Bugungi kunda koʻpchilik mamlakatlarda taʼlim, ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy-texnik kadrlar salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot sohasining moddiy-texnika zahiralarini rivojlantirish eng asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda.
Xoʻsh, bugun Oʻzbekistonda ilm-fanga qanchalik sarmoya kiritilmoqda? Mamlakatning ilmiy-texnik mutahassislarni tayyorlash, ularning ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlashga qay darajada ahamiyat berilyapti?
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fan sohalari boʻyicha doktorantlar tayyorlovchi muassasalar va doktorantlar soni yuqori surʼatda oʻsib bormoqda.
Oʻzbekiston davlat statistika qoʻmitasi hisobotiga koʻra, 2016 yilda doktorantlar tayyorlovchi muassasalar soni 128 tani tashkil etgan boʻlib, bu 2000 yilga nisbatan 1,6 barobarga koʻp demakdir. 2016 yilda doktorantlarni tayyorlovchi muassasalarning 65 tasini ilmiy institutlar, 63 tasini oliy taʼlim muassasalari tashkil qilgan.
Doktorant sifatida oʻqiyotganlar soni esa 2016 yilda 2000 yilga nisbatan 4 barobarga oshgan va 334 nafardan 1370 nafarga yetgan.
Ilmiy tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlanmalari bilan shugʻullanadigan tashkilotlar soni 2016 yilda 2000 yilga nisbatan 19 taga koʻpayib, 437 tani tashkil etgan. Ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari bilan band boʻlgan tadqiqotchi mutaxasislar soni 2016 yilda 2000 yilga nisbatan 27,4 foizga ortib, 31966 nafarga yetgan.
Ilmiy muassasalar tomonidan oʻz kuchi bilan bajarilgan ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini moliyalashtirish manbasi tarkibida ham jiddiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Xususan, oʻz kuchi bilan bajarilgan ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalar xarajatlariga 2000 yilda 11210,5 million soʻm, 2016 yilda 428485,5 million soʻm ajratilgan. Shu bilan birga, 2000 yilda bajarilgan ilmiy tadqiqot ishlarini moliyalashtirishga asosan buyurtmachi mablagʻlari (jami xarajatlarning 44,3 foizi) jalb qilingan boʻlsa, soʻnggi yillarda ilmiy tadqiqot ishlarini moliyalashtirishda koʻproq davlat byudjeti mablagʻlari (57,7 foizi) va oʻz mablagʻlaridan (22,3 foizi) foydalanilmoqda. Bundan tashqari ilmiy tadqiqot ishlarini moliyalashtirishda xorijiy manbalar va byudjetdan tashqari fondlar mablagʻlaridan foydalanish ham sezilarli ortgan.
Xoʻsh, bu koʻrsatkichlar boshqa davlatlar misolida qanday aks etadi? UNESCO hisobotini qiyosiy tahlil etadigan boʻlsak ayon boʻladiki, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, umuman, ilm-fan, texnologiya va innovatsiyaga mablagʻ ajratish, moliyalashtirish koʻrsatkichiga koʻra jahonda Isroil birinchi oʻrinda boʻlib, yalpi ichki mahsulot ulushining 4.3 foizini tashkil etadi. Undan keying oʻrinlarda Korea Respublikasi (4.2%), Shvetsariya (3.4%), Shvetsiya (3.3%), Yaponiya (3.1%) yetakchilik qiladi. AQSHda esa 2.7%, Kanadada 1.6% ajratilgan.
Oʻzbeksitonda esa oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim, ilmiy xodimlar, tadqiqotchi-mutaxassislar va ularning ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini moliyalashtirish darajasi jahonda eng past koʻrsatgichlarda yaʼni yalpi ichki mahsulot ulushining atigi 0,20 foizini tashkil etadi.
Jahonda ilm-fan, tadqiqot bilan shugʻullanayotgan tadqitotchi, olimlar mamlakat aholisining necha foizini tashkil etadi? Yana UNESCO tashkilotining hisobotiga eʼtibor bersak, isroilliklar eng koʻp ilm-fan, tadqiqot bilan shugʻullanishi ayon boʻladi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, bu mamlakatda toʻliq ish soati ekvivalenti hisobida har bir milliondan 8250 kishi ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar bilan shugʻullanadi. Keyingi oʻrinlarda esa Daniya (7515), Shvetsiya (7153), Shimoliy Korea (7113) va Singapur (6730) turadi. Lekin shunday boʻlsa-da, aholisi jihatdan koʻp boʻlganligi sababli umumiy hisobda ilm-fan bilan shugʻullanuvchi tadqiqotchi va olimlari eng koʻp boʻlgan mamalakatlarga Xitoy, AQSH, Rossiya kiradi. Oʻzbekistonda esa toʻliq ish soati ekvivalenti hisobida har bir million kishiga 496 nafar tadqiqodchi va olimlar toʻgʻri keladi.
“Mustaqillik yillarida yurtimizda tadqiqotchi va olimlarga keng koʻlamli ilmiy izlanishlarni amalga oshirishlari uchun yetarli darajada eʼtibor berilmagan. AQSHning eng nufuzli universitetlaridan birida tahsil olgan oʻzbekistonlik sifatida aytishim mumkinki, AQSH dunyoda eng koʻp xorijlik talabalar tahsil oluvchi mamlakat sanaladi. Bu yerda oliy taʼlimga ham, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim, ilmiy tadqiqotlarga ham katta mablagʻ ajratiladi. Masalan, birgina Jon Xopkins universiteti turli ilmiy tadqiqot ishlari, loyihalari va dasturlariga 2016 yilda 2,43 million dollar ajratgan boʻlsa, Pensilvaniya universiteti 2017 yilda 1,37 million dollar sarflangan. Doktorantlar, oʻqituvchi-professorlarga ham ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyatlar beriladi. Ochiqchasiga aytganda, oliygohlarda ortiqcha topshiriq va pedogogik yuklamalar mavjud emas”, – deydi AQSHning Jorj Vashington universitetida Biznes boshqaruvi boʻyicha magistraturada tahsil olib qaytgan oʻzbekistonlik Nabijon Togʻayev.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytadigan boʻlsak, bugun yurtimizda ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini moliyalashtirish darajasini yanada oshirish, innovatsion, nazariy va eksperimental tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot ishlarining sifat va samaradorligini yaxshilash, tadqiqotchi va olimlarga keng koʻlamli ilmiy izlanishlarni amalga oshirishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratish ehtiyoji juda zarur.
Oydin SAʼDULLAYEVA