Gullar payondoz boʻlib toʻshalgan, ravon yoʻllar kayfiyatni koʻtaradi, dillarni ravshanlashtiradi, yayratadi. Biroq, hayot hamisha gullardan payondoz yozib ravon yoʻlga boshlayvermaydi. Siylovi bilan sinovlari ham bor. Xitoy hukumati odamiylik sinovi oʻtkazib, kishilarning tashabbuskorlik xususiyatini, feʼl- atvorini kuzatdi.
Ular yoʻlni katta xarsang bilan toʻsib qoʻydi va chetroqqa yashirin kamera joylashtirdi. Maqsad odamlarning bu holatga qanday munosabatda boʻlishlarini kuzatish edi. Bir xitoylik savdogar yoʻlda xarsangga duch kelar ekan: – Buni kim qoʻydi ekan?! Masʼullar qayoqqa qaramoqda?! Bu razillik borasida hukumatga shikoyat qilaman! – dedi va xarsangni aylanib oʻtib ketdi.
Undan soʻng uch oʻrtoq xarsangga roʻbaroʻ keldi va uni rasmga olishdi, oʻzlari tosh yonida selfi shaklda rasmga tushishdi, kulishdi, toshni bu yerga qoʻyganni ahmoq, johil deya kalaka qilishdi va aylanib oʻtib, yoʻllarida davom etishdi!
Yana bir kishi keldi, u binokor edi. U ham vaziyatni koʻrib, shikoyat va norozilik bildirdi, soʻng xarsangni aylanib oʻtib ketdi! Shu zaylda yoʻldan oʻtayotganlar shikoyat, tanqid, kalaka qila-qila, xarsangni aylanib oʻtishda davom etishdi.
Ikki kun oʻtgach, bir dehqon yoʻldan oʻtib qoldi. U ham toshni yoʻl ustida turganini koʻrdi va hech kimga shikoyat qilmay, toshni yoʻldan olib tashlashga urina boshladi. Boshqa yoʻlovchilar ham unga ergashishdi, bir amallab toshni yoʻldan bartaraf qilishdi! Xarsang yoʻldan olib tashlangach, uning ostidan oʻn kilogramm tilla va maktub chiqdi! Maktubda shunday yozuv bor edi: – Hokimdan ushbu toshni yoʻldan olib tashlagan insonga maktub! Siz muammoni koʻrib, shikoyat qilish oʻrniga uni hal qilish yoʻlidan yurdingiz va ushbu mukofotga loyiq topildingiz! Biz siz kabi fidoyi va tashabbuskor insonlar bilan kuchli jamiyat quramiz!
Ha, doʻstlar! Koʻp muammolarning yechimi oddiy va sodda boʻladi, ammo ayrimlar oʻsha muammoni yechish yoʻlidan emas, balki undan shikoyat qilish yoʻlidan yuradi! Natijada jamiyatda muammo yechimi oʻrniga shikoyat hayqiriqlari koʻpayadi, xolos! Agar jamiyatni toza boʻlishini xohlasang, avvalo oʻz feʼl-atvoringni oʻzgartirishdan boshla, atrofingga eʼtiborli boʻl, oʻzing yurar yoʻllaringni beminnat tozalashga intil, har ishda tashabbus koʻrsat, beminnat mehnat qil, shundagina butun jamiyat toza boʻladi! Ezguliklarning ajrini esa Allohning oʻzi beradi.
Erkin Yusupov tayyorladi.