Tokio-2020: Olimpiya sport turlari boʻyicha yetakchi davlatlar!

0
337
marta koʻrilgan.

Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarining yakuni boʻyicha bir qator qiziqarli dalillarni eʼtiboringizga havola qilishda davom etamiz. Bu gal sport turlari boʻyicha qaysi mamlakat yetakchilik qilgani haqida maʼlumot beramiz.

Boks

Bu borada yetakchilik Kuba jamoasiga nasib etdi. Ular 4 vazn toifasida finalga chiqqan boʻlishsa, barchasida gʻalaba qozonishdi. Bu esa hech shubha yoʻqki, birinchilikni ularga taqdim qildi. Oʻzbekiston va Bolgariya jamoalari 1 tadan oltin medal bilan sakkizinchi pogʻonadan joy olishdi. Nasib qilsa, hali Parij-2024 Olimpiadasida yetakchilikni qaytarib olamiz.

Taekvondo

Bu galgi Olimpiya oʻyinlarida ushbu sport turida oltin medallarning tarqalish geografiyasi juda keng boʻldi. Eng qizigʻi, taekvondo vatani hisoblanmish Koreya Respublikasi birorta ham oltin medal ololmadi. Faqat Rossiya Olimpiya qoʻmitasi vakillarigagina 2 ta oltin medal nasib qildi. Ulugʻbek Rashitovning oltin medali bizni toʻrtinchi pogʻonaga olib chiqdi.

Ogʻir atletika

Bu borada xitoylik atletlar yakka peshqadam boʻlishdi. Ishtirok etgan 8 sportchisidan 7 tasi chempionlikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 1 nafari kumush medal bilan taqdirlandi. Biz esa Akbar Joʻrayevning Olimpiada rekordi bilan kuchli beshlikdan joy oldik.

Sport kurashlari

Ushbu sport turida ayollar kurashidagi ustunlik musobaqa mezbonlarini birinchi oʻringa koʻtarib yubordi. Yetakchilar qatoridan ROQ va AQSH vakillari ham joy olishdi. Oʻzbekiston termasi Bekzod Abdurahmonovning shohsupaga koʻtarilgani evaziga medalchilar qatorini yakunlab turibdi.

Dzyudo

Yapon milliy sporti oʻz uyidagi Olimpiya oʻyinlarida yana bir bor qayta tugʻilgandek boʻldi. “Nippon Budokan” arenada oʻtgan bellashuvlarda Davlat Bobonovning gʻalabasi bilan davlatimiz bayrogʻi koʻtarildi. Olimpiadaning har qanday medali qimmatli. Muhimi, 200 dan ortiq qatnashchi davlatlar orasida medal ololgan 26 davlat orasida biz ham bormiz.

Suzish

Olimpiya oʻyinlarida eng koʻp medallar jamgʻarmasi oʻynaladigan sport turlaridan biri. Unda AQSH vakillarining ishtiroki ushbu delegatsiyaning umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritishida (11 ta oltin) ulkan hissa qoʻshdi. Ikkinchi oʻrin 9 ta oltin medalga sazovor boʻlgan Avstraliyaga nasib etgan boʻlsa, kuchli uchlikni 4 ta oltin medal bilan Buyuk Britaniya yakunlab berdi.

Yengil atletika

Shuncha sport turlari haqida gapirganda “Sport qirolichasi”ni yoddan koʻtarish mumkin emas. Kutilganidek, bu dasturda ham AQSH yetakchilik qildi. Ushbu sportda oxirgi medali London-2012, soʻnggi oltin medali Pekin-2008 Olimpiadasiga toʻgʻri keladigan italiyaliklar bu gal 5 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgani oʻzlari uchun ham kutilmagan gʻalaba boʻldi, deyish mumkin. Kuchli uchlikni keniyaliklar yakunlab berishdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.