“Yuksalish” harakati ilk bor Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari reytingini eʼlon qildi

0
102
marta koʻrilgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda hamda mintaqa ekspertlari koʻmagida ilk bor “Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari” reytinggini tuzdi.  Unga Markaziy Osiyodagi 40 nafar faol ayol kiritilgan.

Reytingga kiritilgan ayollar mintaqada turli sohalarga, shu jumladan, siyosat, biznes, taʼlim, fan, sanʼat va ijtimoiy masalalarga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Nomzodlar roʻyxati shakllantirilgach, harakatning mintaqa miqyosidagi ekspertlar guruhiga taqdim etilgan. Ekspertlar nomzodlarni ham matematik, ham empirik metodlarga tayangan holda saralagan.

Saralash jarayonining birinchi bosqichida nomzodlar quyidagilarga qarab baholangan:

  • egallab turgan lavozimi va qarorlar qabul qilishga taʼsir qilish darajasi (10 ball);
  • iqtiboslarda keltirilishi va taniqliligi (10 ball);
  • ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surganligi (5 ball).

Ikkinchi bosqichda mintaqaning 300 yaqin ekspertlar ishtirokida onlayn ovoz berish jarayoni oʻtkazilgan. Ovoz bergan ekspertlar tarkibida inson huquqlari boʻyicha ombudsmanlar, mintaqaning yetakchi “aql markazlari” rahbarlari, parlamentariylar, akademiklar hamda fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bor.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, Tanzila Norboyeva Oʻzbekiston tarixida Senatga raislik qilayotgan ilk ayol. Bungacha u Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, bosh vazir oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. “Shuhrat” medali, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 2019 yilda “Eng faol davlat arbobi — Oʻzbekistonda yil odami” cifatida eʼtirof etilgan.

Roza Otunboyeva Markaziy Osiyodagi birinchi ayol prezident. Bugunda Qirgʻiz Respublikasi rivojiga koʻp tomonlama hissa qoʻshayotgan “Roza Otunboyeva tashabbusi” jamoat fondi asoschisi. U yetakchilik, diplomatiya, faol fuqarolik va xalqaro hamkorlik sohalarida 35 yildan ortiq kasbiy tajribaga ega. Fuqarolik jamiyati, davlat va xususiy sektorlar hayotini yaxshilashga qoʻshgan hissasi uchun Quvayt mukofoti bilan taqdirlangan.

Ekspertlar, shuningdek, Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi “Zamin” fondi sogʻliqni saqlash, taʼlim, ayollar, bolalar, yoshlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va qariyalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelayotganini eʼtirof etgan. Birinchi xonim xalqaro miqyosdagi yirik anjumanlar, sammitlarda faol ishtirok etib, ijtimoiy muloqotni mustahkamlashga, oʻzbek jamiyati rivojiga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Ozoda Rahmon Tojikiston hukumatida yuqori lavozimlardagi faoliyatidan tashqari, oʻzining xayriya ishlari, mamlakatda ayollar huquqlari va taʼlim sohasidagi islohotlarga taʼsir koʻrsatishi bilan tanilgan.

Qozogʻiston prezidenti huzuridagi Fanlar akademiyasi prezidenti Kunsulu Zakariyo biologiya fanlari doktori, professor, Al-Farobiy nomidagi fan va texnika sohasidagi Davlat mukofoti laureati. Olima ayol Qozogʻiston ilm-fanini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan. U COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi QazCovid-in (QazVac) vaksinasini ishlab chiqqan. 200 dan ortiq ilmiy nashrlar hamda ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar, monografiyalar, ixtirolar va meʼyoriy-texnik hujjatlar muallifi.

Myahri Byashimova Turkmaniston tashqi ishlar vazirligidagi faoliyatidan tashqari, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, yangi ekologik toza texnologiyalardan foydalanishga oid loyihalarni faol ilgari suradi, bu boʻyicha BMTning yuqori darajadagi yigʻilishlarida ishtirok etib keladi.

Umut Shayaxmetova Qozogʻistonda ayol biznes yetakchilaridan biri. U boshqarayotgan Xalq banki Markaziy Osiyodagi yirik banklardan biridir. 2023 yilda nufuzli xalqaro nashr – International Bankerʼga koʻra, Sharqiy Yevropadagi eng yaxshi bank deb topildi. Shuningdek, Qozogʻiston Olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti boʻlgan birinchi ayoldir.

Saida Mirziyoyeva Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, shuningdek, gender tengligi masalalari boʻyicha faollik koʻrsatib, xotin-qizlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi. Jamiyatdagi muammolarni koʻtarib, ayollarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga munosabatini bildirib keladi. Xalqaro minbarlarda Oʻzbekiston nomidan soʻzga chiqib, yirik taʼlimiy va madaniy, ekologik loyihalarni taqdim etmoqda.

34 yoshli Dunyogoʻzal Gulmanova Turkmaniston tarixida parlamentning eng yosh spikeri hisoblanadi. Ekspertlar uning ushbu lavozimga saylanishini mamlakat siyosiy manzarasida muhim oʻzgarishlardan darak ekanini taʼkidlagan. Oxirgi parlament saylovlari natijalariga koʻra, deputatlarning 25,60 foizini ayollar tashkil etdi. Deputatlar tarkibi sezilarli darajada yoshardi: qariyb 10 foizi 30 yoshgacha, 40,80 foizi esa 40 yoshgacha boʻlgan fuqarolardir.

Tahririyatdan: Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda eʼtiborga molik va qiziqarli reytinglarni tuzayotganini alohida taʼkidlash kerak. 

GUJUM.UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.