Xitoyda 600 ta bolalar bogʻchasidagi kichkintoylar bu yil yangi tarbiyachi bilan uchrashishdi. Boʻyi 60 santimetrga teng dumaloq oq boshli robot-tarbiyachining yuzida sensorli ekran mavjud.
Taʼlim sohasidagi yangi xodimga «Kiko» (Keeko) deb nom berilgan. U aqlli robot degan maʼnoni anglatadi. Uning vazifasi yosh avlodni taʼlim jarayoniga jalb qilishdir.
U bolalarga qiziqarli ertaklar soʻzlaydi, turfa maʼrifiy dasturlarning mazmun — mohiyatini gapirib beradi, Jismoniy mashqlar bajarishni oʻrgatadi. Bilimdonlikka undaydigan savol-javoblar oʻtkazadi var bola toʻgʻri javob bersa, robotning sensorli ekranida qizil yurakcha shakllari yona boshlaydi, deya xabar beriladi euronews. com saytida.
Shuningdek, ota-onalar bolalarni doimiy kuzatib turishi uchun robrt-tarbiyachiga video kamera ham oʻrnatilgan boʻlib, bu kichkintoylarning darslarda qay darajada faol ekanligini bilish imkonini beradi.
Robot 10 000 yuan (taxminan 100 ming rubl) turadi — bu Xitoy oʻqituvchisining oʻrtacha oylik maoshidir.
Robot ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlarini boshqa Osiyo mamlakatlarida sotishga ham umid qilishmoqda.
Xitoy – robotlar mamlakati
Xalqaro Robottexniklar federatsiyasining taʼkidiga koʻra, Xitoy robotlardan foydalanish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni egallaydi.
Mamlakatda 340 ming robot mavjud boʻlib, ular xaridlarni amalga oshiradilar, koʻchada keksa kishilarga hamroh boʻladilar, kasalliklarga tashhis qoʻyishadi hamda sogʻligi haqidagi maʼlumotlarni berib oʻtirishi mumkin.
Xitoy hukumati sunʼiy aqlga sarmoya kiritib, yuqori texnologiyalarni rivojlantirishga moʻljallangan «Xitoyda ishlab chiqarilgan 2025» dasturini yaratdi. Bu dasturga koʻra robotlarning soni yanada ortishi kutilmoqda.
Kamola HATAMOVA
Surat «Daily Mail» gazetasi saytidan olindi.