Vashingtonda oʻzbekning atlas va adrasi koʻrgazmasi

0
747
marta koʻrilgan.

Shu kunlarda Vashingtonning Smitsonian Osiyo sanʼati muzeyida oʻzbek atlasi va adrasining koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.

Qadimda oʻzbekning milliy atlas-u adraslari eng goʻzal va hashamatli matolardan hisoblangan. Keyinchalik uni tayyorlash texnikasi maʼlum muddat unutib yuborildi. Shukrki, tarixi qadim davrlarga mansub atlas  va adras toʻqish sanʼati soʻnggi yillarda yana qayta tiklanib, nomi nafaqat yurtimizda balki, jahon miqyosida taralayotganining guvohi boʻldik.

Koʻrgazmada Markaziy Osiyo xalqlarining atlas va adraslarining muxlisi – umrini mazkur matolarni oʻrganishga, targʻib qilishga va namunalar yigʻishga sarflagan Garvard universiteti olimi Oskar Guido Goldman hamda amerikalik dizayner De La Rentalar tomonidan taqdim etilgan atlas va adras kiyimlar, shu bilan birga mazkur matolardan namunalar namoyish etilgan.

Oskar Guido Goldman taqdim etgan namunalar 1800-1900 yillarda Buxoro, Samarqand, Fargʻonada toʻqilgan qadimiy matolar boʻlsa, De La Renta taqdim etgan namunalar esa dizaynerning oʻz ijodiga tegishli boʻlgan zamonaviy atlasu adraslardan tikilgan kiyimlardir.

Oskar Guido Goldman asli siyosatshunos olim, lekin oʻzbek milliy atlaslarining ashaddiy muxlisidir. Shu sabab umri davomida Markaziy Osiyo xalqlarining atlas va adraslarining turli turlarini yigʻib kelgan. Umuman, umri davomida toʻqimachilik sanʼatining mana shu yoʻnalishini targʻib va tashviqotiga katta hissa qoʻshgan boʻlib, hatto joriy yilning mart oyida Markaziy Osiyo atlasini rivojlantirish yoʻnalishida toʻqimachilik sanʼatini yuksaltirishga qoʻshgan hissasi uchun xalqaro miqyosda tan olingan Jorj Xyuit Mayrs mukofotini  qoʻlga kiritdi. 

Oʻz vaqtida Amerika modelerlar kengashi prezidenti, oʻnlab mukofotlar egasi, Jaklin Kennedidan boshlab Xillari Klintongacha boʻlgan AQSHning birinchi xonimlari shaxsiy modeleri sifatida faoliyat yuritgan nomi dunyoga mashhur De La Renta (1932-2014) esa 2005 yildagi asarlar toʻplamida oʻzbekning milliy matolaridan foydalanganida juda koʻplab muxlislarning eʼtirofiga sazovor boʻlgandi. Ana shundan beri atlas naqshlari De La Renta va boshqa jahon dizaynerlarining asarlarida (masalan, Roberto Kavalli, Naem Xan, Farax Angsana) tez-tez qoʻllanila boshlandi. Bugun dunyoda atlas-adras naqshi tushirilgan kiyim-kechaklar, gilamlar, koʻrpa-yostiq, choynik, kosa, finjon kabi uy jihozlari, maishiy qurollarini tez-tez uchratish mumkin.

“Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo xalqlarining milliy matosi jahon ahli orasida ancha keng tanildi. Hozir atlas va adraslarning naqshi tushirilgan matolar, maishiy buyumlar, uy jihozlarini dunyoning barcha barchaklaridan topish mumkin. Lekin, afsuski, uni kelib chiqishi tarixini, turlarini, yaratilish jarayoni haqida juda ozchilik biladi”, — deydi Garvard universitetida Islom sanʼati boʻyicha tadqiqot olib borgan, bir necha kitoblar muallifi Artur Sakler hamda Frier sanʼat galereyalariga Islom sanʼati yoʻnalishi rahbari Maʼsuma Farxod. 

Ha, darhaqiqat, oʻz vaqtida tariximiz haqiqatini buzib koʻrsatish, soxtalashtirish, obroʻsizlantirish, milliy sanʼat va madaniyatimiz, qadriyatlarimiz, tilimizni xalq ongidan oʻchirishga qaratilgan siyosatlar oʻtkazilgan. Ayni kunda bunday koʻrgazmalarning tashkil etilishi oʻzbek xalqining milliy sanʼati, madaniyati va qadriyatlarini dunyoda keng targʻib qilishga munosib hissa qoʻshadi. Shuningdek, dunyo ahli orasida nafaqat milliy matolarimiz, balki atlas naqshi tushirilgan turli uy jihozlari, maishiy buyumlarni urfga kirishiga ham xizmat qiladi.

Oʻzbekning milliy matosi jahonda qanchalik qadr topayotganining guvohi boʻlganimizda, boshimiz osmonga yetdi. Balli, oʻzbek  hunarmandchiligining bebaho namunasini yaratib ajdodlardan avlodlarga oʻtkazayotgan kishilarimizga! Qalbimni nur-u gʻururga toʻldirgan oʻzbekning amaliy sanʼati umring bardavom boʻlaversin!

Oydin Saʼdullayeva,
Gujum.uz internet nashrining Vashingtondagi muxbiri

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.