Bugungi kun Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida qatnashayotgan delegatsiyamizga yana bir quvonchli daqiqalarni armugʻon qildi. Yaponiyaning sport maydonida Oʻzbekiston gimni yangradi. Ogʻir atletikachimiz Akbar Joʻrayev Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida munosib ishtiroki bilan yurtimiz jamoasi hisobiga oltin medalni qoʻshib qoʻydi.
Dast koʻtarish mashqida 193 kg natija qayd etib, raqobatchisi armanistonlik Simon Martirosyandan 2 kg ortda qolayotgan Joʻrayev siltab koʻtarish mashqi yakunida raqibini katta farq bilan ortda qoldirib delegatsiyamiz hisobiga oltin medal qatori Olimpiada rekordini ham qoʻshib qoʻydi. Umumiy natija 430 kg!
Joʻrayev dast koʻtarish mashqini 193 kg bilan yakunladi va asosiy raqobatchisidan 2 kg ortda qolayotgan edi. Biroq siltab koʻtarish mashqida 237 kg toshni koʻtarib, Olimpiada rekordi va oltin medalini qoʻlga kiritdi.
Ogʻir atletika, -109 kg:
1. Akbar Joʻrayev (Oʻzbekiston) – 430 (193+237) kg Olimpiada rekordi;
2. Simon Martirosyan (Armaniston) – 423 (195+228) kg;
3. Arturs Plesniyeks (Latviya) – 410 (180+230).
Qayd etish joiz, Rio-2016 Olimpiya oʻyinlarida Ruslan Nurudinov oltin medal yoʻlida aynan ushbu armanistonlik atletni ortda qoldirgan edi. Eslasangiz, oʻshanda u ham siltab koʻtarish mashqida 237 kg toshni koʻtarib, Olimpiya rekordini qayd etgan. Bu gal Joʻrayev ham siltab koʻtarish, ham ikki kurash (430 kg) yoʻnalishi boʻyicha Olimpiada rekordchiga aylandi!
Ushbu muvaffaqiyatdan soʻng delegatsiyamiz hisobidagi medallar 2 ta oltin va 1 ta bronzani tashkil etmoqda. Bu bilan Oʻzbekiston umumjamoa hisobida 27-pogʻonaga koʻtarildi!
GUJUM.UZ cayti tahririyati Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasini, Akbar Joʻrayev va uning yaqinlarini, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasini, barcha muxlislarni qutlaydi. Olimpiadaning qolgan kun dasturlarida qatnashadigan vakillarimizga ham chiroyli gʻalabalar nasib qilishini tilab qoladi.