“Prague International Chess Festival-2024″ turnirida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Nodirbek Abdusattorov Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Chexiya poytaxti Pragada dunyoning eng mahoratli 10 nafar shaxmatchilari bilan bahs olib borgan Nodirbek Abdusattorov musobaqa tugashiga 1 tur qolganda muddatidan oldin gʻoliblikka erishdi. Mazkur gʻalaba bilan onlayn shaxmat reytingining eng kuchli toʻrt nafar shaxmatchisidan biri nomiga musharraf boʻldi.
Mamlakatimizning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshgan Abdusattorov Praga musobaqalari davomida oʻtkazilgan 9 ta turning 5 tasida gʻalabaga, 3 tasida durangga va 1 tasida magʻlubiyatga uchradi.
Oʻyinlar davomida mahoratli shaxmatchilar Tai Dai Van Nguyen, David Navarra, Mateush Bartel, Vinsent Keymer va Parham Magsudludan ustunligini namoyish etgan boʻlsa, Vidit Santosh Gudjrati, Dommaraju Gukesh va Richard Rapport bilan ochkolarni boʻlishib oldi. Musobaqaning 6-turida kichik xatolik tufayli faqat hindistonlik Praggnanandhaaga imkoniyatni boy berdi.
– Praga turnirida muvaffaqiyatga erishganimdan xursandman. Albatta, gʻalabaga erishishda ruhiy qoʻllov katta ahamiyat kasb etadi. Menga gʻoyibona ishqibozlik qilgan, duo qilib turgan, qoʻllab-quvvatlagan barcha-barchaga minnatdorlik bildiraman. Biz yoshlarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlar tufayli shunday yutuqlarga erishyapmiz. Albatta, oldinda hali bundanda nufuzli musobaqalar bor. Ularda ham munosib natijalarga erishishni maqsad qilganman, – dedi Nodirbek Abdusattorov.
Kutib olish marosimida Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi mutaxassislari, shaxmatchining ota-onasi, yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
T. Roʻziyev, OʻzA