Trampning oʻrnini qizi egallashi mumkinmi?

0
245
marta koʻrilgan.

AQSHda prezidentning qizi va uning maʼmuriyatining xodimi Ivanka atrofida shov-shuv koʻtarildi. U Xillari Klinton xatosini takrorlab, shaxsiy pochtasi orqali yuzlab xizmat xatlarini yubordi.  

Oq uy rahbarining oʻzi bunday harakatlarni yoqlamaydi, lekin u oʻz qizini oqladi. Bu holat, kelajakda prezidentlik lavozimini egallashni istayotgandek koʻrinayotgan Ivankaning obroʻsiga qanday taʼsir qiladi. RIA Novosti buni tahlil qildi. 

“AQSH prezidentining qizi va maslahatchisi Ivanka Tramp 2017-yilda shaxsiy elektron pochta manzilidan yuzlab xizmat xatlarini yubordi va shu bilan Oq Uyning qoidalarini buzdi” — Amerika gazetasida chop etilgan bu maʼlumot bir necha daqiqada dunyo ommaviy axborot vositalarida tarqalgan. 

Shaxsiy elektron pochta orqali Ivanka oʻz hamkasblariga murojaat qilgan. Uning vakillari esa, tezda barcha xabarlarni Oq Uy arxivlariga yetkazishgan va ular unchalik muhim emasligini, balki maishiy mavzular haqida ekanligini taʼkidlashgan. 

Biroq, Trampning raqiblari darhol tarixiy dalillarni keltirib, prezidentning qizi Xillari Klinton uslubida “Oq uy” qoidalarini buzganlikda ayblashdi. Tramp ham “ochiqchasiga ikkiyuzlamachilik” uchun tanqid qilindi. Saylov kampaniyasi vaqtida u Klintonni davlat kotibi sifatida shaxsiy pochtasidan ish yozishmalarini joʻnatgani uchun uchun qattiq qoralab, bahs davomida hokimiyatga keladigan boʻlsa, uni qamoqqa joʻnatishni vaʼda qilgandi. 

Ushbu janjal Klinton prezidentlik poygasini yutqazishida muhim rol oʻynadi. Bu safar vaziyat boshqacha. Tramp, qizini himoya qilish uchun, ularni butunlay boshqacha holatlar deb daʼvo qilmoqda: Xillari pochta orqali xatlarni hukumatga tegishli masalalarni muhokama qilish uchun ishlatgan va ommaviy axborot vositasida xabar paydo boʻlgunga qadar serverdan 33 mingdan ortiq xatni oʻchirib tashlagan. Ivanka sirlarga tegmadi va hech narsani yoʻq qilmadi — barcha xabarlar Prezident arxivida saqlandi. 

Ivanka Trampning surati bolalikdan boshlab, doimo jamoatchilik eʼtiborida boʻlgan.

1981-yilda, magnat Donald Tramp va uning rafiqasi Chexiyalik model Ivana oilasida qiz tugʻildi. Tugʻiliboq, otasining sevimlisiga aylangan qizga onasining ismi berildi. 

Ivanka, bolaligida otasining ofisida oʻynashni yaxshi koʻrar, uning hamkorlari bilan shartnoma tuzishini tinglardi. Qiz oʻn yoshligida oila ajrashdi. Oʻsha paytda ommaviy axborot vositalari u haqda birinchi marta gaplasha boshladilar. 

Yoshligida Ivanka model boʻlishga intildi, ammo u hech qachon oʻqishni toʻxtatmagan. Nufuzli Uorton biznes maktabida u eng yaxshilar qatorida edi. Boyvuchcha ota-onalarning farzandlari boʻlgan talabalarning koʻpchiligi kayfi safoga berilgan turmush tarzini kechirishgan boʻlsa, Ivanka kitoblar bilan vaqt oʻtkazgan. 

Iqtisodiyot fakultetini tugatgach, u millionerlardan birining quruvchi kompaniyasida ishladi, bir yil oʻtib esa otasining shirkatiga ishga oʻtadi. Bu yerda u ikki yil ichida qurilish va taʼminot boʻyicha vitse-prezident lavozimiga koʻtariladi. Tramp unga eng jiddiy loyihalarni ishonib topshiradi va eng qiyin muzokaralarni ishona boshlaydi. 

Ivanka boshqargan kompaniyalar tezda daromadini oshirib boradi. “Yetakchilik fazilatlariga ega zamonaviy kuchli ayollar” uchun zeb-ziynatlar va keyinchalik kiyimlar va sumkalar markasi anchayin mashhurlikka erishdi. 

Qizning shaxsiy hayoti ham muvaffaqiyatli kechmoqda. 2007-yilda, biznes uchrashuvlarning birida uni Nyu-Yorkdagi taniqli shaxsning oʻgʻli Jared Kushner bilan tanishtirildi. 

Siyosatshunoslar Trapning saylovlarda gʻalaba qozonishini taʼminlagan oq tanli ayollarning ovozini olishiga aynan “Ivanka effekti” sabab boʻlganini istisno etishmaydi. Oq uyga koʻchishdan oldin Tramp “qiziga uning maʼmuriyatida joy koʻrmayotganini” aytgandi. Ammo, keyinchalik u oʻz fikrini oʻzgartirdi va Ivanka prezidentning yordamchisi, uning eri esa katta maslahatchi boʻldi. 

Trampning rafiqasi Melaniya Nyu-Yorkda oʻgʻli Berron bilan yashashni maʼqul koʻradi, bu vaqtda esa prezidentning qizini norasmiy birinchi ayol deb tan ola boshlashdi. U koʻpincha rasmiy safarlarda otasiga hamroh boʻladi. Oʻtgan yilning iyun oyida Gamburgdagi Katta yigirmatalik sammitining yopiq muzokaralarida Amerika yetakchisini oʻrnida ishtirok etdi. Ivankaning XXR raisi Si Szinpin va Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey oʻrtasidagi stolda oʻtirgan fotosurati butun dunyoga tarqaldi. AQSH prezidenti buni izohlar ekan, “Merkel bu haqda bilgan va bunga qarshi emasdi”, deb tushuntirdi. 

Ivankaning mashhurligi Amerika sarhadlaridan tashqariga ham chiqqan. Osiyo mamlakatlaridagi plastik jarrohlik klinikalariga “Ivankaga oʻxshash” chehra yaratishni soʻrab murojaat etuvchi mijozlar oqimi bilan duch keldi. Ivankaning besh yoshli qizi Arabella Si Szinpin va uning rafiqasi uchun Xitoyda mahalliy tilda qoʻshiq kuylagani aks etgan video esa xitoyliklar tomonidan mehr bilan qarshi olindi. 

Uning akasi Erik oʻz intervyusida, 2017 yil aprel oyida Suriyaning Shayrat aerodromida raketa hujumiga oʻtishga buyruq berishga otasini aynan Ivanka koʻndirganini taʼkidlagan edi. Ivanka esa otasining qaroriga oʻzini aloqasi yoʻqligini qayd etgan. 

Ivankaning turmush oʻrtogʻi Jared tashqi siyosatda qaynotasining alohida ishonchli vakili sanaladi, ayniqsa Yaqin sharq mamlakatlari yetakchilari bilan muzokaralarda u asosiy rolni oʻynamoqda. 

Koʻpchilik AQSH elchixonasini Quddusga koʻchirilishida aynan Ivanka va uning erini alohida xizmatlari bor deb hisoblashadi. 

Tramp qizining siyosiy faol boʻlishiga xayrixoh. U biroz avval Ivanka AQSHning BMTdagi vakili vazifasiga juda munosib ekanligini aytgandi. Lekin uni nomzodini hali koʻrsatganicha yoʻq. Ivankaning oʻzi otasi izidan boradimi yoʻqmi hozircha nomaʼlum. Biroq Tramp qizining juda jiddiy rejalari borligi shubhasiz. 

N. Toshpoʻlatova, OʻzA
 
 
 
 
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.