Sochida Oʻzbekiston mustaqilligining 27 yilligi nishonlandi

0
373
marta koʻrilgan.

Sochiga birinchi kelishim. Tabiati maftunkor, havosi toza. Koʻkka boʻy choʻzgan vuqorli  palmalar va  turfa gullarga choʻlgʻangan shaharning bir tomoni ulugʻvor togʻlar bir tomoni bepayon dengiz bilan tutashib ketgan. Goʻzallikdan koʻngling yayraydi.

Sochida yashab, mehnat qilayotgan oʻzbeklar koʻp ekan. Masalan, asli Surxondaryolik boʻlgan Saboxon Kenjayeva oʻz oilasi bilan yigirma yildan buyon shu yerda yashar ekan.   Mavluda Elmurodova esa eri bilan Xabarovskda harbiy vrach boʻlib ishlagan boʻlib, nafaqaga chiqqandan keyin Sochida muqim makon topishgan. Mehriniso Ochilova va Raʼno Valijonovalar esa Sochida ochilgan oʻzbek milliy taomlari oshxonasida mehnat qilishar ekan. Sochida yashayotgan oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar birgalashib har yili roʻza va qurban hayitini, hamda  kindik qoni toʻkilgan yurtlarining mustaqilligi kunini bayram qilishar ekan.

Sochidagi milliy madaniyat markazida oʻzbek, tojik, qirgʻiz millatlari vakillari birgalikda oʻz respublikalarining  mustaqilligiga bagʻishlangan tadbir uyushtirishdi. Tadbirga  biz kabi  Sochida davolanib dam olayotgan oʻzbeklarni ham taklif qilishdi.  Tadbirda qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova oʻzbek va rus xalqining azaliy doʻstligi haqida gapirdi. Men  turli millatlarning bir hududda hayot kechirishi tom maʼnodagi boylik ekanligi, Oʻzbekistonimizda 130dan ortiq millat va elat vakillaridan iborat  33 million aholi doʻstona yashab yurt mustaqilligini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotganini, koʻplab milliy madaniyat markazlari, jumladan rus milliy madaniyati markazi  mavjudligi haqida gapirdim.

Tadbirda Kirgʻizistondan kelgan sanʼatkorlar, Milliy markaz qoshidagi havaskor sanʼatkorlar shuningdek, Sochi shahrining bolalar badiiy ansambllari  Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston respublikalarining  mustaqillik bayrami bilan qutlab oʻz sanʼatlarini namoyish etishdi. Shuningdek Sochida yashayotgan oʻzbek yigitlari andijon polkasiga raqsga tushib yayrashdi. Jajji qizchalar milliy kiyimlarda oʻzbek raqsining jozibasini koʻz-koʻz qilishdi.

Tadbir oxirida sharqona dasturxon bezatildi. Dasturxonga milliy taomlar bilan birga ezgulik ramzi boʻgʻirsoqlar qoʻyildi. Osh tarqatildi. Davradoshlarning suhbatini tinglab, saʼy-harakatlariga qarab yurtni qoʻmsab, ulugʻlab yashashlarini angladim.

”Bolalarimiz rus maktablariga borishadi, biroq oʻzbek tilini, milliy urf-odatlarni, qadriyatlarni unitmasligiga ham harakat qilamiz. Shuning uchun  bu yerda oʻzbek milliy madaniyat markazini rasmiy ravishda  ochishga ariza berib qoʻydik”, – deydi tadbirlarga bosh-qosh boʻlgan tadbirkor Saboxon Kenjayeva. Oʻzga yurtlarda, begona odamlar orasida  oʻz oʻrnini topish ham oson ish emas aslida.  Bu yerlarda yurganimizda oʻzbek choyxonasi,  oʻzbek milliy taomlari oshxonasi mavjudligining guvohi boʻldik. Albatta bular ham oʻzbek xalqining  tadbirkorligini anglatib turadi.

 Sayru sayohat, dunyo kezish, yangi doʻstlar orttirish yaxshi. Biroq ona tuproqqa samolyot qoʻnganidagi yurak hapriqishi, uyga intilish hammasidan goʻzal tuygʻu. Yurtdan ulugʻ, yurtdan buyuk, ona tuproqdan aziz nima bor dunyoda! Ollohim  bor faqat. Oʻzga yurtlarda Oʻzbekistonni ardoqlab, oʻzbek milliy qadriyatlarini ulugʻlab, risqini topib yurgan kishilarga ham Ollohdan omonlik soʻrab qolamiz.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.