga boʻldi.
Skarlet yurgan, boʻlgan joylarda bir-bir bosib oldinga qarab yurib ketmoqdaman, bir vaqtlar yankilardan qoʻrqib yashirinib yashagan xalq goʻzal Charlstonda erkin va ozod, tinch xayot kechirmoqda.
Bugungi Janubiy Karolinada bir vaqtlar qul boʻlib olib kelingan insonlarning hayoti havas qilsa arzigulik. Charlston boʻylab yurar ekanman eng chiroyli mashinlarni boshqarib ketayotganlarning yarmi bir vaqtlar kamsitilgan insonlar, bugungi teng huquqlilik natijasida terisining rangi qanday boʻlishga qaramasdan hamma birdek ushbu jamiyat rivoji uchun xizmat qilishmoqda. Bugun Skarletdek irodali qora tanli ikki insonning hayoti va faoliyati bilan tanishtirmoqchiman.
Janubiy Karolinada bu ayolni nomi juda mashhur, muhtarama dunyodan oʻtganiga ancha yillar boʻlishiga qaramasdan hamon saʼy-harakatlari tufayli eʼzozlanib kelmoqda. Meri Djeyn Makleod Betun 10 iyul 1875 yilda tugʻilgan va 18 may 1955 yilda vafot etgan. Pedagog, davlat arbobi, filantrop, inson xuquqlari kurashchisi boʻlgan bu ayol oʻz tashabbusi bilan afroamerikalik yoshlar uchun Floridaning Deytona-Bich shahrida 25 aprel 1944 yilda Uilyam Trent va Frederik D. Pattersonlar bilan birgalikda xususiy maktab ochadi va UNCF tashkilotchilaridan biri boʻlib qoladi. Ishlab topgan pulini shu maktabni rivojlantirishga sarfladi va bugungi kunda bu maktab Betyun-Kukman universiteti sifatida faoliyat koʻrsatmoqda. U yashagan uyga meʼmorial peshtaxtalar oʻrnatilgan va haykali poyidan gullar ifori uzilmaydi.
U AQSH prezidenti Franklin D. Ruzveltning afroamerikalarning hayotini yaxshilash borasidagi maslaatchisi sifatida ham faoliyat yuritgan. Amerika janubidagi qora tanlilarning hayotini yengillashtirish borasida tinimsiz chiqishlar qilgan va oʻz maqsadiga yetib, qondoshlarini ozod va teng huquqli inson sifatida yashashlari uchun tinimsiz xizmat qildi.
Janubiy Karolinada tugʻilib qora tanli boʻlishga qaramasdan bugun davlat arbobi sifatida tan olingan yana bir inson haqida soʻzlamoqchimiz.
Timoti Yudjin Skott (19 sentyabr 1965 yilda tugʻilgan) – amerikalik siyosatchi va biznesmen. 2013 yildan Qoʻshma Shtatlarning Janubiy Karolina shtatida kichik senator vazifasida xizmat qildi. 2014 yilgi saylovdlarda yengib chiqib 2016 yilgacha Janubiy Karolina senatori vazifasida ish olib bordi. Timoti Yudjin Skott 2017 yil yanvardan boshlab, AQSH Senatidagi uchta afroamerikalik senatorlardan biri boʻlib faoliyat koʻrsatyapti. U birinchilar qatorida ikki palatali Kongressda faoliyat yuritdi. Janubiy Karolinadan saylangan birinchi qora tanli senatorlardan hisoblanadi.
Bugungi kunda Siz Charlstonga kelib sinchalak Skarlet yurgan tosh koʻchalardan bir- bir bosib yurar ekansiz, insonni doimo mehnat ulugʻlashini, mehnati orqali eng baland choʻqqilarga chiqishi mumkinligini his qilasiz. Tabiatga boʻlgan mehr, yerni sevish, odamlarni turmush darajasini ozgina boʻlsa ham yaxshilashga intilish kabi fazilatlar olijanoblik boʻlib, insonni ulugʻlayveradi.
Charlston boʻylab sayohatimdan qilgan xulosam shu boʻldi-ki, «mehnat qilgan elda aziz» degan xalqimizning maqoli bejiz emasligini yana bir bor his qildim. Ezgulik, yaxshilik davom qilaveradi.
Dilorom YORMATOVA, professor
AQSH, Karolina 31 iyul.