Italiyaning Neapol shahridagi San-Paulo stadionida XXX yozgi Universiada oʻyinlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur musobaqada 120 ga yaqin davlatdan 9000 nafarga yaqin talaba sportchilar yozgi universiada tarkibidan oʻrin olgan 18 ta sport turi boʻyicha bellashadi.
Har ikki yilda oʻtkaziladigan ushbu universiadada 42 nafar oʻzbekistonlik talabalar yengil atletika, dzyudo, taekvondo WTF, badiiy gimnastika, tennis, sport gimnastikasi, oʻq otish hamda kamondan otish sport turlari boʻyicha medallar uchun bahs olib borishadi, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi.
«Balich Worldwide Shows» tomonidan tayyorlangan ochilish marosimiga butun dunyo boʻylab 1000 nafardan ortiq ijrochi va katta isteʼdod sohiblari taklif etilgan. Loyiha negizidagi tushunchalar Universiada logotipining «U» harfiga asoslanadi. Ushbu stadion dizayni Neapolda kutilayotgan 120 dan oshiq mamlakatdan kelgan universitet sportchilariga ikki yirik qoʻl uzatib turgandek taassurot uygʻotadi.
Napoli koʻrfaziga oʻxshab, San-Paolo stadioni mehmondoʻstlik va madaniy hayotning ajoyib ramzi boʻlib qolishiga astoydil harakat qilingan.
Xalqaro universiada va olimpiadalarning eng hayajonli daqiqalari — har bir mamlakat delegatsiyasining oʻz bayrogʻini baland koʻtarib madhiya sadolari ostida chiqib kelishi. Qariyb 80 mingga yaqin muxlislar bilan toʻlib-toshgan stadionga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini, dzyudo boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida Olimpiya oʻyinlari chempioni, koʻplab xalqaro turnirlar gʻolibi Suxrob Tursunov baland tutgan holda olib kirdi. Bayrogʻimiz ortidan Vatan sharafini munosib himoya qiladigan, bahslarda oʻzbek farzandlari hech kimdan kam emasligini dunyoga yana bir karra koʻrsatadigan sportchilar, murabbiy va mutaxassislar maydonga kirib keldi.Tantali ochilish marosimida musobaqada delegatsiyamizga rahbarlik qilayotgan jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev hamda mamlakatimizning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov ishtirok etdi.