11 noyabr kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etdi.
Shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA), Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasi, ushbu koʻp tomonlama tuzilma Kotibiyati rahbarlari qatnashdi.
Yigʻilish kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, turizm, energetika va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Hududlar oʻrtasida fan va taʼlim, texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida tinchlik va doʻstlik ramzi, fan va maʼrifat markazi boʻlmish Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb eʼlon qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlangani uchun sammit ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi.
– Qadim turkiy zamin ming yillar davomida Sharq va Gʻarbni tutashtirib, jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, dunyo madaniyatlarini boyitib kelgan. Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlari ortib borayotgan sharoitda eng dolzarb muammolar yechimi boʻyicha davlatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirishi nihoyatda muhimdir.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston oʻz raisligi davrida “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi hamda bugun qabul qilinayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasini samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani oʻz ichiga olgan Tashkilot nufuzini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi – tarixi, tili va madaniyati mushtarak boʻlgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yuksak pogʻonaga olib chiqish niyatida.
Oʻzbekiston rahbari Tashkilot faoliyatining chuqur tahlili asosida turkiy mamlakatlarning ulkan salohiyati va imkoniyatlarini ishga solishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik asoslarini mustahkamlash maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
– Mamlakatlarimizning oʻzaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdomizning atigi 4 foizini tashkil etadi. Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga toʻgʻri kelmoqda. Albatta, bunday holat hech birimizni qoniqtirmaydi, — deya taʼkidladi Prezidentimiz.
Bu strategik yoʻnalishda vaziyatni tubdan oʻzgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini taʼminlash uchun Tashkilot doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini”ni barpo etish tashabbusi ilgari surildi.
Ushbu maqsadga erishish uchun davlatimiz rahbari har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumini oʻtkazishni taklif etdi. Forum doirasida “davlat va biznes” formatida qoʻshma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va koʻrgazmalarni oʻtkazish katta amaliy natija beradi. Ushbu tadbirlar yakunlari boʻyicha qoʻshma dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratilgan yillik “Yoʻl xaritalari” qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Bu choralar, eng avvalo, oʻzaro savdoni keskin oshirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, qoʻshilgan qiymat uzluksiz zanjirlarini yaratish, yuqori texnologik klasterlar va venchur shirkatlarni tashkil etishga qaratiladi.
Kun tartibidagi yana bir strategik ahamiyatga ega boʻlgan dolzarb masala – bu transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish.
– Biz Transkaspiy xalqaro koridori haqida koʻp gapirayapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Transport vazirlari asosiy eʼtiborni mintaqamizdagi tranzit koridorlarining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratgan holda yil oxiriga qadar qoʻshma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishi taklif etildi.
Bu yil Toshkentda oʻtkazilgan Birinchi Turkiy agroforum oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida nihoyatda katta salohiyat borligini yaqqol koʻrsatgani taʼkidlandi.
– Tashkilotimizning nafaqat oʻz mamlakatlarimizni, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash imkoniyati bor, — dedi Oʻzbekiston rahbari.
Shu maqsadda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish samarali tizimini yaratish boʻyicha Tashkilot doirasida koʻp tomonlama bitim qabul qilish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bilan keng qamrovli sheriklikni oʻrnatish, Turkiy agroforumni muntazam oʻtkazib borish va uning ikkinchi anjumanida “aqlli” qishloq xoʻjaligi xalqaro koʻrgazmasini oʻtkazish lozim.
Prezidentimiz yosh avlodni har tomonlama ragʻbatlantirish, ularning isteʼdod va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish maqsadida boshlagan xayrli ishlar izchil davom ettirilishini taʼkidladi.
Kelgusi yili yurtimizda Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini oʻtkazish taklif etildi. Uning doirasida innovatsiya va taʼlim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli oʻgʻil-qizlarimiz, Tashkilotimiz oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
– Bu ishlarimizga tizimli tus berish va natijadorlikni taʼminlash maqsadida Tashkilot Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimini joriy etish ayni muddao boʻlar edi, — deya taklif bildirdi mamlakatimiz yetakchisi.
Yana bir ustuvor yoʻnalish – mintaqamizda xavfsizlikni ishonchli taʼminlash. Terrorizm, ekstremizm, yoshlarning radikallashuvi, odam savdosi, narkotrafikka qarshi kurashish, jamoat va kiber-xavfsizlikni taʼminlash sohalarida huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlarimiz doimiy aloqada boʻlishi hamda hamkorlikni kuchaytirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
– Eʼtiboringizni yana bir dolzarb masalaga qaratmoqchiman. Bugungi kunda yon qoʻshnimiz Afgʻonistondagi murakkab vaziyat barchamizni albatta jiddiy tashvishga soladi. Bu mamlakatdagi mavjud ahvolni ijobiy tomonga oʻzgartirish masalasi hech qachon nazarimizdan chetda qolmasligi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugun Oʻzbekiston Turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻldi. Kelgusi yilda esa tashkilotning 30 yilligini nishonlash doirasida Turkiy xalqlar madaniyati festivali oʻtkaziladi.
Yaqinda yurtimizda Tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” toʻplami oʻzbek tilida nashr qilindi.
– Ushbu bebaho maʼnaviy xazinani barcha aʼzo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etsak, qardosh ellarimizni, avvalambor, yosh avlodlarimizni oʻzaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratgan boʻlar edik, – dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini yangi sifat bosqichiga koʻtarish, uning nufuzini yanada oshirish va hamkorlik salohiyatini toʻliq ishlatish maqsadida bu tuzilmada institutsional islohotlar oʻtkazishni taklif etdi.
Ustuvor yoʻnalishlar boʻlgan siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiya, transport, qishloq xoʻjaligi, energetika, axborot texnologiyalari, turizm, innovatsiya va taʼlim, tibbiyot, yoshlar va boshqa sohalar boʻyicha vazirlar darajasida alohida qoʻmitalar tuzish taklifi bildirildi.
– Ularning faoliyatiga ekspert va olimlarni, jamoatchilik va xususiy sektor vakillarini faol jalb etilishi katta samara berishi shubhasiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, Kotibiyatning oʻrni va taʼsirini oshirish uchun kelgusi sammitda uning yangi tuzilmasini tasdiqlash, davlat rahbarlari tomonidan qabul qilinayotgan barcha qaror va hujjatlarning qatʼiy nazorat tizimini kuchaytirishga tashkilotning Oqsoqollar kengashini jalb etish boʻyicha tashabbuslar ilgari surildi.
– Turkiy dunyomizning havas qilsa arziydigan buyuk tarixi, ulugʻ ajdodlari va beqiyos boyliklari bor. Va men ishonaman, turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda. Bu kelajakni, hech shubhasiz, mehnatkash, bagʻrikeng va olijanob xalqlarimiz bilan birgalikda yaratamiz. Koʻhna Samarqand shahridagi sammitimiz esa turkiy dunyo sivilizatsiyasining zamonaviy tarixida yangi yuksalish bosqichini boshlab beradi, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti soʻzining yakunida.
Yigʻilish natijalari boʻyicha Tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi lavozimiga Kubanichbek Omuraliyev nomzodini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.