Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy almashuvlar rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Varshavada Polsha – Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi roʻyxatdan oʻtdi. Bundan koʻzlangan maqsad ikki mamlakat ishbilarmonlarining oʻzaro amaliy aloqalarni oʻrnatishlari hamda biznes sheriklarni topishlariga koʻmak koʻrsatish bilan izohlanadi.
Polshalik taniqli biznesmen, 10 yildan koʻproq vaqtdan buyon oʻzbekistonlik sheriklar bilan toʻqimachilik sohasida hamkorlik qilib kelayotgan “KOPAXP.K.” kompaniyasining rahbari Petr Kozlovski ushbu qoʻshma Savdo-sanoat palatasining raisi etib saylandi.
Palata tuzilishi bilan bogʻliq shart-sharoitlar haqidagi fikrlarini oʻrtoqlashar ekan, polshalik tadbirkor Oʻzbekistonning hozirgi iqtisodiy yoʻli, oʻzaro hamkorlik uchun barcha toʻsiqlarning bartaraf etilgani va toʻlaqonli tashqi savdo uchun imkoniyatlar yaratilgani, shuningdek, Polshaga oʻzbek eksporti hajmlarining keskin oshib borayotgani hamda qoʻshma korxonalar soni tobora ortayotgani uni taʼsis etishga xizmat qilganini alohida taʼkidladi.
-Dolzarb iqtisodiy masalalarni muhokama etish, tadbirkorlik faoliyatidagi dolzarb muammolar boʻyicha konstruktiv nuqtai nazarlarni ishlab chiqish hamda kichik va yirik korxonalarning muvaffaqiyatli tajribasini targʻib qilish palata oldida turgan asosiy maqsadlardan biri boʻladi, — dedi u. — Qoʻshma Savdo-sanoat palatasi sanoat, ichki va tashqi savdo, qishloq xoʻjaligi, moliya tizimi, xizmatlar va boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgani holda kichik, oʻrta va yirik biznes manfaatlari yoʻlida ish olib boradi.
Palata birgalikdagi oʻzbek – polsha biznesi shaffof va ijtimoiy masʼuliyatli boʻlishiga intiladi. U yirik iqtisodiy va sarmoyaviy forumning tashkilotchilari hamda faol ishtirokchilaridan biri boʻladi.
-Tashkil etilgan ushbu palataning missiyasi Polsha va Oʻzbekiston kompaniyalariga oʻz sheriklari sonini koʻpaytirish imkoniyatini yaratadi, — dedi mazkur Savdo-sanoat palatasi Bosh direktori Yasek Mixalski. — Oʻzbekistonda ishlab chiqarish korxonalarini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, ularni modernizatsiyalash, moliyaviy barqarorligini hamda raqobatbardoshligini oshirishga yoʻnaltirilgan faol sarmoyaviy siyosat hayotga tadbiq etilayotgani tufayli ushbu mexanizmni tuzish mumkin boʻldi. Oʻzbekistonda shakllangan ishbilarmonlik muhiti palatamizning samarali faoliyati uchun ragʻbat boʻlib qoladi.
Manba: “Jahon” axborot agentligi