Super ogʻir vazn toifasida Olimpiada oltin medali uchun jang qilgan bokschi Bahodir Jalolov Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarining final bahsida amerikalik Richard Torresga qarshi jang qilib, oʻzining aniq va kuchli zarbalari bilan raqibini ojiz qoldirdi. Delegatsiyamiz hisobiga yana bir oltin medalni qoʻshib qoʻydi.
Shu bilan delegatsiyamizning Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida jamgʻargan medallari soni 3 ta oltin va 2 ta bronzani tashkil etmoqda.
Eslatib oʻtamiz: Hindistonlik Satish Kumarga qarshi kechgan jangda Bahodir Jalolov yaqqol ustunlik bilan gʻalaba qozonib, yarim finalga yoʻl olgandi. Yarim final bahsida esa britaniyalik bokschi Freyzer Klarkni dogʻda qoldirdi.
Olimpiya maydonida Oʻzbekiston gimnini yangratgan ushbu gʻalaba sohibi bilan butun oʻzbek xalqi, jumladan tahririyatimiz aʼzolari ham faxrlanadi! Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasini, Bahodir Jalolov va uning yaqinlarini, Oʻzbekiston boks federatsiyasini, hamda, bellashuv maydoniga koʻz tikib omad tilab turgan barcha muxlislarni ushbu gʻalaba bilan tabriklaymiz. Yasha, oʻzbek oʻgʻloni, onangni bergan sutini, otang oʻgitini, ustozlar mehnati-yu gʻamxoʻrligini, yurt ishonchini oqlab, Oʻzbekistonni sharaflading! Xalqona qilib barakat top deymiz.
GUJUM.UZ