Turkiy dunyo mukofotlari topshirildi

0
131
marta koʻrilgan.

Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunida mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yigʻilish yakunlariga qisqacha toʻxtalib, unda juda muhim qaror va kelishuvlarga erishilganini taʼkidladi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklikni mustahkamlashda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan hamda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning alohida hissasi borligi qayd etildi. Shu munosabat bilan ularni Turkiy dunyoning oliy ordeni bilan taqdirlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Rejep Tayyip Erdogʻan va Gurbanguli Berdimuhamedovga bu mukofotlarni Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilgan. Uning ilk sohibi turkiy dunyo birligiga qoʻshgan hissasi uchun buyuk adib va jamoat arbobi, ulugʻ gumanist Chingiz Aytmatov boʻldi.

Bu mukofot Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga topshirildi.

Rejep Tayyip Erdogʻan, Gurbanguli Berdimuhamedov va Sadir Japarov mukofotlar uchun minnatdorlik bildirib, Samarqand sammiti juda samarali, xalqlarimiz uchun manfaatli boʻlganini taʼkidladi.

Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishida Oʻzbekiston yetakchisi  turkiy dunyoni yanada yaqinlashtirish va ulkan salohiyatini toʻliq ishga solishga qaratilgan muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Sammit yakunida yetakchilar Samarqand deklaratsiyasi va boshqa bir qator hujjatlarni imzoladilar, Registon majmuasida daraxt ekdilar. 

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga amaliy safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.