Turkmaniston Davlat muzeyi direktori Meretgeldi Choriyevning soʻzlariga koʻra, muzey fondida 19-asr oxiri va 20-asr boshlariga oid ayollar zargarlik buyumlarining toʻliq toʻplamini aks ettiruvchi oltin bilan qoplangan kumushdan yasalgan rang-barang zargarlik buyumlari saqlanmoqda.
Ushbu toʻplamlar taqdimoti Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatining VII Xalqaro kongressining “Merosning yangi qirralarini kashf etish: Oʻzbek kolleksiyalari jahon toʻplamlarida” xalqaro konferensiyasi doirasida boʻlib oʻtdi.
Toʻplamdagi buyumlar oʻzining rang-barangligi, shakllarga boyligi, koʻp sonli marjonlari, ziraklari va eng nozik qadama naqshlari bilan ajralib turadi.
Tadqiqotlarga koʻra, ashyolar Xiva xoni xazinasidan boʻlib, Xorazm mahsulotlari kolleksiyasining oʻzi esa 1928 yil 20 sentyabrda Turkmaniston Davlat muzeyi fondiga kirgan. Bu ashyolar hukumat qarori bilan oʻsha paytdagi milliy Respublikalar boʻylab taqsimlangan va Toshkentdan hukumat vagonlarida joʻnatilgan.
— Toʻplamda “manglay-duzi», «bosh-duzi” peshona bezaklari, turli tumorlar va boshqa koʻp noyob buyumlar mavjud. “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidagi toʻplamning nashr etilishi hozircha kam oʻrganilayotgan ayrim zargarlik buyumlarining atributini yaʼni oʻziga xos xususiyatlari, belgi, alomatlarini aniqlash va izohlashga yordam beradi va Xorazm zargarlik sanʼati haqida toʻliqroq tushunchaga ega boʻlamiz, deb umid qilamiz”, — deya taʼkidladi M.Choriyev.
Ushbu toʻplam, albatta, Butunjahon jamiyatining VII Xalqaro kongressining “Merosning yangi qirralarini kashf etish: Oʻzbek kolleksiyalari jahon toʻplamlarida” xalqaro konferensiyasi faoliyatining ahamiyatini ifodalab turibdi.